O‘zbekiston | 12:19
743
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Nara shahri merini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida Nara shahri meri Gen Nakagavani qabul qildi. Uchrashuvda madaniy-gumanitar hamkorlikni kuchaytirish, Samarqand–Nara birodarlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish hamda 2027 yilda Nara milliy muzeyida O‘zbekistonga bag‘ishlangan ko‘rgazmaga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida Nara shahri meri Gen Nakagavani qabul qildi.

Uchrashuvda madaniy-gumanitar yo‘nalishga alohida urg‘u berilgan holda hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasida o‘rnatilgan birodarlik munosabatlari yuqori baholandi.

Suhbatda ta’kidlanishicha, Samarqand ko‘p asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lining markazi bo‘lgan bo‘lsa, Yaponiyaning qadimgi poytaxti Nara uning sharqiy “darvozasi” sifatida tarixda muhim o‘rin tutgan. Qayd etilishicha, ushbu ikki shahar sivilizatsiyalar o‘rtasida madaniy ko‘prik vazifasini bajarib, xalqaro savdo va bilim almashinuvini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etgan.

Shuningdek, 2027 yilda Nara milliy muzeyida namoyish etilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan arxeologik ko‘rgazmaga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi. Mazkur loyiha O‘zbekiston–Yaponiya diplomatik munosabatlari o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etiladigan yirik madaniy tadbirlardan biri bo‘lishi qayd etildi.

Muzokaralar chog‘ida Nara shahri meri Gen Nakagava ikki mamlakat va xalqlar o‘rtasidagi abadiy do‘stlik, madaniy va tarixiy yaqinlik ramzi sifatida Nara shahridagi yangi bog‘lardan biriga “Samarqand” nomi berish haqida qaror qabul qilinganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, ikki birodar shahar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini faollashtirish, qishloq xo‘jaligi, turizm, to‘qimachilik, transport, logistika va shaharsozlik kabi sohalarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid