Jamiyat | 14:57
5720
12 daqiqa o‘qiladi

Kredit olishga taqiqni qanday rasmiylashtirish mumkin?

2025 yil iyundan O‘zbekistonning har bir fuqarosi besh daqiqa ichida bank va mikromoliya tashkilotlariga o‘z nomiga kredit berishini taqiqlash imkoniga ega bo‘ldi. Bu xizmatdan foydalanganlar soni qariyb 150 ming nafarga yetdi.

Foto: Shutterstock

O‘ziga kredit ajratilishiga taqiq qo‘yish kredit firibgarlaridan himoya qiladi va ortiqcha qarz olishning oldini oladi.

Bu qanday ishlaydi?

O‘ziga taqiq qo‘yish — bu kredit ajratilishini ixtiyoriy taqiqlash bo‘lib, buni kredit byurosi yoki davlat xizmatlari portali orqali mustaqil ravishda amalga oshirasiz.

U faollashtirilganidan so‘ng ismingiz maxsus «Kredit bitimlarini tuzish taqiqlangan shaxslar» reyestriga kiritiladi. Barcha banklar, mikromoliya tashkilotlari va boshqa rasmiy kreditorlar qarz berishdan oldin ushbu reyestrni tekshirishlari shart.

Siz maxsus portal yoki davlat xizmatlari orqali onlayn ariza topshirasiz va hatto kimdir hujjatlaringizdan foydalanib kredit olishga urinib ko‘rsa ham banklar sizning nomingizga kredit rasmiylashtira olmaydi.

Taqiq darhol kuchga kiradi. Uni istalgan vaqtda bekor qilish mumkin — bu ham taqiq o‘rnatish singari bepul va hech qanday cheklovlarsiz.

Xizmat 2025 yil 4 martda qabul qilingan, «Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritilgan O‘zR№ZRU-1043 -sonli Qonuni asosida ishga tushirilgan. Qonun 2025 yil 6 iyundan kuchga kirdi.

O‘ziga taqiq qo‘yish nima?

Agar ismingiz reyestrda mavjud bo‘lsa, bank sizga kredit berishga haqli emas. Hatto kimdir pasportingiz bilan kelsa yoki nomingizga onlayn-kredit rasmiylashtirishga urinsa ham, tizim arizani avtomatik tarzda bloklaydi.

Yuridik jihatdan taqiq zanjir bo‘yicha ishlaydi:

  1. Kredit byurosi ma’lumotlarni reyestrga kiritadi.
  2. Banklar reyestrga kirish imkoniga ega.
  3. Kredit rasmiylashtirishga urinilganida tizim taqiqni ko‘radi.
  4. Ariza rad etiladi.

Qonun kreditorlar javobgarligini qat’iy tartibga soladi. Agar bank reyestrni inobatga olmasdan baribir kredit beradigan bo‘lsa, u ushbu bitim uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi va sizdan mablag‘ni qaytarishni talab qilish huquqini yo‘qotadi.

O‘ziga taqiq qo‘yish qanday rasmiylashtiriladi?

Ariza topshirishning uchta usuli bor: kredit byurosi portali orqali onlayn, my.gov.uz portali orqali onlayn yoki davlat xizmatlari markazlariga shaxsan murojaat qilish.

Eng tezkor usul — kredit byurosi orqali. Eng universali my.gov.uz portali bo‘lib, u yerda yana o‘nlab boshqa davlat xizmatlaridan ham foydalanish mumkin.

1-usul: Infokredit kredit byurosi portali orqali

Bu – taqiqlar reyestrini yuritadigan tizimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib boradigan yo‘l.

portal.infokredit.uz saytini oching va «Jismoniy shaxs sifatida kirish» tugmasini bosing. Tizim sizni OneID – O‘zbekiston yagona identifikatsiya tizimiga yo‘naltiradi. Agar sizda OneID akkaunti yo‘q bo‘lsa, id.egov.uz orqali ro‘yxatdan o‘ting – bunga ikki daqiqa ketadi, pasport seriyasi va raqami kerak bo‘ladi.

Shaxsiy kabinetga kirgandan so‘ng «Kredit taqiq» bo‘limini toping. «Keyingi» tugmasini bosing.

Tizim ismingizni darhol reyestrga kiritadi — hech qanday qo‘shimcha tasdiq talab etilmaydi. Agar qog‘oz nusxasi kerak bo‘lsa, QR-kodli elektron tasdiqlovchi hujjatni yuklab olishingiz mumkin.

Muhim eslatma: agar kirish vaqtida «Shaxsiy ma’lumotlarni yangilash zarur» degan yozuv chiqsa, OneID ni alohida oynada ochib, profilingizga kiring, «Ma’lumotlarni yangilash» tugmasini bosing, so‘ng kredit byurosi portaliga qayting. Foydalanuvchilar buni smartfondan emas, balki kompyuterda bajarishni tavsiya qilishadi — texnik nosozliklar kamroq bo‘ladi.

2-usul: my.gov.uz davlat xizmatlari portali orqali

Veb-versiya va MyGov mobil ilovasi orqali ishlaydigan universal usul.

my.gov.uz saytiga kiring yoki MyGov ilovasini oching (Google Play va App Store da bor). OneID orqali avtorizatsiyadan o‘ting. Qidiruv satrida «Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish yoki taqiqni olib tashlash» deb yozing.

«Xizmatdan foydalanish» tugmasini bosing. «Faollashtirish»ni tanlang. Tizim arizani qayta ishlaydi va taqiqni avtomatik ravishda ishga tushiradi. 10 daqiqa ichida elektron pochtangizga elektron hujjatli tasdiq keladi.

Bu usulning yaxshi tomoni shundaki, begona saytlarga o‘tish talab etilmaydi — barchasi fuqarolarning aksariyati ma’lumotnomalar oladigan, jarimalarni to‘laydigan va hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazadigan davlat xizmatlari portalidagi tanish interfeys ichida amalga oshiriladi.

3-usul: davlat xizmatlari markaziga borish

Agar onlayn-tizimlarga kirishni istamasangiz yoki internetga kirish imkoniyati yo‘q bo‘lsa, arizani shaxsan topshirishingiz mumkin.

Istalgan Davlat xizmatlari markaziga (DXM) pasportingiz bilan boring. Xodimga kredit olishga taqiqni faollashtirmoqchi ekaningizni ayting. Yozma arizani to‘ldiring — blankani mutaxassis beradi.

Kerakli hujjatlar: faqat amaldagi pasport kifoya. Bankdan hech qanday ma’lumotnoma, ishonchnoma yoki qo‘shimcha qog‘ozlar kerakmas. Onlayn-ariza pasport ma’lumotlarini davlat bazasidan avtomatik ravishda oladigan OneID orqali qayta ishlanadi.

Xizmat narxi: bepul. Ro‘yxatdan o‘tish yig‘imi ham, arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lov ham, abonent to‘lovi ham yo‘q.

Ketadigan vaqt: onlayn-ariza ko‘pi bilan bir necha daqiqa ichida faollashtiriladi. DXM orqali berilgan oflayn-ariza 10 daqiqa ichida qayta ishlanadi.

Qanday kreditlar olinishini taqiqlash mumkin?

Kredit olishga taqiq qo‘yish kredit byurolari tizimiga ulangan rasmiy kreditorlar tomonidan beriladigan barcha turdagi qarzlarga tatbiq etiladi. Bu banklardagi iste’mol kreditlari, onlayn-qarzlar, mikromoliya tashkilotlari (MMT) tomonidan beriladigan mikrokreditlar, kredit kartalari, moliyaviy kompaniyalarning bo‘lib to‘lash (rassrochka) xizmatlari hamda lizing mahsulotlari bloklanishini anglatadi.

Qonunga ko‘ra, barcha moliyaviy tashkilotlar kredit berishdan oldin taqiqlar reyestrini tekshirishi shart. Agar bank yoki MMT reyestrni tekshirmasdan qarz rasmiylashtirsa, u to‘liq huquqiy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi va qarzni qaytarishni talab qilish huquqini yo‘qotadi. Bu juda muhim jihat: hattoki firibgarlar qandaydir usul bilan bank xodimini kredit berishga ko‘ndirsa ham, siz huquqiy jihatdan uni qaytarishga majbur emassiz — mas’uliyat to‘laligicha moliyaviy tashkilot zimmasida.

Taqiqni qanday olib tashlash mumkin?

Taqiqni olib tashlash ham uni faollashtirish kabi uch xil usulda va bepul amalga oshiriladi.

Infokredit portali orqali onlayn: OneID orqali portal.infokredit.uz saytida shaxsiy kabinetingizga kiring, «Kredit taqiq» bo‘limiga o‘ting va «O‘chirish» tugmasini bosing.

my.gov.uz orqali onlayn: «Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish yoki taqiqni olib tashlash» bo‘limida «Xizmatni o‘chirish» tugmasini bosing.

DXMda: Istalgan davlat xizmatlari markaziga pasportingiz bilan keling va taqiqni olib tashlashga ariza bering. Ariza 10 daqiqa ichida qayta ishlanadi.

Xizmat bo‘yicha qanday cheklovlar bor?

Amaliyotlar soni bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q. Siz taqiqni istaganingizcha faollashtirish va bekor qilishingiz mumkin. Qonunda taqiqning minimal muddati, «sovutish» davrlari yoki maqomni tez-tez o‘zgartirganlik uchun jarimalar nazarda tutilmagan.

Kredit olishga taqiq kredit reytingiga qanday ta’sir qiladi?

Taqiqlar tarixiga oid ma’lumotlar faollashtirish va bekor qilish sanasi va vaqti aniq ko‘rsatilgan kredit tarixida saqlanadi. Banklar siz necha marta taqiqni yoqib-o‘chirganingizni ko‘radi, ammo buning kredit reytingiga ta’siri yo‘q.

Eski kreditlar nima bo‘ladi?

Kredit tarixingizda taqiq faollashtirilgan sana va vaqt ko‘rsatilgan belgi paydo bo‘ladi. Barcha moliyaviy tashkilotlar qarz oluvchini tekshirish jarayonida ushbu ma’lumotni ko‘radi. Taqiq uni o‘zingiz bekor qilmaguningizcha cheksiz amal qiladi. Shu bilan birga, mavjud kreditlaringiz, kredit kartalaringiz va bo‘lib to‘lash (rassrochka) shartnomalari o‘z kuchida qoladi — taqiq faqat yangi qarz olishlarni bloklaydi.

Taqiq kimga kerak?

Chet elda yashasangiz yoki ishlasangiz. Agar ishlash uchun yoki uzoq muddatli xizmat safari bilan xorijga ketgan bo‘lsangiz, O‘zbekistondagi moliyaviy operatsiyalarni nazorat qilish qiyin bo‘ladi. Bu vaqt ichida sizning nomingizga o‘zingiz bilmagan holda qarzlar rasmiylashtirilishi mumkin. Taqiq bu muammoni hal qiladi: arizani dunyoning istalgan nuqtasida turib my.gov.uz portali orqali onlayn topshirish mumkin, buning uchun faqat OneID tizimiga kirish kerak bo‘ladi xolos.

Keksa yoshli qarindoshlaringizni himoya qilishni istasangiz. Katta avlod vakillari nabiralarga yordam berish yoki «hisob xavfsizligini tekshirish» bahonasida kredit rasmiylashtirish uchun kerakli ma’lumotlarni qo‘lga kiritadigan telefon firibgarlarining qurboniga aylanishadi.

Pasportingizni yo‘qotgan yoki o‘g‘irlatgan bo‘lsangiz. Yangi hujjat tayyorlaguningizcha firibgarlar sizning nomingizga kredit rasmiylashtirishi mumkin. Taqiq bu imkoniyatni darhol yo‘qqa chiqaradi. 2024 yilning birgina sakkiz oyi davomida fuqarolarning nomiga noqonuniy ravishda 36,6 milliard so‘mlik kreditlar rasmiylashtirilgan — bu mavhum xavf emas, haqiqiy tahdiddir.

Hissiy xaridlar bilan kurashayotgan bo‘lsangiz. Onlayn-kreditlarning osonligi odamni «yo‘ldan uradi»: reklama ko‘rgach, tugmani bosib, besh daqiqada pul olish mumkin. Taqiq «sovutish to‘sig‘ini» yaratadi. Kredit olish uchun avval taqiqni bekor qilish kerak bo‘ladi, bu esa ongli harakatlarni talab qiladi. Bu puxta o‘ylab keyin qaror chiqarishga imkon beradi.

Internet-xizmatlardan faol foydalansangiz. So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda kiberjinoyatchilik 68 barobarga ko‘paygan, 2021–2024 yillar davomida fuqarolarga yetkazilgan umumiy zarar esa 1,9 trillion so‘mdan oshgan. Kiberjinoyatlarning to‘rt foizi firibgarlik yo‘li bilan olingan kreditlar bilan bog‘liq. Agar siz onlayn-banking, elektron tijorat yoki ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalansangiz, ma’lumotlaringiz oshkor bo‘lish xavfi yuqori bo‘ladi — taqiq qo‘shimcha himoya beradi.

Kredit to‘layapsiz va yangisini olishni rejalashtirmayapsiz. Agar sizda kredit bo‘lib, e’tiboringizni uni so‘ndirishga qaratgan bo‘lsangiz, taqiq bir qarzni boshqasi bilan «yopish» fikridan himoya qiladi. Bu ayniqsa qarz botqog‘idan chiqayotganlar uchun muhim: mexanizm yangi qarz olib qo‘yishning oldini oladi.

Kredit tarixi bo‘yicha shubhali tekshiruvlar aniqlanganda kimga murojaat qilish kerak?

Agar firibgarlik yoki kredit tarixingiz bo‘yicha shubhali so‘rovlarni sezsangiz, KATMning +998 71 203-47-47 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling yoki [email protected] ga yozing. Shuningdek, @KATM_kredit_byurosi Telegram-kanali orqali shikoyat qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid