O‘zbekiston | 11:40
689
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident: “Sharq va G‘arb o‘rtasida hamkorlik ko‘priklarini quryapmiz”

O‘zbekiston so‘nggi paytda global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotgani qayd etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, mamlakat uzoq-yaqin davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirib, Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklik ko‘priklarini barpo etishda davom etmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqqa murojaatnomada joriy yil O‘zbekistonda bir qator yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilganini eslatib o‘tdi. Xususan, Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi, UNESCO Bosh konferensiyasining sessiyasi, «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» sammiti va xalqaro Iqlim forumiga mezbonlik qilingani ta’kidlandi.

Mintaqaviy hamkorlikda ham muhim yangiliklar qayd etildi. Mart oyida Xo‘jandda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilari uchrashuvida ilk bor uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolanib, «Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi deklaratsiya» qabul qilingani aytildi.

Shuningdek, Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqaviy davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvida integratsiya jarayonlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish uchun Markaziy Osiyo hamjamiyati strategik formatini tashkil qilish g‘oyasi ilgari surilgan. Ozarboyjonni Markaziy Osiyo formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi qaror ham alohida e’tirof etildi. Prezidentning fikricha, bu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida strategik bog‘liqlik hamda barqarorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tashqi aloqalar geografiyasiga to‘xtalgan davlat rahbari oktyabr oyida Bryusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanganini qayd etdi. Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va AQSh sammiti ko‘p tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilgani aytildi. Shuningdek, Tokioda Markaziy Osiyo va Yaponiya yetakchilari uchrashuvida ta’lim, tibbiyot, raqamli texnologiyalar, infratuzilma va sanoat sohalari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgani, Sankt-Peterburgda MDH rahbarlari bilan uchrashuv esa hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab bergani ta’kidlandi.

«Bularning barchasi xalqaro aloqalarimizni mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Biz dunyodagi uzoq-yaqin mamlakatlar bilan Sharq va G‘arb, Shimol va Janub bilan hamkorlik ko‘priklarini qurishda davom etamiz», — dedi prezident.

Murojaatnomada iqtisodiy maqsadlar ham tilga olindi. Prezidentning ta’kidlashicha, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida YaIM hajmini 2030 yilgacha 160 mlrd dollarga yetkazish marrasi belgilangan bo‘lib, mavjud salohiyat, islohotlar, tadbirkorlar faolligi va xorijiy sheriklar bilan hamkorlik kengayayotgani hisobidan ushbu marraga 2026 yilning o‘zida erishish imkoniyati bor.

Shu bilan birga, global raqobat sharoitida malakali kadrlar va zamonaviy texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sohalarni rivojlantirish, daromadli servislarni ko‘paytirish, bioinjyeneriya, ilg‘or agrotexnika va suv tejaydigan usullarni faol qo‘llash, «yashil» energetika va chiqindisiz ishlab chiqarishga o‘tish, ta’lim hamda tibbiyotda ilg‘or tajribalarni joriy etish orqali kelgusi besh yilda iqtisodiyot hajmini 240 mlrd dollardan oshirish uchun imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid