Tasdiqlangan yangi tartibga ko‘ra, o‘qishini ko‘chirish uchun test sinovlarida ishtirok etayotgan talabgorlarning milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatlari tegishli fanlar bo‘yicha baholash jarayonida inobatga olinadi.

Jumladan, V1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan talabgorlarga tegishli fan bo‘yicha belgilangan maksimal ballning 75 foizi beriladi. V2 va undan yuqori darajadagi sertifikat sohiblari esa ushbu fan bo‘yicha maksimal ballga ega bo‘ladi.

Mazkur baholash mexanizmi abituriyentlar uchun amalda bo‘lgan sertifikatlarni baholash tartibi asosida qo‘llaniladi.

Shu vaqtga qadar o‘qishini ko‘chirish uchun imtihon topshirayotgan talabgorlar sertifikatga ega bo‘lsa ham, bu holat ularning natijalariga ta’sir qilmas edi. Yangi tartib esa sertifikat sohiblariga qo‘shimcha imkoniyat va ustunlik yaratadi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarish ta’lim sifatini oshirish, bilim va ko‘nikmalarni xolis baholash hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.