Jamiyat | 21:44 / 19.12.2025
765
12 daqiqa o‘qiladi

Vayronalardan tiklangan GeRMANIYa | SUBYEKTIV (1-qism)

Millionlagan dunyo muhojirlarini bag‘riga sig‘dirayotgan Germaniya, dunyoning uchinchi iqtisodiyoti va eng ko‘p so‘ralgan mavzu. Urushdan yengilgan bu davlat qanday qilib qisqa vaqtda hayotini o‘nglab oldi-yu, g‘olib sovet ittifoqi parchalanib ketdi? Biz davlat va fuqaro sifatida Olmoniyaning qaysi ijobiy jihatlarini o‘zlashtirishimiz va tarixning qanday xatolaridan xulosa chiqarishimiz kerak? Berlin, Frankfurt, Myunxen kabi yirik shaharlarga borib o‘rganilgan tahlillar... SUBYEKTIV bu safar Germaniyada. Bu sayohat haqidagi ko‘rsatuv emas, balki real voqeliklarga asoslangan ikki qismli hujjatli film.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

UMIDSIZ GeRMANIYa

Ikkinchi jahon urushidan keyin butunlay vayron bo‘lgan mamlakat. 60 milliondan ortiq aholi ishsiz, ularning har uchinchisi uysiz va kelajakka ishonchsiz. Odamlarda Germaniya kelajagiga katta shubha bor edi. Bu davlat qisqa vaqtda o‘z iqtisodiy mo‘jizasini yaratib, dunyoning uchinchi boy davlatiga aylanishini hech kim xayoliga ham keltirolmasdi. O‘sha paytlar egasiz qolgan, o‘z taqdirini o‘zi hal qila olmaydigan Germaniyaning keyingi hukmi boshqalar ixtiyorida qoldi.

Potsdam. Dunyoning yangi geosiyosiy hayoti Berlindan uncha uzoq bo‘lmagan bu mo‘’jaz shahardagi birgina kelishuv ortidan o‘zgarib ketdi. Urush tugaganidan ikki oy o‘tib, g‘olib ittifoqchilar Yevropaning keyingi yarim asrlik tarixini belgilashdi. Sobiq Ittifoq, AQSh va Buyuk Britaniya davlat rahbarlari qatnashgan Potsdam konferensiyasida Germaniya va Berlin shahri to‘rtta hududga bo‘lib olindi.

Shu bilan Potsdam bitimi Germaniya ustidan g‘alabadan keyingi Yevropa xaritasini qayta chizgan, bir vaqtning o‘zida “sovuq urush” boshlanishining ramziga aylangan kelishuv ham edi. Keyinchalik AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya sektorlari birlashib, ulardan Federal Germaniya Respublikasi, sobiq ittifoq qo‘llovidagi Sharqiy davlatdan Germaniya Demokratik Respublikasi tashkil topdi.

Urushdan keyin har ikki tarafda zavodlar vayron, inflatsiya yuqori, ishsizlik kuchli, oziq-ovqat tanqis, iqtisodiy tizim izdan chiqqan. G‘arbda AQSh moliyaviy qo‘llovidagi Marshall yordami bilan bozor iqtisodiyotiga o‘tildi. Xususiy mulk va raqobat yuzaga keldi, texnologik investitsiyalar va eksportga yo‘naltirilgan sanoat yo‘lga qo‘yildi.

Sovet modeli ostidagi Sharqiy Germaniyada esa davlat Moskvaning qosh-qovog‘iga qaragan rejali iqtisodda qoldi. Innovatsiya past, mehnatga layoqatli aholi – vrachlar, muhandis, olim, malakali ishchilar G‘arbga qochishga tushishdi. Bular ham kamdek, 1950 yilda qo‘rqinchli,xuddi KGBdek Shtazi xizmati tashkil topdi. Sharqiy Germaniyaning qora soyasi sifatida eslanadigan bu maxfiy politsiya qisqa vaqt ichida Yevropadagi eng dahshatli maxsus xizmatga aylandi. Uning vazifasi o‘z xalqiga shubha ko‘zi bilan qarash, har bir nafasni nazorat qilish, insonlarni bir-biriga qarshi qayrashdan iborat edi.

Hatto, Drezden arxivida Rossiyaning bugungi prezidenti Vladimir Putin rasmi va ism-sharifi tushirilgan Shtazi guvohnomasi ham topilgan. Bu ma’lumot 2018 yillarda jahon matbuotida keng yoyilgan.

Putin 80-yillarda GDRning Drezden shahrida SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) ofitseri sifatida faoliyat yuritgan. O‘sha paytlarda KGB va Shtazi G‘arbiy Germaniya bilan NATOga qarshi razvedka, agentlar jalb qilish, axborot yig‘ish ishlarini birgalikda olib borishgan. Putin ham bu jarayonda ishtirok etgani ochiq manbalarda keltiriladi. Guvohnoma unga Drezdendagi Shtazi idoralariga erkin kirish huquqini bergan.

BeRLINNING IKKIGA BO‘LINIB KeTIShI

1961 yil, avgust oyining hech narsadan xabarsiz yana bir kechasi. Odamlar odatdagidek tun uyqusida. O‘sha oqshom Berlin ko‘chalarida minglab harbiylar shovqinsiz, ogohlantirishsiz, temir simlar tortishni boshladi. Beton bloklar bilan shaharni ikkiga bo‘lib qo‘yishdi.

Berlin devori odamlarga shunchaki to‘siq bo‘lgan emas. U bilan millat, oila, ish, hayot, orzu, yo‘l, hatto metro poyezdlarining bekatlari ham bo‘lindi. O‘sha kechadan boshlab har bir xonadonda ikkiga bo‘lingan tarix yozila boshladi.

Devor sharqliklarning orzu-maqsadlariga jismoniy to‘siq bo‘la oldi xolos. Ular tomonidan har kuni FRGga qochish rejalari tuzilardi. Eng puxtalaridan eng ahmoqonalarigacha sinab ko‘rilardi. Omadi kelganlar uddasidan chiqardi. Eplolmaganlar yo otilardi, yoki qo‘lga tushganlarni xoin sifatidagi dahshatli qiynoqlar kutardi.

Ikki Germaniya o‘rtasidagi farqlar faqatgina sanoatlashuv, aholi daromadi va fikrlashida emas, hattoki shaharning ikki xil yoritilishidan ham ajralib turgan. NASA’ning 2012 yili kosmosdan olgan suratlarida Sharqiy Berlin sariq va G‘arbiy Berlin oqish chiroqlardan foydalangani yaqqol ko‘rinadi.

G‘arbda odamlar Mercedes, BMW, Volkswagen kabi mashinalarni tanlab minayotgan bir vaqtda, Sharqiy Germaniya aholisi kartonga o‘xshagan, mototsikl motorli, juda baland ovoz va achchiq tutun chiqaradigan Trabant avtomashinasini minishardi. Uni mashina emas, katta oilaviy mototsikl deb hazil ta’riflashgan.

Uning yagona afzalligi arzonligida bo‘lgan. Ha, u qimmat bo‘lmagan. Oddiy GDRlik ishchi Trabantni sotib ololgan. Ammo muammo unga bo‘lgan navbatda edi. Trabbiga to‘lov qilgan xaridor navbatini 10 yillab kutgan. Bolasi chaqaloqligida to‘lov qilganlar farzandi 2-3-sinfga yetganda mashinali bo‘lishardi.

BeRLIN DeVORINING QULAShI

1989 yil 9 noyabr. 28 yil oldin abadiy deb qurilgan Berlin devori juda kulgili va kutilmagan sabab bilan buziladigan kun.Sharqiy Germaniyada odamlar ishsizlikdan, senzuradan, erkinlik yo‘qligidan charchagan. Har kuni yuzlab sharqiy nemislar Vengriya yoki Chexoslovakiya orqali G‘arbga qochishardi. SSSRda ham iqtisodiy tanazzul, oziq-ovqat inqirozi, davlat xarajatlarining ko‘payishi kuzatilayotgan davr. Ya’ni Sobiq ittifoq parchalanib ketish arafasida o‘zi bilan o‘zi ovora. O‘sha kuni kechqurun Berlin devorining taqdirini hal qilgan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

GDR Markaziy Qo‘mitasining matbuot kotibi Shabovskiy qatnashgan yig‘ilishda uning oldiga yangi farmon matnini berishadi. Farmonda Sharqiy Germaniya fuqarolari endi ma’lum tartibda G‘arbga chiqish uchun murojaat qilishi mumkinligi yozilgan edi. Shabovskiy hali o‘zi tanishib chiqmagan hujjatni qisqagina e’lon qiladi. Jurnalistlardan biri bu yangi qoidalar qachondan kuchga kirishini so‘raydi. Shabovskiy esa tasodifan: “Tushunishimcha, hoziroq, kechiktirmasdan”, deb tarixni o‘zgartiradigan javobni beradi.

Bu voqelik televizion efirda jonli uzatildi. Odamlar: “Demak, devor ochildi!” deb tushunishdi va minglab sharqiy berlinliklar tungi soat 10 larda 28 yillik ayriliq devoriga qarab yugurishdi. Chegarada askarlar ham ularga to‘sqinlik qilmadi. Chunki ularga ham yuqoridan hech qanday buyruq berilmagandi. Chegarachilar nima qilishni bilmay, shlagbaumni ochib berishdi. Bir kunda qurilgan devor hech qanday urushsiz, bir og‘iz aytilgan siyosiy xato va xalqning irodasi bilan yana bir kunda buzilib, ikki Germaniya yagona davlatga aylandi. Bundan hech qancha vaqt o‘tmay, GDR ham, Shtazi ham tugatilib, FRG Konstitutsiyasidagi birlashuv amalga oshdi.

DUNYoDA YaGONA AVTOBANLAR

Germaniyaga kelib, avtobanlar, ya’ni biz bilgan avtomagistrallar haqida gapirmaslik eng katta xato bo‘ladi. Nemis avtobanlarining odatiy magistrallardan farqi uning tezlik cheklovlari yo‘qligida! Avtobanlar yuqori yuklamaga moslangan, ikki va uch qatlamli mustahkamlikka ega, qish-yoz haroratlariga chidamli. Ular shunchalik ko‘pki, jami magistrallarni bir chiziqqa qo‘ysak, uzunligi Germaniya chegaralarini 3,5 marta aylanib chiqishga yoki Yer shari ekvatorining 1/3 qismigacha borishga yetadi.

Germaniyada haydovchilik guvohnomasini olish jarayoni juda qiyin va qimmat. Sifatli avtobanlar va malakali haydovchilar tandemi yo‘ldagi transport hodisalari sonini ham keskin qisqartirgan. Cheksiz tezlik bo‘lsa ham, bu magistrallardagi xavfsizlik darajasi juda yuqori. O‘limlar soni Rossiyadan 5 baravarga, AQShdan esa uch baravarga kamroq. Avtobanlarning hammayog‘ida ham tezlik cheklanmagan emas. Butun Germaniya magistrallarining uchdan bir qismidagina shunday yurishingiz mumkin. Shunda ham soatiga 130 kmgacha yurish tavsiya qilinadi. Qolgan hududlarda 80-100-120 km/soat tezlik cheklovlari bor. Avtobanlar Germaniya muhandisligi, madaniyati va tartibining ramzi hisoblanadi. Nemislar ham bu bilan faxrlanishadi.

GeRMANIYaDA POYeZDLAR KeChIKADI

Bu dunyoning temiryo‘l tarmoqlari xaritasi. Yevropada qanchalik tig‘iz bo‘lsa, Osiyoda shunchalik tarqoq. Hindiston va Sharqiy Osiyoni hisobga olmaganda, albatta. Yevropaning eng zich va eng faol temir yo‘l tarmog‘iga ega davlatlardan biri esa Germaniya. Uzunligi bo‘yicha Yevropada top-3 likda, gavjumligi va zichligiga ko‘ra 1-o‘rinda. Kuniga 20 000 dan ortiq poyezd harakatlanadi.

Agar Germaniya temir yo‘llarini ketma-ket yoysak, Berlin–Tokio masofasini ikki marta yoki Yer meridianining 95 foizini aylanib chiqish mumkin. Bu ko‘rsatkichlari bilan u Yevropada mutlaq rekordchi. AQSh avtomobillar davlati bo‘lsa, Germaniya temiryo‘l-madaniyatli davlat. Germaniyaliklar esa Yevropadagi eng ko‘p “poyezdga chiqdim” deyuvchi xalq.

Shunday ko‘rsatkichlariga qaramay, Germaniyada poyezdlar tez-tez kechikadi. Rasmiy ma’lumotlarda uzoq masofali poyezdlarning yarmidan ko‘pi o‘z vaqtida kelmasligi aytiladi. To‘g‘ri eshitdingiz. Nemischa hisob-kitobni dunyoga o‘rnak qila olgan bu davlatda poyezdlarga umuman ishonib bo‘lmaydi. Nemislar uchun bu oddiy hol. Ular rejalarini poyezdlar harakatiga qarab tuzishmaydi yoki zaxira vaqt bilan hisoblashadi. Mana sizga paradoks!

QASRLAR MAMLAKATI

Bavariyada men borishni xohlagan joy – Noyshvanshtayn qasri edi va bu orzu amalga oshdi. Kutilmaganda yog‘ib, birpasda hammayoqda burkangan qor esa ertaknamo manzaraga yanada romantik qiyofa qo‘shib yubordi.

“Disney”ning mashhur “Uyqudagi go‘zal” multfilmidagi qasr dizayni aynan shundan ilhomlanib olingan va keyinchalik Disneylendning logotipiga ko‘chirilgan. Bizning “Mejik siti”miz esa “Disney”dan ilhomlanilganini hisobga olsak, bu qasr bizga ham begona emas. Uni ayrimlar “Sohibjamol va Mahluq”ning qasri ham deyishadi. Disney logotipi to‘liq Noyshvanshtaynning nusxasi emas. Uning mukammallashtirilgan fantaziya natijasi aslida.

Germaniyaning har bir tog‘ etagida, har bir daryo bo‘yida, o‘rta asrlarning shivir-shivirini saqlab qolgan saroylar ko‘p. 25 mingdan ortiq qasr va qamalxonalari bor bo‘lgan Germaniya “Qasrlar mamlakati” ham deyiladi. Ularning har birini ko‘rganda o‘zingizni haybat, tarix va afsonalarda yashayotgandek his qilasiz.

Qolgan ma’lumotlarni Germaniyadan tayyorlangan ikki qismli ko‘rsatuvlarimiz orqali tomosha qilishingiz mumkin. Biz vaqtingizni qadrlaymiz va uni foydali narsalarga sarflashingizni xohlaymiz.

Ssenariy muallifi va boshlovchi Sardorbek Usmoniy
Hammuallif Ibrohim Samadov
Videotasvirchi va montaj ustasi Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid