Jahon | 16:08 / 18.12.2025
1964
4 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Rossiya gazidan voz kechish rejasini tasdiqladi

Yevropa Ittifoqi 2027 yil 1 noyabrga qadar Rossiya gazidan to‘liq voz kechadi - ham quvur orqali yetkaziladigan, ham suyultirilgan gazdan. Vengriya va Slovakiya esa bu taqiqqa sudda qarshi chiqmoqchi.

Foto: Reuters/Scanpix/LETA

Yevropa Ittifoqi 2027 yil 1 noyabrga qadar Rossiya gazini yetkazib berishdan to‘liq voz kechadi. Mazkur qarorga doir qonun Yevropa parlamenti deputatlarining ko‘pchilik ovozi bilan chorshanba, 17 dekabr kuni qabul qilindi. Importga qo‘yiladigan taqiq Rossiyadan keladigan ham quvur gaziga, ham suyultirilgan tabiiy gaz (STG)ga taalluqli bo‘ladi.

Bungacha Yevroittifoq sanksiyalari faqat quvur orqali gaz yetkazib berishni cheklab, shu bilan birga Vengriya, Slovakiya va Gretsiya uchun istisnolarni nazarda tutgandi. STGga nisbatan esa Yevroittifoq hozirgacha cheklovchi choralar kiritmagan. 2025 yilda uni Ispaniya, Fransiya, Niderlandiya va Belgiya faol sotib olgan. Avstriya, Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlari Rossiya gazidan allaqachon ixtiyoriy ravishda voz kechgan. Hozirda Yevroittifoqning jami o‘nta davlati Rossiya gazidan foydalanadi.

2024 yilda ushbu turdagi energiya tashuvchilarning Yevroittifoq hududiga barcha yetkazib berishlarining taxminan 19 foizi Rossiya gaziga to‘g‘ri kelgan. AFP qayd etishicha, Rossiya neftiga deyarli to‘liq embargo joriy etilgani va Rossiya gazini xarid qilish hajmi sezilarli kamayganiga qaramay, o‘tgan yili Yevroittifoq har oy Rossiya budjetiga taxminan 1,5 mlrd yevro to‘lab kelgan.

“Bugungi ovoz berish aniq va kuchli signal yuboryapti: Yevropa endi hech qachon Rossiya gaziga bog‘liq bo‘lmaydi. Bu Yevroittifoq uchun katta yutuq va Yevropa energetika siyosatida tarixiy burilish nuqtasi”, — deya Yevropa parlamenti qarorini sharhladi Inese Vaydere. U — Latviyadan saylangan Yevropa xalq partiyasi deputati va xalqaro savdo qo‘mitasi rahbari.

Rasman, Rossiyadan gaz import qilish taqiqi 2026 yil boshida kuchga kirishi kerak — Yevropa parlamenti qarori Yevroittifoq davlat rahbarlari darajasida ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullanishi lozim. Bu holda taqiq qonun kuchiga ega bo‘ladi va uni sanksiyalardan farqli o‘laroq, har yarim yilda uzaytirib turish talab etilmaydi.

Yevrokomissiya kutmoqda: Rossiya gazini yetkazib berishni taqiqlashga faqat Vengriya va Slovakiya qarshi chiqyapti — bu mamlakatlar yetakchilari allaqachon bunday choraga Yevroittifoq sudida qarshi chiqmoqchi ekanini bildirgan.

AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya gazining taxminan uchdan biri Yevropaga qisqa muddatli shartnomalar asosida kirib keladi. Yevroparlament qabul qilgan qonunga binoan, bunday kelishuvlar bo‘yicha yetkazib berishlar kelasi yilning o‘zida tugashi kerak: STG uchun — 25 apreldan, quvur gazi uchun esa — 17 iyundan kechiktirmay.

Uzoq muddatli shartnomalar uchun uzoqroq o‘tish davri ko‘zda tutilgan: STG yetkazib berishlari 2027 yil 1 yanvarga qadar, quvur orqali gaz yetkazib berish esa 2027 yil kuzida — Yevropa gaz omborlarining to‘lganlik darajasiga qarab tugatilishi kerak. Shu maqsadda qonun 2027 yil 30 sentabr bilan 1 noyabr oralig‘idagi muddatni belgilaydi. O‘ta zarurat tug‘ilsa — agar Yevroittifoq davlatlaridan biri energetik inqiroz e’lon qilsa, Yevrokomissiya gaz yetkazib berish taqiqini vaqtincha bekor qilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid