Jamiyat | 11:31
518
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 1,5 mln ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi

Joriy yilda O‘zbekistonda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatkichlar yaxshilanib, 5 million aholi daromadli bo‘ldi. Ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi, qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqqa murojaatnomada joriy yilda ijtimoiy sohada qator ijobiy natijalarga erishilganini ta’kidladi. Davlat rahbariga ko‘ra, yil boshidagi 8,9 foizdan kambag‘allik darajasi 5,8 foizga tushgan, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylangan.

Qayd etilishicha, kambag‘al oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilingan. Shuningdek, bu yildan boshlab 208 ta bog‘chada ilk bor inklyuziv ta’lim tizimi joriy etilgan.

Prezident kambag‘allikka qarshi kurashning yangi tizimi — kredit, subsidiya va kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoya mexanizmlari yo‘lga qo‘yilganini, bu xizmatlar mahalladagi “yettilik”ka berilgani natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambag‘allikdan chiqqani va ishsizlik ikki karra qisqarganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kambag‘allikni 2026 yil yakuniga qadar ikki barobar qisqartirish bo‘yicha oldin qo‘yilgan marra joriy yilning o‘zida bajarilgan.

Davlat rahbari murojaatnomada sport va ta’lim sohasidagi yutuqlarga ham to‘xtaldi. Xususan, 2025 yil O‘zbekiston futboli uchun tarixiy yil bo‘lib, milliy terma jamoa ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani aytildi. Shuningdek, shaxmatchilarning jahon kubogidagi ishtiroki, Javohir Sindorovning eng yosh sohibi sifatida qayd etilishi hamda 9–17 yoshli shaxmatchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston vakillari 5 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasidagi Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 125 ta oltin, 77 ta kumush va 52 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, ishtirokchi davlatlar orasida eng yuqori natijani qayd etgan.

Ta’lim yo‘nalishida esa o‘quvchi va talabalar xalqaro fan olimpiadalarida 51 ta oltin, 101 ta kumush va 126 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgani qayd etildi.

Prezident kelgusi yillarda O‘zbekiston qator nufuzli xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilishini ham ma’lum qildi. Jumladan, 2026 yilda mamlakatda ilk bor maktab o‘quvchilari o‘rtasida xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari, ShHTga a’zo davlatlar talabalari o‘rtasida muhandislik yo‘nalishlarida, Turkiy davlatlar texnikum o‘quvchilari o‘rtasida kasb yo‘nalishlarida xalqaro olimpiadalar o‘tkazilishi belgilandi. 2027 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati, 2029 yilda esa Yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilinishi ta’kidlandi.

Mavzuga oid