O‘zbekiston | 19:55 / 26.12.2025
1770
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ID-kartani qanday olish mumkin?

ID-karta - O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi asosiy hujjat. Quyida uni qanday olish mumkinligi, narxi, qanday hujjatlar kerak bo‘lishi, yo‘qotilgan taqdirda nima qilish kerakligi haqida ma’lumot beramiz.

ID-karta bilan pasportning qanday farqi bor?

ID-karta — O‘zbekiston hududida egasining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlaydigan, karta ko‘rinishidagi hujjat. Unda sizning shaxsiy va biometrik (barmoq izlari, foto) ma’lumotlaringiz kiritilgan chip bo‘ladi. ID-karta yuzasida pasportdagi kabi ma’lumotlar bo‘lmaydi. Masalan, yashash joyi haqidagi ma’lumot. Ma’lumotlar chipda bo‘ladi.

ID-karta namunasi

Biometrik pasport — bu ham O‘zbekiston hududida egasining shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat. Faqat u kichik yashil kitobcha shaklida bo‘ladi. Unda ham shaxsiy va biometrik ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan chip mavjud. Sahifalarida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan manzil, tug‘ilgan joyi, millati va pasport berilgan joy ko‘rsatiladi.

pasport namunasi

ID-kartani qachon olish kerak?

Birinchi ID-karta 16 yoshda olinadi. Ammo kartani olish uchun bundan boshqa holatlar ham bor:

  • 16 yoshga to‘lganda (18 yoshgacha olish mumkin. Buning uchun jarima qo‘llanilmaydi. Lekin usiz ayrim ta’lim dargohlariga kirish, bankda hisob ochish, davlat xizmatlarida ro‘yxatdan o‘tish, SIM-karta olish imkoni bo‘lmaydi)
  • ID-karta muddati tugaganida.
  • Pasport muddati tugaganida.
  • ID-karta yo‘qotib qo‘yilganida yoki yaroqsiz holga kelganida.
  • Ism-sharif, millat, tug‘ilgan sana o‘zgartirilganida.
  • ID-kartadagi ma’lumotlarda xato aniqlanganida.
  • O‘zbekiston fuqaroligi olinganida.
  • Karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida.

ID-karta bir oy muddatda rasmiylashtirilishi lozim.

ID-karta olish narxi qancha?

Bu ariza berish usuliga bog‘liq:

  • 330 012 so‘m (BHMning 80.1%i) my.gov orqali ariza berilganida
  • 366 680 sum BHMning (89%i) — Migratsiya bo‘limi, Davlat xizmatlari markazi yoki konsullik orqali ariza berilganida

BHM (bazaviy hisoblash miqdori) 2025 yil 1 avgustdan — 412 000 so‘m.

Agar ID-kartada xatolik bo‘lsa, u bepul almashtirib beriladi.

ID-karta olish uchun qanday hujjatlar kerak?

ID-karta olish uchun quyidagilar kerak:

  • Ariza — murojaat joyida yoki my.gov.uz orqali onlayn
my.gov orqali ID-karta olish uchun ariza berish xizmati
  • Boj to‘lovi. Murojaat joyida yoki onlayn. (Onlayn to‘langanida kvitansiya shart emas.)

Bunga qo‘shimcha ravishda quyidagi hujjatlardan biri kerak bo‘ladi:

  • Tug‘ilganlik haqida guvohnoma — birinchi marta olinganida.
  • Shaxsni tasdiqlovchi eski guvohnoma — yangisiga almashtirilayotganda.
  • Ism, familiya, ota ismi yoki tug‘ilgan sana o‘zgarganda bu o‘zgarishlarni tasdiqlaydigan hujjatlar.
  • Agar ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan bo‘lsa, mutasaddi organning qarori.

Birinchi marta olinayotganda tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va davlat bojini to‘lash kifoya.

Onlayn ariza qanday beriladi?

my.gov.uz orqali onlayn ariza berish va davlat bojini to‘lash mumkin. Bu quyidagicha amalga oshiriladi:

my.gov portalida ro‘yxatdan o‘tish yoki kirish

my.gov.uz – YaIDXP (Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali)

my.gov bosh sahifasi

Ariza berish

Ro‘yxatdan ma’lumotlarni topshirish uchun qulay joy va sanani tanlash, xabarnomalar olish uchun telefon raqamini ko‘rsatish mumkin. Tayyor ID-kartani ham o‘sha joydan olasiz.

my.gov orqali ID-karta olish uchun arizaning birinchi qismi

Ma’lumotlar quyidagi joylarda yig‘iladi:

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi (pasport stol).

  • Davlat xizmatlari markazi.

Xizmat uchun to‘lov

my.gov orqali ID-karta olish uchun to‘lov invoysi olish

Invoys – bu xizmatga to‘lov qilish uchun rasmiy so‘rov. Xizmat haqidagi barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Agar birinchi marta ariza berayotgan bo‘lsangiz, Yangi invoys olish ni tanlang. To‘lov qilish uchun arizangiz invoys raqami yozilgan oyna ochiladi.

my.gov da xizmat uchun to‘lov oynasi

To‘lovni quyidagi usullar bilan amalga oshirish mumkin:

  • QR-kod. To‘lov ilovasi orqali ariza sahifasida skanerlang.
  • my.gov ilovasi orqali kartada to‘lash uchun SMSdagi invoys. To‘lashdan oldin SMSdagi raqamni va invoys raqamini tekshiring.
  • Ro‘yxatdagi to‘lov ilovalari orqali kartadan pul to‘lash. Barcha rekvizitlar invoys raqami yonida ko‘rsatilgan bo‘ladi.
  • Keyinchalik to‘lash.

To‘lovni keyinga qoldirishingiz mumkin. Invoys 30 kun amal qiladi. To‘lovsiz ariza qabul qilinmaydi. Ariza holatini my.gov portalidagi Arizalar bo‘limida ko‘rish mumkin.

Ma’lumotlar yig‘ish joyiga borish va tayyor ID-kartani olish

Bu yerda tashqi ko‘rinishingiz va shaxsingiz to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi. Hujjat tayyor bo‘lgani haqida 1 ish kunida xabar qiilnadi.

ID-karta qachon tayyor bo‘ladi?

ID-karta barcha ma’lumotlar yig‘ilganidan so‘ng 1 ish kunida tayyor bo‘ladi.

Ariza to‘g‘ri taqdim etilishi, to‘lov va ma’lumotlar yig‘ish kabi harakatlar ham vaqtni oladi. Masalan, ma’lumotlar juma kuni topshirilganida ID-karta dushanba kuni tayyor bo‘ladi. Shuning uchun ID-karta olishga 2 kundan ortiq vaqt ketadi.

ID-karta yo‘qotib qo‘yilganda yoki shikastlanganida nima qilish kerak?

ID-karta yo‘qotib qo‘yilganda yoki shikastlanganida qayta rasmiylashtiriladi. Buning uchun quyidagilar amalga oshiriladi:

  • Ariza berish. Bunda yangi ID-karta olish sababi ma’lum qilinadi, u o‘g‘irlanmagani yoki uchinchi shaxslarga berilmagani ko‘rsatiladi.
  • Jarima to‘lash

412 000 so‘m (BHMning 1 baravari) — birinchi marta yo‘qotilganida yoki shikastlanganida.

2 060 000 so‘m (BHMning 5 baravari) — bu holat bir yil ichida qayta sodir etilganida.

Jarima 15 kun ichida to‘lansa 50% chegirma bo‘ladi.

Eski pasport amal qiladimi?

Pasport ichida ko‘rsatilgan muddat tugaguniga qadar amal qiladi. Ushbu muddat tugagandan so‘ng bir oy ichida almashtirish kerak.

Barcha biometrik pasportlar 2030 yil 31 dekabrga qadar ID-kartalarga almashtirilishi shart, ushbu muddatdan keyin ular haqiqiy hisoblanmaydi.

Eski pasport yoki ID-karta bilan yurganlik uchun jarima:

206 000 so‘m (BHMning 0.5 baravari)

1 236 000 so‘m (BHMning 3 baravari) — bir yil ichida takroran sodir etilsa.

Jarima 15 kun ichida to‘lansa 50% chegirma bo‘ladi.

ID-kartaning amal qilish muddati egasining yoshiga bog‘liq:

  • 10 yil — 16 yoshdan boshlab olgan shaxs uchun
  • 5 yil — 1 yoshdan 16 yoshgacha olgan shaxs uchun
  • 2 yil — 1 yoshgacha olganda

Qanday hollarda ID-karta muddati o‘tib ketishi yoki yo‘qotilishi huquqbuzarlik hisoblanmaydi?

Quyidagi hollarda karta muddati o‘tib ketishi yoki yo‘qotilishi huquqbuzarlik emas:

  • 18 yoshdan kichik bo‘lganda.
  • 60 yoshdan katta bo‘lganda.
  • Kimdir ID-kartaga shikast yetkazgan yoki uni o‘g‘irlaganda.
  • To‘liq davlat ta’minotida bo‘lganda.
  • Yong‘in, tabiiy ofatlardan jabrlanganda.
  • ID-karta xizmat yoki fuqarolik burchini bajarish chog‘ida yo‘qotilganda.
  • ID-kartaning amal qilish muddati sud qarori bilan to‘xtatilganida.
  • Egasi maxsus muassasada jazo o‘tagan va jazo muddati tugaganidan so‘ng bir oy ichida yangi ID-karta olishga ariza berganda.

Xulosa

Karta barcha ma’lumotlar topshirilgandan keyin 1 ish kuni ichida tayyorlanadi. Ammo ariza topshirish va to‘lovni hisobga olganda, bunga kamida 2 kun ketadi.

Onlayn to‘lash arzonroq. my.gov orqali topshirilganda to‘lov miqdori 330 012 so‘mni tashkil etadi. DXM yoki pasport stoli orqali to‘langanda esa 366 680 so‘m.

Agar kartani yo‘qotib qo‘ysangiz yoki uni yaroqsiz holga keltirsangiz, yangi ID-karta uchun to‘lovdan tashqari 412 000 so‘m (BHMning 1 baravari) miqdorida jarima ham to‘lashga to‘g‘ri keladi.

15 kun ichida jarimaning yarmini to‘lash mumkin.

ID-karta olishni kechiktirmang. 16 yoshga to‘lgandan keyin yoki eski pasportning amal qilish muddati tugagandan so‘ng berilgan bir oy muddat tez o‘tib ketadi, e’tiborsizlik uchun jarima to‘lash esa yoqimsiz bo‘ladi.

Mavzuga oid