Jahon | 22:07 / 24.12.2025
2678
5 daqiqa o‘qiladi

Mindichning daragi chiqdi. U Ukrainaga qaytmoqchi emas

Mustaqil Ukraina tarixidagi eng jiddiy siyosiy mojaro markazida bo‘lgan Timur Mindich topildi. Uni Ukraina maxsus xizmatlari, Budanov boshchilik razvedkachilar yoki politsiyachilar emas, oddiy ukrainalik jurnalist topdi. Muxbir Mindichni rasmga olib, undan intervyu olishga ham ulgurdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil pasporti bilan

Voqea tafsilotlariga to‘xtalishdan avval Timur Mindich kim ekanini qisqacha eslab olamiz. Mindich prezident Zelenskiyning do‘sti, u bilan birga mashhur «Kvartal-95» studiyasiga asos solgan odamlardan biri. Zelenskiyni oligarx Kolomoyskiy bilan aynan Mindich tanishtirgani aytiladi. Ukrainlar orasida «Zelenskiyni oligarx Kolomoyskiy prezident qilgan», degan mish-mish azaldan mashhur.

Ana shu Timur Mindich oddiy kinoprodyuserlikdan bir dumalab butun boshli Ukrainaga elektr yetkazib beradigan eng yirik tashkilot — «Energoatom»ning norasmiy xo‘jayiniga aylanib qoladi. Urush davrida mamlakat energotizimi doimiy Rossiya hujumiga uchragach, «Energoatom» Ukraina uchun eng muhim strategik obektlardan biriga aylandi. Hatto hukumat qarori bilan hech kim «Energoatom»dan sud orqali pul ololmasligi belgilandi. Bir so‘z bilan aytganda, «Energoatom» hech kim tegolmaydigan tashkilotga aylandi.

Bundan foydalangan prezident Zelenskiyning do‘sti Timur Mindich «Energoatom» bilan shartnoma imzolaydigan har bir tashkilotdan pora olib, kamida 100 million dollar pul o‘g‘irlagan. Ukraina hukumati va prezidentiga bo‘ysunmaydigan mustaqil aksilkorrupsiya tashkilotlari bu jinoyatni ochib, rasman tergov boshlashidan bir necha soat avval Timur Mindich to‘rva-xaltasini yig‘ishtirib, Isroilga qochib ketgandi. Ukraina hukumati uni qidirishga urinmadi ham, lekin jurnalistlar bu ishni davlatning o‘rniga bajarib, sovuqda issiqlik va elektrga ehtiyoji ortgan, to‘rt yildan beri urushib holdan toygan ukrain xalqini o‘marib kelgan Mindichni topdi.

Demak «Ukrainskaya pravda» gazetasi jurnalisti Mixail Tkach qidiruvda bo‘lgan Timur Mindichni izlab, kutilganidek Isroildan topdi. Mindich yahudiy, unda Isroil pasporti ham bor. Shu uchun urushayotgan davlat fuqarolarini o‘marib bo‘lgach, xotirjamgina Isroilga qochib ketgan.

Jurnalist bilan suhbatda Mindich o‘ziga qarshi ayblovlarni «manipulyatsiya» deb atagan. Axir qaysi korrupsioner o‘g‘ri «Ha, men kambag‘al xalqning, yetim bolalarning, yolg‘iz onalar, nogironlarning haqqini bezbetlarcha o‘marganman, urush ketayotgani ham meni to‘xtata olmagan», deb aytardi?

Shuningdek, Mindich Ukrainaga qaytish niyati yo‘qligini aytgan. «Isroil fuqaroligi juda qulay», deydi jurnalist. «UP» e’lon qilgan suratga qaraganda, Mindich u bilan gaplashishni istamagan. Lekin qaysar jurnalist intervyu olishni uddalabdi. Gazeta tez orada suhbatni e’lon qiladi.

Urushayotgan davlatni xalqaro hamjamiyat oldida juda qiyin ahvolga solib qo‘ygan bu korrupsion mojaro markazida turgan shaxsni topib, u bilan suhbatlashish katta ish. Bu uchun «Ukrainskaya pravda»ning mard jurnalisti Mixail Tkachni tabriklasak bo‘ladi. U hamma o‘z ishini to‘g‘ri bajarsa, doim natija bo‘lishini isbotladi.

Ukraina hukumati tushunarli sabab bilan Mindichni izlamayotgan, bu ishni unutishga intilayotgan bir vaqtda mustaqil jurnalist Isroilgacha borib uni topgani harbiy senzura amalda bo‘lgan urush davrida ham Ukraina jamiyatida demokratik institutlar ishlayotganini ko‘rsatadi. Demokratiya ana shunaqa narsa: xalqning pulini o‘marganlarni qizarishga majbur qiladi, jamiyat demokratiyani qabul qilsa, uning qadriyatlarini toptamasa, xalqni o‘marish deyarli imkonsiz ishga aylanadi. Ko‘rasiz, bu ukrainlar hukumat Mindichni topib qamaguncha qo‘ymaydi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid