Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aqlli yurish. Zelenskiy nega Kupyanskka bordi?
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xarkiv oblastidagi Kupyansk shahriga borgani oxirgi vaqtlarda frontda kuzatilgan eng jiddiy voqea bo‘ldi. Zelenskiyning aytishicha, bu tashrifdan keyin amerikaliklarning unga nisbatan ohangi o‘zgargan. Bu orada Putinga navbatdagi marta Kupyansk olingani haqida hisobot berishdi. Quyida shu haqda.
Esingizda bo‘lsa, Amerika va Rossiya Ukrainani aralashtirmay urushni tugatishni muhokama qilib yurganida Zelenskiy asabiy kayfiyatda videolar e’lon qilar, hatto Putinni Istanbulga yakkama-yakka uchrashuvga taklif qilgandi. Turkiyaga borgandi ham, lekin quruq qaytgandi. Ukraina prezidentining o‘sha harakati katta siyosatchilarga xos emasdi, lekin hozir Zelenskiy juda aqlli yurish qildi.
Amerikaliklar Kiyevni, Donbassni topshirishga majburlamoqchi bo‘lib yurgan paytda Ukraina prezidenti front chizig‘ida yuribdi. Bu «mening bo‘lmag‘ur ishlarga vaqtim yo‘q, mamlakatim urushyapti, frontdagi askarlarim bilan uchrashishim kerak», degani edi. Haqiqiy «glavnokomanduyushiy» shunaqa bo‘lishi kerak. Uning asosiy ishi urush bo‘lishi lozim, xorijiy safarlar emas. Ba’zan Ukraina prezidenti kerak-nokerak xorijiy safarlarga juda ko‘p vaqt sarflayotgandek ko‘rinadi. Maqsad G‘arbdagi ittifoqchilar uni eshitishi bo‘lsa, okopdan chiqqan ovozni hamma eshitadi.
«Uch marta egallangan» Kupyansk
Zelenskiy Kupyanskka borishidan oldin Putinga kamida ikki marta Kupyansk olingani haqida hisobot berilgandi. Jurnalistlar bilan uchrashuv vaqtida Putin shahar daryoning ikki tomonida joylashgani, ruslar daryoning ikki tomonini nazorat qilayotgani, faqat ozgina joy qolganini aytgandi. Putin daryoning ikki tomoni ham ruslar nazoratida ekanini ta’kidlab gapirgandi, chunki ruslar daryoning faqat bir tomonini egallagani haqida gaplar ko‘paygandi.
Putinning ishonch bilan aytgan bu gapidan keyin rossiyaliklarda Kupyansk egallanganiga shubha qolmadi katta ehtimol. Lekin shu vaqt birdaniga Zelenskiy Kupyansk stelasi oldidan video e’lon qilib qoldi. Ruslar video eski deyishmasligi uchun uni yangi chiqqan iPhone-17'da yozayotganini ko‘rsatishni ham unutmadi. Va bu video kutilgan natijani berdi – rossiyalik urush tarafdorlari shokka tushdi. Rossiya shaharni egallab olgan bo‘lsa, Zelenskiy u yerda nima qilib yuribdi, deb hayron qoldi ular.
Zelenskiy Kupyanskka borish orqali hayotini xavf ostiga qo‘ygan, videoda ham o‘q ovozlari eshitilgan, demak Ukraina prezidenti to‘qnashuv ketayotgan hududgacha borgan. Bu tavakkaldan maqsad esa bitta – Amerikani, Trampni Putinga ishonmaslikka chaqirish. «Qarang, men Putin egallagani haqida aytgan shaharda yuribman, uning Donbass haqidagi gaplariga ishonmanglar», deyish maqsad. Tramp «sening kartang yo‘q», deb yurgandi, Zelenskiy jonini xatarga qo‘yib karta topib keldi, endi unda kamida bitta «tuz» bor, Kupyansk degan «tuz»...
Sezgan bo‘lsangiz, Pokrovskni egallash ham cho‘zilib ketdi. Vaholanki, Pokrovsk ham, Kupyansk ham katta shahar emas. Kiyev endi bor e’tiborni shu ikki shahar mudofaasiga qaratadi. Muzokaralarda Rossiya ustun pozitsiyada turgandek ko‘ringandi, lekin Zelenskiyning Kupyanskka safaridan keyin bunday deb bo‘lmaydi. Endi amerikaliklarda Moskvaning kuch-qudratiga yana shubha paydo bo‘ldi.
Xullas, Zelenskiy xatarli operatsiyani uddaladi. Urush ham futbolga o‘xshaydi, azizlar: raqib sendan kuchli bo‘lsa, faqat tavakkal evaziga o‘yinni yutishing mumkin. Mudofaada mustahkam turasan, o‘yin oxirida yoki burchak zarbasida yoki qarshi hujumda omading kelishini kutasan. Muhimi ana o‘sha lahzani boy bermaslikda. 2010 yildagi «Barselona» – «Inter» o‘yini esingizdadir?
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
10:33
Zelenskiy Varshavada: Ukraina mustaqilligi Polsha uchun muhim
15:51 / 19.12.2025
Zelenskiy: YeI va AQSh bosimi bo‘lmasa, Putin muloqotga bormaydi
21:27 / 15.12.2025
Tinchlik muzokaralari: Ukraina Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqishga rozi emas
09:33 / 15.12.2025