Jamiyat | 09:22
3207
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent tumanida 38 mlrd so‘mlik dori ombori fosh etildi

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va boshqa huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent tumanidagi dorixonalardan biriga qarashli omborxona ko‘zdan kechirilib, xalqaro talablarga javob bermaydigan, muddati o‘tgan va kontrafakt alomatlari bor dori vositalari aniqlandi.

Foto: Videodan kadr

Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbir davomida Toshkent tumanida faoliyat yurituvchi dorixonalardan biriga qarashli omborxona belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Natijada omborda 1209 turdagi jami 38 mlrd so‘mlik dori vositalari mavjudligi ma’lum bo‘lgan.

Tekshiruv jarayonida taxminiy qiymati 20 mlrd so‘mga yaqin bo‘lgan dori vositalari xalqaro GDP (saqlash, olib kelish va realizatsiya qilish bo‘yicha) sertifikatiga ega emasligi, shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi qoshidagi Sertifikatlash organidan litsenziya olmagan holda saqlanayotgani qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, ombordagi dori vositalari orasida umumiy qiymati 263 mln 921 ming so‘mni tashkil etuvchi 30 turdagi 10 509 quti dori vositalarining yaroqlilik muddati o‘tgan. Bundan tashqari, 3 turdagi 639 quti dori hamda 243 dona gel vositalarining yaroqlilik muddatlari qalbakilashtirilgani aniqlangan.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM xulosasiga ko‘ra, dorixona mansabdor shaxslari tomonidan dori vositalari litsenziyada ko‘rsatilgan binodan tashqarida saqlangan, 10 turdagi dori vositasiga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan. Shuningdek, 1 turdagi dori vositasi g‘ayriqonuniy tayyorlangan (kontrafakt) deb topilgan, 9 turdagi dori vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, 20 turdagi yaroqlilik muddati tugagan dori vositalari esa tegishli tartibda yo‘q qilinmasdan saqlanayotgani bildirilgan.

Shu sababli, mazkur dori vositalarini O‘zbekiston hududida saqlash, sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlanishi ma’lum qilingan.

Hozirda dorixona mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 186³-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid