O‘zbekiston | 10:42
549
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘rmonlar maydoni 4,7 mln gektarga yetdi

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va cho‘llanishga qarshi kurashish ishlari kuchaytirilib, joriy yilda 150,7 ming gektar maydonda o‘rmon barpo etildi. Natijada mamlakat hududini qoplagan o‘rmonlar umumiy maydoni 4,7 million gektarga yetdi.

Foto: Kun.uz

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida o‘rmon maydonlarini kengaytirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash hamda cho‘llanishga qarshi kurashishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Joriy yilda asosiy o‘rmon-melioratsiya tadbirlari Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida amalga oshirildi.

Ma’lum qilinishicha, yil davomida o‘rmonlarni barpo etish va tiklash ishlari 150,7 ming gektar maydonni qamrab olgan. O‘rmon-melioratsiya tadbirlarining asosiy qismi Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududiga to‘g‘ri kelib, bu yerlarda 145,2 ming gektar o‘zlashtirilgan. Eng katta ko‘rsatkich Mo‘ynoq tumanida qayd etilib, u yerda 90,5 ming gektarda o‘rmonzor barpo etilgan. Shuningdek, Buxoro viloyatining qator tumanlarida, Navoiy va Xorazm viloyatlari hududlarida ham sezilarli ishlar amalga oshirilgan. Boshqa hududlarda qo‘shimcha 5,5 ming gektar maydonda o‘rmon barpo etilgan.

Ko‘chatxonalarni rivojlantirish va o‘rmon xo‘jaligining moddiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Ko‘kalamzorlashtirishning barqaror sur’atlarini ta’minlash uchun 979 tonna daraxt va buta urug‘lari tayyorlangan. Barcha o‘rmon xo‘jaliklarida 1300 gektar maydonda zamonaviy ko‘chatxonalar tashkil etilib, ularda mahalliy tuproq-iqlim sharoitlariga moslashgan 123 million tup ko‘chat va nihollar yetishtirilmoqda.

Yer degradatsiyasining oldini olish maqsadida cho‘l va tog‘oldi hududlarida 1390 gektar maydonda himoya o‘rmon chiziqlari yaratilgan. Tog‘li va adir hududlarda esa 41 gektarda terrasalash usulida o‘rmonlar barpo etilgan. Qo‘shimcha yo‘nalish sifatida dorivor va oziq-ovqat o‘simliklari plantatsiyalari rivojlantirilib, 5890 gektar maydonda 7918 tonna mahsulot yetishtirilgan.

O‘rmon fondidan foydalanish samaradorligini oshirish doirasida avval past samarali deb topilgan 4842 gektar yerlar o‘zlashtirilgan. Shuningdek, 1530 gektar o‘rmon fondi uchastkalari onlayn-auksionlar orqali ijaraga berilgani xususiy investitsiyalarni jalb etish va sohada tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etilgan.

Ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish doirasida Xitoydan 30 ming tup brussonetiya ko‘chati olib kelinib, ular asosida 100 gektar maydonda eksperimental plantatsiyalar yaratilgan. Arnasoy tumanida sho‘rga chidamli o‘simliklarning yangi galofit bog‘ini yaratish ishlari boshlanib, buning uchun Xitoydan 35 turdagi galofit o‘simliklarning 1315 kg urug‘i import qilingan.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakat hududini qoplagan o‘rmonlar maydoni 4,7 million gektarga yetgani ta’kidlandi.

Mavzuga oid