O‘zbekiston | 08:48 / 24.12.2025
3887
2 daqiqa o‘qiladi

Sertifikatlashda yengillik: 2026 yildan ayrim majburiy talablar bekor qilinadi

2026 yil 1 yanvardan muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish va sertifikatlash jarayonlariga oid bir qator majburiy talablar bekor qilinib, mahsulotlarni sertifikatlashda ortiqcha to‘siqlarni qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.

Tegishli farmonga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan sertifikatlash sohasida ayrim majburiy tartib-taomillar bekor qilinadi. Xususan, muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirishda hujjatlarni majburiy tarzda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tekshiruvidan o‘tkazish amaliyoti tugatiladi.

Shuningdek, sertifikatlash organlarida belgilangan tartibda davriy baholash o‘tkazmasdan turib O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan ularni elektron tizimdan uzib qo‘yish tartibi ham bekor qilinadi.

Bundan tashqari, muvofiqlik sertifikati berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror mavjud bo‘lmagan hollarda, shuningdek, xorijiy davlatlar ma’lumotlari asosida mahsulotlarni sertifikatlash jarayoniga cheklov va taqiq o‘rnatish amaliyotiga ham barham berilishi belgilangan.

Farmonda tashqi savdoga oid notarif tartibotlarni belgilashda ham shaffof mexanizm joriy etilishi qayd etilgan: 2026 yil 1 maydan taqiq va cheklovlar reyestri yuritilib, ular “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida kamida 3 oy oldin e’lon qilinishi, xizmatlar uchun yig‘imlar miqdori va kalkulyatsiyasi ham shu tizimda ochiq ko‘rsatilishi nazarda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid