Jahon | 12:10
2025
4 daqiqa o‘qiladi

Ushakov: Tramp Putin rezidensiyasiga “hujum” haqidagi gaplardan shokda

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp hamda Vladimir Putin telefon orqali “ijobiy” suhbat o‘tkazgan. Rossiya rahbarining yordamchisi Yuriy Ushakov esa suhbat paytida AQSh prezidenti Putin rezidensiyasiga go‘yoki qilingan hujum haqidagi xabardan “shokka” tushganini aytdi.

Foto: RIA Novosti / Ilya Pitalev

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 29 dekabr, dushanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar mavzusida “ijobiy” telefon suhbati o‘tkazganini bildirdi.

Ikki rahbar suhbatini RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ham tasdiqladi. Uning aytishicha, Tramp maslahatchilari bilan birga 28 dekabr kuni AQSh prezidentining Mar-a-Lago xususiy qarorgohida (Florida shtati) Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari haqida Putinni xabardor qilgan.

Ushakov so‘zlariga ko‘ra, Putin esa o‘z navbatida Trampga Novgorod viloyatidagi davlat rezidensiyasiga Ukraina go‘yoki dronlar bilan hujum qilishga uringani haqida aytgan. Bu haqda avvalroq RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bayonot bergan edi. Putin yordamchisi “hujum” Mar-a-Lago muzokaralaridan “keyin” amalga oshirilganini qayd etgan. Ushakovning aytishicha, Rossiya rahbari Trampga bu “hujum” javobsiz qolmasligini, shu vaziyat fonida Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda RF pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqilishini bildirgan.

Putin yordamchisiga ko‘ra, Tramp suhbatda Putin rezidensiyasiga dron (uchuvchisiz apparat)lar bilan “hujum” qilingani haqidagi xabardan shokda qolgani va g‘azablanganini aytgan. Shuningdek, da’vo qilinishicha, “hujumga urinish” muhokamasida AQSh prezidenti “Oq uy Kiyevga ‘Tomagavk’ bermagan”, degan.

Oq uy Donald Trampning bu gaplarini hozircha rasman tasdiqlamagan.

Lavrov 29 dekabr kechqurun Ukraina Novgorod viloyatidagi Rossiya prezidenti rezidensiyasiga 91 ta dron bilan hujum qilishga uringanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha dronlar yo‘q qilingan. U “hujum”ni inobatga olgan holda “RFning muzokara pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi”, deb ta’kidlagan, biroq Moskva “AQSh bilan muzokara jarayonidan chiqish niyatida emas”, degan.

Zelenskiy Lavrovning bu bayonotini yolg‘on deb atagan va Rossiya Kiyevdagi hukumat kvartaliga zarba berishga tayyorlanayotgani bilan izohlagan. U shuningdek, RF TIV rahbarining gaplarini Tramp bilan kechagi muzokaralar bilan bog‘lagan: “Tushunarli: ruslar uchun Amerika bilan bizda janjal bo‘lmasa — aksincha, ilgarilash bo‘lsa — bu mag‘lubiyat. Chunki ular bu urush tugashini istamaydi”, — degan Zelenskiy.

Ukraina prezidenti fikricha, Moskva bunday bayonotlar bilan Kiyev va Vashington o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida erishilgan ilgarilashni izdan chiqarishga urinayotgan bo‘lishi mumkin. U Trampni “Rossiya tahdidlariga munosib javob berish”ga chaqirgan.

Shu kuni Zelenskiy va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff o‘rtasida ham telefon suhbati bo‘lib o‘tganini Ukraina MXMK kotibi Rustem Umerov X tarmog‘ida yozgan.

“Asosiy nuqta — keyingi aloqalar va navbatdagi qadamlarni muvofiqlashtirish. Ish juda shiddatli va mazmunli: biz deyarli har kuni maslahatlashuvlarni davom ettiryapmiz va hujjatlar bandlari ustida ishlayapmiz”, — deb yozdi u. Umerov “Yevropadagi milliy xavfsizlik maslahatchilari bilan doimiy aloqa” va “yaqin vaqtda navbatdagi uchrashuvlar” bo‘yicha kelishuvlar borligini ham qayd etgan.

Mavzuga oid