Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya va Qozog‘iston yangi raketa-tashuvchining parvozini keyinroqqa surdi
“Soyuz-5” raketa-tashuvchisining birinchi sinov parvozi dastlab 2023 yil oxiriga rejalashtirilgan edi, keyin esa u ikki yilga kechiktirildi. Ammo hozir ham uchirish amalga oshmadi: Ostona ma’lumotlariga ko‘ra, u 2026 yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan.
Foto: REUTERS
2025 yil oxirigacha Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan yangi “Soyuz-5” raketa-tashuvchisining birinchi sinov parvozi rejalashtirilgan edi, ammo u amalga oshmadi. Loyiha hamkorlari — “Roskosmos” Rossiya davlat korporatsiyasi va Qozog‘iston Milliy kosmik agentligi (“Qazkosmos”) uni keyinroqqa qoldirdi. “Roskosmos” 26 dekabr, juma kuni e’lon qilgan xabarda aytilishicha, bunda “ham bort tizimlari, ham yer uskunalari bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish”ga qaror qilingan.
Parvoz muddatini ko‘chirish qarori, ta’kidlanishicha, texnik tusga ega: Rossiya—Qozog‘iston qo‘shma kosmik loyihasi “Bayterek” ishtirokchilari tizimlarning “barqaror” ishlashini ham odatiy, ham favqulodda rejimlarda tekshirib olishni, apparatning parvoz sinovlariga tayyorligini va raketaning birinchi uchirilishi xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlamoqda. “Roskosmos” “Bayterek” dasturi yakuniy bosqichda ekanini qayd etgan.
“Roskosmos” xabarida “Soyuz-5”ning yangi uchirish sanasi aytilmagan, sana “barcha jarayonlar yakunlari bo‘yicha belgilanishi va dastur ishtirokchilari bilan kelishilishi” ta’kidlangan. Biroq o‘sha kunning o‘zida Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari — sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev brifingda parvoz 2026 yilning birinchi choragiga ko‘chirilganini aytgan, deb xabar beradi mahalliy OAV.
Noyabr o‘rtalarda Rossiya kosmik davlat korporatsiyasi “mamlakat kosmonavtikasi tarixidagi eng yangi” “Soyuz-5” raketasi Samaradan Boyqo‘ng‘irga yetib kelganini xabar qilgan edi: uning bloklari montaj-sinov korpusiga yetkazilgan, u yerda raketani yil oxiridagi parvozga tayyorlashgan. “Roskosmos” rahbari Dmitriy Bakanovning aytishicha, ushbu raketa-tashuvchida “sayyoradagi eng qudratli dvigatel” — RD-171MV dan foydalanish rejalashtirilgan.
“Soyuz-5”ning birinchi uchirilishi dastlab 2023 yil oxiriga qadar rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun Boyqo‘ng‘irda “Bayterek” kosmik raketa kompleksi qurilishi kerak edi. Keyinchalik muddat 2025 yil dekabriga surilgan. Bloomberg ta’kidlashicha, Rossiya—Qozog‘iston dasturi Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi loyihalariga raqobatchi sifatida ko‘rsatilmoqda.
Noyabr oxirida Boyqo‘ng‘irda Rossiyaning “Soyuz MS-28” kosmik kemasi uchirilganidan keyin xizmat ko‘rsatish kabinasining bir qismi qulab tushgan, start maydoni shikastlangan. Mutaxassislar fikricha, bu Xalqaro kosmik stansiyaga uchiriladigan “Soyuz” va “Progress” pilotli kemalarining parvoziga xalaqit berishi mumkin.