Jahon | 14:02 / 22.12.2025
1677
3 daqiqa o‘qiladi

Makron eng yangi aviatashuvchi qurish rejalarini tasdiqladi

Fransiyaning PANG aviatashuvchisi Yevropada hozirgacha qurilgan eng yirik harbiy kema bo‘lishi kerak. U 2038 yilga borib atom energetik qurilmaga ega Fransiya harbiy-dengiz kuchlarining flagmani - “Sharl de Goll”ni almashtiradi.

Foto: Ludovic Marin/AFP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2038 yilgacha eng yangi PANG aviatashuvchisini foydalanishga kiritish rejalarini tasdiqladi. U Yevropada hozirgacha qurilgan eng yirik harbiy kema bo‘lishi kerak. Bu haqda 21 dekabr, yakshanba kuni AFP va Reuters agentliklari xabar berdi. Makron Abu-Dabida, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida joylashgan Camp de la paix (“Tinchlik lageri”) nomli fransuz harbiy bazasida xizmat qilayotgan harbiylar oldida chiqish qildi.

Fransiya Harbiy-dengiz kuchlari uchun qurilish Porte-Avions Nouvelle Génération (Yangi avlod aviatashuvchisi, PANG) dasturi doirasida amalga oshiriladi va taxminan 10,25 mlrd yevroga tushadi.

PANG atom energetik qurilmali “Sharl de Goll” flagmanini almashtiradi, u 13 yildan keyin foydalanishdan chiqarilishi kerak. “Ushbu juda katta ko‘lamli dasturni boshlash haqida qaror shu hafta qabul qilindi”, — dedi Makron.

Yangi aviatashuvchi ham atom energetik qurilma bilan jihozlanadi va “Sharl de Goll”dan ancha katta bo‘ladi: uzunligi 310 metr (avvalgisi — 261 metr), suv sig‘imi qariyb 80 000 tonna (avvalgisi — 42 000 tonna). Ekipaj tarkibi 2000 kishidan iborat bo‘ladi, bortida 30 ta jangovar samolyot uchun joy ko‘zda tutilgan.

“Sharl de Goll” aviatashuvchisi 15 yil qurilgandan so‘ng 2001 yilda foydalanishga kiritilgan.

Reuters eslatishicha, Fransiya — YeIdagi yagona yadroviy va Yevropada aviatashuvchilari bor kam sonli mamlakatlardan biri (Buyuk Britaniya, Italiya va Ispaniya bilan bir qatorda). AQSh floti tarkibida 11 ta, Xitoyda esa 3 ta aviatashuvchi bor.

2030 yil oxirigacha Fransiyaning yillik mudofaa xarajatlari ikki baravarga oshishi kerak. Hozir mamlakatning harbiy budjeti taxminan 50 mlrd yevroni tashkil etadi.

Biroq mamlakatda davlat qarzi yuqori. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich ehtimol YaIMning besh foizidan ham oshishi mumkin. Parij avvalroq Bprifrance davlat investitsiya banki yordamida mudofaa jamg‘armasi tashkil etilishini e’lon qilgan. Unga, kutilganidek, 450 mln yevro jalb etish mumkin bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid