Jahon | 14:28 / 26.12.2025
3964
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Novoshaxtinsk NQZga Storm Shadow raketalari bilan zarba berdi

Ukraina Rostov viloyatidagi Novoshaxtinsk shahrida joylashgan neftni qayta ishlash zavodi (NQZ)ga yana zarba berdi. Bu safar Ukraina Qurolli kuchlari hujum uchun Storm Shadow raketalaridan foydalangan. Korxona hududida portlashlar bo‘lib, yong‘in boshlangan.

Foto: Lewis Joly/AP Photo/File/picture alliance

Ukraina Rostov viloyatidagi Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodiga Storm Shadow qanotli raketalari bilan zarba bergan. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Telegram-kanalida 25 dekabr, payshanba kuni xabar qilindi.

Kiyev “havodan uchiriladigan Storm Shadow qanotli raketalari bilan Novoshaxtinsk NQZga muvaffaqiyatli zarba berilgani” haqida bildirdi. “Ko‘plab portlashlar qayd etildi, nishon urildi”, — deb qo‘shimcha qildi Bosh shtab. U yerda ta’kidlanishicha, mazkur NQZ Rossiya armiyasi uchun dizel yonilg‘isi va aviatsiya kerosinini yetkazib beradi.

Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar Novoshaxtinskka berilgan zarbalarni tasdiqlab, u yerda “portlashlar sodir bo‘lgani”ni aytdi. Mansabdor ma’lumotiga ko‘ra, yong‘inni o‘chirish paytida bir nafar o‘t o‘chiruvchi jabrlangan.

Zarar ko‘lami hozircha aniq belgilanmagan. Ukrainaning Exilenova+ Telegram-kanali NQZ ustida qora tutun ustunlari ko‘tarilayotgani aks etgan kadrlarni e’lon qildi.

Keng ko‘lamli hujum boshlanganidan beri Ukraina kamida olti marta Novoshaxtinsk NQZga hujum qilgan. Birinchi hujum 2024 yil mart oyida bo‘lgan. Hozirgi hujum esa ushbu zavodga qarshi Storm Shadow qo‘llangan ilk hujum hisoblanadi.

Novoshaxtinsk NQZ Ukraina nazoratidagi hududdan taxminan 175 km uzoqlikda joylashgan. Storm Shadow raketalarining uchish masofasi 250 kmdan ortiq.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid