Iqtisodiyot | 09:40
965
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh iqtisodiyoti 4,3 foizga o‘sib, prognozlardan oshdi

AQSh YaIM 2025 yil iyul–sentabr oylarida yillik hisobda 4,3 foizga o‘sdi. Iqtisodchilar 3,2 foizlik o‘sishni kutgan edi. Donald Tramp “men va ‘boshqa daholar’ to‘g‘ri chiqqan” deya bayonot berdi hamda bozorlarning sust reaksiyasi uchun FZTni aybladi.

Foto: Liu Jie/Xinhua/IMAGO

Inflatsiya hisobga olingan real YaIM (ya’ni inflatsiyaga moslashtirilgan) 2025 yilning uchinchi choragida yillik hisobda 4,3 foizga o‘sdi. Bu so‘nggi ikki yildagi eng yuqori o‘sish sur’ati. Bunday ma’lumotni AQSh Savdo vazirligi huzuridagi Iqtisodiy tahlil byurosi (BEA) 23 dekabr, seshanba kuni e’lon qildi.

AQSh hukumati iqtisodchilari YaIMning bu qadar sezilarli o‘sishini iste’molchilar xarajatlarining ko‘payishi, eksport va davlat xarajatlari oshishi, shuningdek importning qisqarishi bilan izohladi. Dow Jones agentligi so‘rov o‘tkazgan ekspertlar 3,2 foizlik o‘sishni kutgan edi.

2025 yilning birinchi choragida AQSh YaIM so‘nggi uch yil ichida ilk bor pasaygan. Shundan keyin o‘sishga o‘tgan bo‘lib, ikkinchi chorakning o‘zidayoq sezilarli — 3,8 foizga o‘sgan.

“3-chorakda YaIM 4,3 foizga o‘sdi — bu 3,2 foizlik kutilmalardan ancha yuqori. Bloomberg’ning 61 iqtisodchisidan 60 tasi xato qildi, ‘TRAMP’ va ayrim boshqa daholar esa haq bo‘lib chiqdi”, — deb izoh berdi AQSh prezidenti Donald Tramp TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida.

“Muvaffaqiyat yaxshi boshqaruv va bojlar bilan izohlanadi. Iste’molchilar xarajatlari kuchli, sof eksport sezilarli o‘sdi, import va savdo taqchilligi keskin kamaydi, inflatsiya esa yo‘q”, — deya davom etdi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tramp iqtisodiyotining oltin davri to‘liq sur’at bilan boshlanmoqda”.

AQSh fond bozorlari xabarga faqat ozgina o‘sish bilan javob qaytardi: S&P 500 indeksi 0,3 foiz, Dow Jones — 0,2 foiz, Nasdaq — 0,3 foizga ko‘tarildi. CNBC telekanali buni hisobot o‘tgan, allaqachon yakunlangan davrga taalluqli ekani bilan tushuntirdi.

Bozorlarda sezilarli o‘sish bo‘lmagani Trampning keskin reaksiyasiga sabab bo‘ldi. U aybni Federal zaxira tizimi (FZT, markaziy bankka o‘xshash tuzilma) rahbari Jyerom Pauell zimmasiga yukladi. Respublikachining u bilan anchadan beri davom etayotgan ziddiyati bor. Pauell vakolati 2026 yil may oyida tugaydi.

“Hozirgi bozorda yaxshi xabarlar kelganda ham bozor joyida turib qoladi yoki tushadi, chunki Uoll-stritdagi ‘boshlar’ endi oldingiday ishlamay qolgan. Ilgari yaxshi xabar kelsa, bozor o‘sardi. Hozir esa yaxshi xabar kelsa, bozor tushadi, chunki hamma darhol foiz stavkalarini oshiradi, ‘potensial’ inflatsiyani jilovlash uchun, deb o‘ylaydi”, — deb yozdi Tramp TruthSocial’da.

“Bu, aslida, mamlakatimiz rivojlanib, buyuk bo‘lib borayotgan davrlardagidek ajoyib bozorni endi hech qachon ko‘rmaymiz, degani”, — deya davom etdi prezident. — “Yangi FZT raisi bozor o‘sganda stavkalarni pasaytirsin, uni hech qanday sababsiz vayron qilmasin”.

Mavzuga oid