Jahon | 23:06 / 26.12.2025
1732
4 daqiqa o‘qiladi

Rojdestvoda o‘lim tilagi: toqatsizlik nafratga aylandi

Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xalqini nasroniylarning muqaddas bayrami rojdestvo bilan tabriklarkan Putinni nazarda tutib «barcha ukrainlar uning o‘limini xohlashini» aytdi. Quyida urush odamlarni qanchalik nafratga moyil qilib qo‘yishi haqida gaplashamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«SHCHob vin skonav»

Odatda kontekstdan yulib olingan iqtiboslar doim ham ishonchli bo‘lmaydi. Shu uchun Zelenskiy o‘sha gapida nima deganini aynan keltiramiz: «Bugun barchamiz bir narsani istaymiz, hammamiz bir-birimiz uchun istaymiz. «U tezroq o‘lsaydi», deymiz o‘zimizga nimadir tilayotganda. Yaratganga yuzlanganda esa, albatta, kattaroq narsa — Ukraina uchun tinchlik tilaymiz. Bu uchun kurashamiz va duo qilamiz. Har bir ukrain bolasi sovg‘alarga to‘lib-toshib, tabassum bilan, bolalarga xos yaxshilikka va mo‘jizaga ishonch bilan yashashini istaymiz. Ukrainamizning har bir fuqarosi sharaf bilan yashashini xohlaymiz. Ishoning, biz bunga munosibmiz.

Biz ota-onamiz, bolalarimiz, yaqinlarimiz, oila a’zolarimiz ortiq yig‘lamasliklarini, yaxshilik, adolat va tinchlik tantana qilishini istaymiz. Aziz ukrainlar, o‘zingizni va oilangizni ehtiyot qiling, Ukrainamizni ehtiyot qiling», deb tabrigini yakunladi Zelenskiy.

Ukraina lideri tabrikda «barcha ukrainlar o‘limini istaydi» deb Putinni nazarda tutganiga hech qanday shubha yo‘q. U ukrainchada «SHCHob vin skonav», dedi. Inglizcha titrda bu gap «May he perish» deb tarjima qilinadi. Ya’ni, Zelenskiy asosiy dushmaniga o‘lim tilaganiga hech qanday shubha yo‘q. Ukraina prezidenti buni yashirishni ham istamagan. Axir ikki slavyan davlat o‘rtasidagi nafrat allaqachon cho‘qqiga chiqib bo‘lgan.

Nafrat urushi

Bilasizmi, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush tarixi 2022 yilda ham, 2014 yilda ham, 1991 yilda ham boshlanmagan. Bu aslida asrlarga borib taqaladigan nafratning yuzaga chiqishidir. SSSR davrida bu nafrat kuchaydi, Rossiya Qrimni anneksiya qilguniga qadar ikki tomon ham nafratini ochiq bildirmas, bu ko‘proq toqatsizlik edi, nafrat emas. Lekin avvaliga Qrim voqealari, keyin 2022 yil boshlangan urush nafrat portlashiga sabab bo‘ldi.

Endi ikki tomon, ayniqsa ukrainlar nafratini ochiq bildiryapti, boshqa hech bir urushda bunaqasini ko‘rmaysiz. Bir davlat prezidenti bayram tabrigida boshqa davlat prezidentiga o‘lim tilashi... Bundan ortiq nafratni tasavvur qilish qiyin.

Urush ana shunaqa narsa, azizlar. Toqatsizlikni nafratga aylantiradi, barcha niqoblarni ochib tashlaydi, rojdestvo tabrigida dushmanga o‘lim tilashadi. Shu uchun hech qachon urushni boshlamaslik kerak. Doim kelishish imkoni bo‘ladi, doim...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid