24 mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Kiyev shahri va Kiyev oblasti bo‘ylab o‘nlab raketalar (jumladan, ballistik raketalar) va yuzlab zarbdor dronlar, shuningdek «Oreshnik» qo‘llagan holda yopirilma zarba berdi. Bu urush boshidan buyon Ukrainaga «Oreshnik» bilan uchinchi bor hujum qilinishi bo‘ldi.

Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, Rossiya hujumda 90 ta raketa va 600 ta drondan foydalangan. Ukraina tomoni aniqlik kiritishicha, 54 ta lokatsiyada jami 16 ta raketa va 51 ta zarbdor dron kelib urilishi qayd etilgan. Zarbalarning asosiy yo‘nalishi Kiyev bo‘lgan.

Kiyevdagi rayonlardan birida Rossiya hujumi vaqtida ro‘y bergan portlash, 2026 yil 24 may
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA

Poytaxt meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida Kiyevda ikki kishi halok bo‘lib, 69 kishi yaralangan, jabrlanganlar orasida bolalar ham bor. Shundan 36 kishi shifoxonaga yotqizilgan, qolganlarga joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Ukraina poytaxtining barcha rayonlarida vayrongarchiliklar qayd etilgan; nisbatan eng keng ko‘lamlisi – Shevchenkovo rayonida. «Lukyanovskaya» metrosi atrofidagi «Kvadrat» savdo markazi hamda uning yonida joylashgan Lukyanovskiy bozori deyarli to‘liq yonib ketgan. Bu savdo obektlari «Artyom» harbiy zavodi yaqinida joylashgan bo‘lib, zavod oldin ham bir necha bor Rossiya zarbalari nishoniga aylangandi.

Kiyevda yashovchi kishi Rossiya zarbasidan keyin yonib ketgan «Kvadrat» savdo markazi yaqinida, 2026 yil 24 may
Reuters / Scanpix / LETA

Bundan tashqari, bir necha muzey va madaniy muassasalar, xususan, Ukraina Milliy san’at muzeyi, «Chernobil» milliy muzeyi va Ukraina uyi shikastlangan. Volodimir Zelenskiy ichki ishlar vaziri Igor Klimenko bilan birga zarbaga uchragan «Chernobil» muzeyiga tashrif buyurgan.

Shuningdek, Kiyevdagi portlashlar oqibatida tashqi ishlar vazirligi binosiga biroz zarar yetgan. «Bugun ertalab singan derazalarga qarab, men to‘liq ishonch bilan butun diplomatik jamoamiz nomidan aytishim mumkin: rossiyalik terrorchilar bizni to‘xtatishga majbur qilmaydi», – deb yozdi vazirlik rahbari Andrey Sibiga.

Kiyevda UNIAN nashri tahririyati ofisi ham hujumga uchragan.

Hujum Kiyev oblastini ham qamrab olgan. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Mikola Kalashnikning so‘zlariga ko‘ra, Bucha va Obuxov rayonlarida ikki kishi halok bo‘lib, yana to‘qqiz kishi yaralangan.