Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
APLda poyga qizimoqda. Kun o‘yinlari
«Siti» va «Aston Villa»da g‘alabali seriya, «Arsenal»ga avtogollar yordam bermoqda, «Liverpul» to‘rtlikka qaytdi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Foto: Clive Mason/Getty Images
«Nottinghem Forest» – «Manchester Siti» 1:2
Gollar: Reynders, 48 (0:1). Hatchinson, 54 (1:1). Sherki, 83 (1:2)
«Nottinghem Forest»: Jon Viktor, Murilo, Milenkovich, Uilyams, Savona, Anderson, Dominges (Avoniyi, 87), Gibbs-Uayt, Hadson-Odoi (Bakva, 90+2), Hatchinson, Igor Jyezus
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Mateus Nunes, Gonsales, Reynders (Savio, 73), Bernardu Silva, Sherki (Ake, 89), Foden, Holand
Ogohlantirishlar: Anderson, 43 – Ruben Diash, 36. O`Rayli, 59
Turning shanba kungi dasturini chempionlik poygasi ishtirokchilaridan birining o‘yini ochib berdi, ammo Nottinghemda o‘tgan o‘yinning birinchi bo‘limida «Manchester Siti» umuman o‘z darajasiga mos emasdi. 45 daqiqa davomida jamoalar darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan birorta zarba yo‘llay olmadi, bunaqasi «shaharliklar» ishtirokidagi o‘yinlarda uch o‘yindan buyon kuzatilmagandi.
Ikkinchi bo‘lim boshida «Siti» bir kishi kam bo‘lib qolishi ham mumkin edi, Ruben Diashga jarima maydoni yaqinidagi qo‘polligi uchun ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatilishi kerak edi, ammo o‘yin bosh hakami Robert Jons uni kechirdi.

Shundan keyin esa «Siti» hisobni ochdi. Sherki nozik uzatma bilan Reyndersni oldinga tashlab, hisob ochilishida asosiy ishni bajardi. Keyin esa ushbu fransuzning burchakdan zarbasi o‘ta xavfli chiqdi. Hozirda u va Brunu Fernandesh yettitadan golli uzatma bilan APLda eng yaxshi assistent bo‘lib turishibdi.
Ammo hisobdagi ustunlik tezda boy berildi, mezbonlar qarshi hujumda hisobni tenglashtirishdi, bu hujumda Gibbs-Uayt Igor Jyezusning qanotdan oldinga yurishini o‘z vaqtida payqadi, braziliyalik hujumchi esa to‘pni «Siti» jarima maydoniga yetkazdi. Hatchinson hech qanday qarshilikka uchramasdan «Nottinghem» safidagi ilk golini urdi.
Shundan keyin «Siti» tashabbusni qo‘lga oldi va to‘pga egalik qilish bo‘yicha katta ustunlikka (73 foiz) ega bo‘lib, g‘alaba golini urib ketishga harakat qildi. Va maqsadiga erishdi. 83-daqiqada burchak zarbasidan keyin to‘p jarima maydonida bo‘sh qoldirilgan Sherkiga kelib tushdi va burchak tomon ideal zarba berdi. «Forest» ustozi darhol ikkinchi hujumchi Avoniyini maydonga tushirdi, ammo bu yordam bermadi.
Shu tariqa, «Siti» barcha turnirlar doirasida qatorasiga sakkizinchi g‘alabasiga erishdi va yana (vaqtincha) APL turnir jadvalida birinchi o‘ringa qaytdi.
«Arsenal» – «Brayton» 2:1
Gollar: Edegor, 14 (1:0). Ryutter, 52 – avtogol (2:0). Gomes, 64 (2:1)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Inkapiye, Lyuis-Skelli (Gabriel Magalyayns, 71), Rays, Subimendi, Edegor, Merino, Trossar (Martinelli, 82), Saka, Yokeresh (Gabriel Jyezus, 71)
«Brayton»: Verbryuggen, Dank, Koppola (Uotson, 87), van Hekke, Hinshelvud (Uelbek, 75), Ayyari, De Keyper (Viffer, 46), Ferdi Kadio‘g‘li, Gruda (Minte, 46), Gomes (Kostulas, 87), Ryutter
Ogohlantirishlar: Lyuis-Skelli, 69. Inkapiye, 90 – Verbryuggen, 45. Dank, 50. Koppola, 56
Bir necha soat o‘tib esa «kanonirlar» bu o‘rinni qaytarib oldi. Arteta shogirdlari «Siti»ning bosimini deyarli his qilishmayapti va o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonishda davom etishmoqda. Tarkibdagi muammolarga qaramay (Timber o‘yinga tayyor emasdi, Kalafiori esa chigalyozdi mashg‘ulotlari chog‘ida o‘zini yomon his qilib safdan chiqdi),
«Brayton» darvozasi ilk daqiqalardan shiddatli bosim ostida qoldi. Shunday hujumlardan biri Edegorning uzoq masofadan yo‘llagan aniq zarbasi bilan yakunlandi. Norvegiyalik hujumchi to‘pni yerlatib darvoza to‘riga yo‘lladi va jamoasining chempionat joriy mavsumida gol urgan 12-futbolchisiga aylandi. Sakaning golli pasi esa uning APLdagi 104-golli harakati bo‘ldi. Londonliklarning «yettinchi» raqami bu orqali Rober Piresning natijasini yaxshiladi.
Bundan tashqari, Bukayo endi «Arsenal»ning APLdagi eng yaxshi assistentlari (47 golli uzatma) ro‘yxatida beshinchi o‘ringa chiqdi. U Aaron Remsini ortda qoldirdi. Oldinda – Dennis Bergkamp (94), Tiyerri Anri (74), Sesk Fabregas (70) va Mesut O‘zil (54). Saka hali 24 yoshda ekani hisobga olinsa, u yuzlik dovonni zabt etadigan ilk futbolchi bo‘lishi mumkin.
Umuman, londonliklar o‘yinning birinchi bo‘limida raqib darvozasi tomon 25 ta zarba yo‘lladi, mehmonlarda esa birorta zarba bo‘lmadi.
Ikkinchi bo‘lim boshida esa Raysning burchak zarbasidan keyin mehmonlar hujumchisi Ryutter o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Qiziq jihati, Mikel Arteta jamoasining so‘nggi to‘rt o‘yinda urgan olti goli protokollarga avtogol sifatida yozilgan.
Hisob 2:0 ko‘rinishiga kelgach, o‘yin taqdiri hal bo‘lgandek ko‘ringandi, ammo «Arsenal» muxlislari o‘yinning oxirini hayajon ichida kuzatishga majbur bo‘lishdi. Avvaliga Gomes ustundan qaytgan to‘pni darvoza to‘riga yo‘llab, hisobni qisqartirdi. Keyin esa Rayya Mintening zarbasidan keyin fantastik seyv ijro etishiga to‘g‘ri keldi.

Shundan keyin Arteta yangi futbolchilar tushirish orqali o‘yin tizginini o‘z qo‘liga oldi va g‘alabali hisob saqlanib qoldi. Endi 31 dekabrga o‘tar kechasi «Emireyts»da «Aston Villa» mehmon bo‘ladi, yangi yilning ilk haftalarida «Bornmut»ga qarshi safar (4 yanvar) va Londonda «Liverpul» bilan jang (8 yanvar) kutmoqda.
«Liverpul» – «Vulverhempton» 2:1
Gollar: Gravenberh, 41 (1:0). Virs, 42 (2:0). S. Bueno, 51 (2:1)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez, Frimpong, Jons, Gravenberh, Makallister, Virs (Nioni, 90+3), Kiyeza (Bredli, 61), Ekitike (Gakpo, 86)
«Vulverhempton»: Joze Sa, S. Bueno, Kreychi, Moskera (Arias, 79), Andre, Gomes, U. Bueno (Volfe, 62), Doerti (Chachua, 62), Hvang Hi Chhang (Larsen, 62), Mane, Arokodare
Ogohlantirish: Andre, 56
Odatda klublar mavsum qizigan pallada futbolchilari Afrika kubogiga yo‘l olishidan norozilik bildiradi. Lekin bu mavsum «Liverpul»da unday emas, Arne Slot endi tarkib tanlashda ancha erkin qarorlar qilmoqda va Saloh haqidagi adoqsiz savollarga javob berish majburiyatidan qutulgan. Jamoa misrlik hujumchisiz o‘ynashga ko‘nikib oldi. Qolaversa, o‘z uyida «Vulverhempton»ga qarshi o‘yinda jiddiy muammo kutilmayotgandi ham. «Enfild»dagi o‘yinda jamoaning sobiq futbolchisi Diogu Jota yana bir bor xotirlandi va futbolchilar uning farzandlari va kichik yoshdagi qarindoshlarini maydonga yetaklab chiqishdi.
Bo‘lim oxirlarida Gravenberh hisobni ochganida golni sobiq jamoadoshi uslubida nishonladi. Bir daqiqa o‘tib Gravenberh Virsning APLda uzoq kutilgan goliga hammualliflik qildi. Bu voqeani 17 tur kutishga to‘g‘ri keldi, nemis futbolchisining Angliya chempionatidagi 21-zarbasi nihoyat golga aylandi.

«Liverpul» esa qatorasiga uch g‘alabadan keyin turnir jadvalining to‘rtinchi o‘rniga ko‘tarilib oldi, ammo peshqadam bilan oradagi farq 10 ochkoni tashkil etmoqda.
«Chelsi» – «Aston Villa» 1:2
Gollar: Joao Pedro, 37 (1:0). Uotkins, 63 (1:1). Uotkins, 84 (1:2)
«Chelsi»: Sanches, Badiashile, Chaloba, Kukurelya (Gyusto, 69), Jyeyms, Fernandes, Kaysedo, Palmer (Estevao, 72), Garnacho (Delap, 69), Pedru Netu, Joao Pedro (Gittens, 69)
«Aston Villa»: Martines, Lindelyof, Konsa, Matsen (Din, 83), Kesh, Tilemans, Kamara (Bogard, 83), Buendiya (Uotkins, 58), Rodjyers, Makginn (Onana, 59), Malen (Sancho, 59)
Ogohlantirishlar: Jyeyms, 57. Chaloba, 68. Kaysedo, 71. Delap, 71. Fernandes, 90 – Kesh, 30. Rodjyers, 57. Kamara, 78
Biroz o‘tib Londonda turning markaziy bahsi bo‘lib o‘tdi. Bu o‘yin arafasida turnir jadvalining uchinchi pog‘onasida turgan «Aston Villa» «Chelsi» mehmoni bo‘ldi. O‘yinning birinchi bo‘limi mezbonlarning to‘liq ustunligi ostida kechdi (to‘p nazorati 71-29, zarbalar bo‘yicha 10:0, xG bo‘yicha 1,98-0,00) va bo‘lim oxirlarida Jyeymsning burchakdan uzatmasidan keyin Joao Pedro hisobni ochdi.
Ikkinchi bo‘limda esa barchasi 180 darajaga o‘zgarib ketdi, birinchi bo‘limda zerikib qolgan Sanches supermen rejimini yoqishiga to‘g‘ri keldi.
Darvozabon yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelgan Kamaraning zarbasini va Rodjyers yaqin burchakka yo‘llagan to‘pni qaytardi, ammo bu vaziyatlar orasida bir zarbani o‘tkazib yubordi. «Chelsi» futbolchilari himoyadan chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, maydon markazida egallab olingan to‘p Rodjyersga yetkazildi va u Uotkinsni ideal pozitsiyaga chiqardi. 59-daqiqada Malen o‘rniga tushirilgan Olli shu kuni ideal jokerga aylandi va ko‘p o‘tmay Tilemansning burchakdan uzatmasidan keyin g‘alaba golini ham urdi.

«Villa» barcha turnirlar doirasida qatorasiga o‘n birinchi g‘alabaga erishib, «Arsenal» bilan uch ochkolik farqni saqlab qoldi. To‘rtinchi o‘rinni «Liverpul»ga bo‘shatib bergan «Chelsi»da esa tizimli muammolar kuzatilmoqda: Enso Mareska jamoasi hisobda oldinda borgan o‘yinlarida 13 ochko yo‘qotishga ulgurdi. Taqqoslash uchun, birminghemliklar hisobda ortda borgan o‘yinlarida iroda ko‘rsatib, 18 ochko olishgan.

Mavzuga oid
12:27 / 22.12.2025
«Barsa» qishki chempion, «MYu» yana yutqazdi. Kun o‘yinlari
11:04 / 21.12.2025
Mbappe Ronalduning rekordini takrorladi, Holand yangiladi. Kun o‘yinlari
11:25 / 16.12.2025
«MYu» va «Bornmut» o‘yini gollar shousiga aylandi
14:40 / 15.12.2025