Jahon | 11:22 / 19.12.2025
2338
4 daqiqa o‘qiladi

“OVD-Info”: Rossiyada repressiyalar tobora qattiqlashmoqda

2025 yilda Rossiyada siyosiy sababga ega jinoyat ishlari soni kamaygani qayd etilgan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha hukmlar uzoqroq muddatlarga chiqarilmoqda. Hokimiyat repressiyalar uchun “ekstremizm” va “davlatga xiyonat” haqidagi moddalardan ko‘proq foydalana boshlagan.

Foto: Babel Doc/Clin d'Œil Films/DW/SWR

2025 yilda Rossiyada siyosiy motivga ega jinoyat ishlari soni urushdan oldingi ko‘rsatkichlarga qaytdi, biroq repressiyalarning o‘zi kuchaydi. Bu haqda “OVD-Info” loyihasining Rossiya ichidagi repressiyalar bo‘yicha 18 dekabr, payshanba kuni e’lon qilingan yillik tahliliy sharhida aytilgan.

“Repressiyalar kuchaymoqda — bu ekstremistik va terroristik qonunchilik doirasida ta’qiblar ko‘paygani, urushdan oldingi davr bilan solishtirganda o‘rtacha jazo muddati oshgani, hukmlar va qamoqda ta’qib qilinuvchilar soni orqali ko‘rinadi. Rejim fuqarolarga urush va favqulodda choralar uzoqqa — balki abadiyga ham cho‘ziladi degan fikrni singdirmoqda”, — deyiladi “OVD-Info” hisobotida.

Loyiha hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilda siyosiy ishlar bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilishning o‘rtacha muddati 8 yilni tashkil etgan.

“OVD-Info” fikricha, “bosim tobora ‘kulrang zonalar’ga ko‘chmoqda, davlat esa ma’lumotni ko‘proq yashiryapti”. Ayrim toifadagi ishlar bo‘yicha huquq himoyachilariga ma’lumot topish qiyinlashgan — xususan, bu davlatga xiyonat (RF Jinoyat kodeksi 275-modda), chet elliklar bilan maxfiy hamkorlik (275.1-modda) va josuslik (276-modda) haqidagi ishlarga taalluqli.

RF Oliy sudi huzuridagi Sud departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda davlatga xiyonat moddasi bo‘yicha 115 ta hukm kuchga kirgan — bu o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘p. Chet elliklar bilan maxfiy hamkorlik moddasi bo‘yicha esa 2025 yilning dastlabki olti oyidayoq 24 kishi sudlangan. Solishtirish uchun: o‘tgan yilning butun davrida bu modda bo‘yicha sudlar 30 ta hukm chiqargan.

“OVD-Info” bayonotida fikr bildirgani uchun ochilgan ishlar soni kamaygani ham qayd etiladi (2025 yilda 254 ta, 2024 yilda 320 ta). Loyiha eng ko‘p uchragan “siyosiy ayblov” sifatida terrorizmga chaqiriqlar haqidagi moddani (RF JK 205.2-modda) ko‘rsatadi: 2025 yilda kuch tuzilmalari bu modda bo‘yicha 102 ta ish qo‘zg‘atgan. Shuningdek, Rossiyada armiya haqida “feyk” tarqatish va uni “obro‘sizlantirish” moddalari bo‘yicha ta’qiblar ham kamaygan.

Umuman olganda, “OVD-Info” 2025 yilda urushga qarshi chiqishlar uchun 142 ta ta’qib epizodini hisoblagan. Huquq himoyachilari bahosiga ko‘ra, bu Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirish boshlanganidan beri eng past ko‘rsatkich.

Biroq loyiha “natsizmni reabilitatsiya qilish” moddasi bo‘yicha sud qarorlari rekord darajaga chiqqanini ta’kidlaydi. 94 ta epizoddan “OVD-Info” 64 tasini siyosiy motivga ega deb hisoblaydi.

Huquq himoyachilari alohida toifa sifatida Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (FBK)ga xayriya (donat) qilganlar “ekstremistik faoliyatni moliyalashtirish” moddalari bo‘yicha ta’qib etilishini ajratadi. 2025 yilda kamida 46 ta yangi ta’qib haqida ma’lum bo‘lgan. “OVD-Info” ta’kidlashicha, hozirda loyihaga bu kabi ishlar bo‘yicha 120 nafar ta’qib qilinayotgan shaxs ma’lum. 2025 yilda FBKga donatlar uchun allaqachon 74 kishi hukm qilingan.

Huquq himoyachilari fikricha, 2025 yilda Rossiya siyosiy ta’qiblar uchun ekstremistik va terroristik moddalar majmuasidan faolroq foydalana boshladi — va bu tendensiya davom etadi, deya xulosa qiladi “OVD-Info”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid