Jahon | 15:01 / 29.12.2025
1537
2 daqiqa o‘qiladi

Skandinaviyada “Yoxaness” bo‘roni: qurbonlar va katta elektr uzilishlari

Shvetsiyada “Yoxaness” bo‘roni paytida uch kishi halok bo‘ldi. Norvegiya, Shvetsiya va Finlandiyada esa jami 140 ming xonadon elektr energiyasiz qoldi.

Foto: Andreas Björklund/TT/IMAGO

Skandinaviyaga yopirilgan “Yoxannes” bo‘roni Shvetsiyada uch kishining hayotiga zomin bo‘ldi va Shvetsiya, Norvegiya hamda Finlandiyada jami 140 ming xonadon ma’lum muddat elektr energiyasiz qoldi. Bu haqda dpa agentligi yakshanba, 28 dekabr kuni xabar berdi.

Svenska Dagbladet gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, Shvetsiyada halok bo‘lgan uch kishining barchasi shamol qulatgan daraxtlar ostida qolib ketgan. Fojiali hodisalar mamlakatning markaziy qismidagi Xofors va Sandviken shaharlarida, shuningdek Norrland mintaqasida, Botniya qo‘ltig‘i sohilida joylashgan Xernyosand shahrida sodir bo‘lgan. Halok bo‘lganlar 50 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan. Shvetsiyaning TT axborot agentligiga ko‘ra, ulardan biri Hemab energetika kompaniyasi xodimi bo‘lgan. U ochiq havoda ish bajarayotgan paytda uning ustiga daraxt qulab tushgan.

Nashr yozishicha, 28 dekabrda bo‘ron kuchi susaygan. Biroq qirollik hokimiyati hali ham avtomobilda safar qilishdan tiyilishni tavsiya qilmoqda — sababi yo‘llarda ko‘plab qulagan daraxtlar yotibdi. Shuningdek, 28 dekabr kuni mamlakatdagi bir qator temiryo‘l yo‘nalishlarida poyezdlar harakati to‘xtatilgani aytiladi. 28 dekabrda Shvetsiyada 40 ming xonadon elektr energiyasiz qolgan.

Finlandiyada ham “Yoxannes” bo‘roni tufayli poyezdlar qatnovi izdan chiqqan. Dpa xabar berishicha, har ikki mamlakatda aviareyslar kechikib uchgan yoki umuman bekor qilingan.

Finlandiyada bo‘ronli shamol Jyenevadan kelgan Swiss Airlines yo‘lovchi samolyotini uchish-qo‘nish yo‘lagidan surib chiqarib, qor uyumiga kiritib yuborgan. Ushbu hodisada hech kim jabrlanmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid