Jamiyat | 19:33
952
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va “Traxys Group” o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

AQSh xalqaro xomashyo savdosi sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri “Traxys Group” 24 fevral kuni Konchilik va geologiya vaziri Bobir Islamov, “Navoiyuran” davlat korxonasi direktori Jamol Fayzullayev hamda O‘zbekiston texnologik metallar kombinati direktori Farhod Abdullayev bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda “Traxys Group” kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi xabar berdi.

Foto: Traxys Group

Uchrashuvlarda uzoq muddatli offteyk-kontraktlarni amalga oshirish, geologik qidiruv ishlarini moliyalashtirish, ilg‘or qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish va xalqaro moliyaviy institutlar ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd qilinishicha, bu O‘zbekiston sanoat siyosatida strategik ahamiyatga ega yangi bosqich boshlanganini anglatadi. Tashabbus faqat nodir minerallar zaxiralarini qidirish va qazib olish bilan cheklanmaydi. Asosiy maqsad – chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va global bozorda raqobatbardosh eksport tizimini shakllantirishdir.

2025 yil 5 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi doirasida Konchilik va geologiya vazirligi hamda “Traxys Group” o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan edi. Ushbu hujjat 2030 yilga qadar tabiiy uranni uzoq muddatli yetkazib berishni nazarda tutadi. Kontraktlarning umumiy qiymati 1,7 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

2026 yil 18 fevral kuni O‘zbekiston prezidentining AQShga amaliy tashrifi doirasida “Traxys Group” rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda kompaniya Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisini ochish bo‘yicha qarorini e’lon qildi. Ushbu qaror o‘zaro hamkorlikni institutsionallashtirish, investitsiya loyihalarini muvofiqlashtirish va strategik minerallar sohasidagi qo‘shma dasturlarni jadallashtirishga xizmat qiladi.

“Traxys Group” 20 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi, AQSh, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqda o‘nlab xalqaro ofislarga ega. Kompaniyaning yillik savdo aylanmasi 10 milliard dollar atrofida bo‘lib, uran va strategik minerallar bo‘yicha dunyodagi yetakchi ta’minotchilardan biri hisoblanadi.

Muhim jihat shundaki, kompaniya AQSh Hukumati uchun ishonchli minerallar yetkazib beruvchi sifatida tan olingan hamda U.S. International Development Finance Corporation (DFC) va Export-Import Bank of the United States (EXIM Bank) kabi xalqaro moliyaviy institutlar bilan yaqin hamkorlik qiladi. Bu esa O‘zbekiston uchun nafaqat barqaror bozor, balki zamonaviy texnologiyalar, moliyaviy resurslar va xalqaro ekspertizani jalb qilish imkoniyatini yaratadi.

Bugungi kunda global iqtisodiyotda “kritik minerallar” tushunchasi yangi iqtisodiy drayver sifatida strategik ahamiyat kasb etmoqda. Volfram, molibden, nikel, kobalt, vanadiy kabi resurslar energetika, mudofaa sanoati, yuqori texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot” uchun hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston texnologik metallar kombinati tizimida 70 dan ortiq yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. 2030 yilga borib strategik minerallar ishlab chiqarish hajmini 1 milliard AQSh dollaridan oshirish rejalashtirilgan. Agar 2025 yil yakunlariga ko‘ra korxonada 53 tonna volfram va 950 tonna molibden ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2026–2030 yillarda 16 ming tonna volfram hamda 5,5 ming tonna molibden ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Samarqand va Toshkent viloyatlarida tashkil etilayotgan sanoat klasterlari qazib olish bilan birga boyitish va chuqur qayta ishlash jarayonlarini ham qamrab oladi. Bu esa qo‘shilgan qiymat zanjirini mamlakat ichida shakllantirishga xizmat qiladi.

“Traxys Group” kritik minerallar sektoriga 1 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritish tashabbusi orqali yangi moliyaviy-logistik modelni ilgari surmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu kelishuv an’anaviy “kon ochish–qazib olish–qayta ishlash–sotish” andozasida emas, balki korporotiv moliyalashtirish orqali ta’minot zanjirini boshqarish strategiyasini shakllantiradi.

“Traxys Group”ning Markaziy Osiyodagi hamkori etib tayinlangan Temurbek Hikmatullayev Toshkentdagi mintaqaviy ofis rahbari sifatida faoliyat olib boradi. Uning ta’kidlashicha, kompaniya O‘zbekiston texnologik metallar kombinati tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotni uzoq muddatli offteyk-kontraktlar asosida xarid qiladi va kelgusi mahsulot uchun oldindan moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etadi. Shu bilan birga, kompaniya geologik qidiruv, qazib olish va qayta ishlash sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarida qatnashib, xalqaro texnik va moliyaviy ekspertizani jalb qiladi.

Ayni kunlarda Toshkent shahrida “Traxys” kompaniyasining Markaziy Osiyodagi ilk mintaqaviy ofisi tantanali ravishda ochildi. Marosimda kompaniya rahbariyati ishtirok etdi. Yangi ofis investitsiya loyihalarini joyida boshqarish, sheriklar faoliyatini muvofiqlashtirish, texnologik aloqalarni kuchaytirish hamda mintaqaviy moliyaviy markaz sifatida faoliyat yuritish imkoniyatini yaratadi.

“Traxys Group” bosh ijrochi direktori Mark Kristoff fikricha, mazkur hamkorlik O‘zbekistonni strategik minerallar global ta’minot zanjirida muhim bo‘g‘inga aylantirishi mumkin. Ayniqsa, “yashil energetika”ga o‘tish jarayonida ushbu resurslarga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda.

“Traxys Group” tashabbusi oddiy biznes kelishuvi emas. Bu – strategik resurslar asosida mamlakatimizning yangi iqtisodiy arxitekturasini shakllantirishga qaratilgan tizimli qadamdir. Chunki strategik minerallar bugungi kunda faqat yerosti boyligi emas, balki global geosiyosiy va geoiqtisodiy ta’sir vositasiga aylangan. O‘zbekiston esa xomashyo eksportchisi emas, balki chuqur qayta ishlangan mahsulot yetkazib beruvchi davlat sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashni maqsad qilgan.

Mavzuga oid