Jahon | 10:39
3832
6 daqiqa o‘qiladi

Trampning tahdidi ortidan AQSh Eron bo‘ylab yangi zarbalar yo‘lladi

Bunga javoban Eron Amerikaning mintaqadagi bazalariga hujum qildi.

Amerikalik harbiylar Eron hududidagi nishonlar bo‘ylab zarbalarning yangi seriyasini amalga oshirdi, deb xabar berdi AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM).

«AQSh Markaziy qo‘mondonligi kuchlari bosh qo‘mondon ko‘rsatmasiga binoan o‘zini himoya qilish maqsadida Erondagi bir nechta nishonlarga qo‘shimcha zarbalar berishni boshladi. Bu zarbalar Eronning asossiz va davom etayotgan tajovuziga javob hisoblanadi», – deya qayd etgan qo‘mondonlik.

OAV Eronning kamida oltita hududidagi portlashlar haqida xabar bergan.

Axios portali ma’lumotiga ko‘ra, hujumga uchragan barcha nishonlar Eron janubida joylashgan bo‘lib, havo hujumidan mudofaa tizimlari, radarlar hamda dronlarni boshqarish bo‘linmalariga hujum qilingan.

Biroz o‘tib CENTCOM Erondagi nishonlar bo‘ylab yangi zarbalar yakunlangani haqida ma’lum qildi.

Bunga javoban Eron Amerikaning Bahrayn va Kuvaytdagi bazalariga hujum qilganini ma’lum qildi – bu obektlar Eronning bir kun oldingi javob zarbalariga ham nishon bo‘lgandi.

«Islom inqilobi muhofizlari Havo-kosmik kuchlari va Harbiy-dengiz kuchlari Amerikaning Al-Salom, Ahmad al-Jobir va Shayx Iso aviabazalarida 18 ta asosiy harbiy nishonlariga zarba berib, yo‘q qildi», – deya xabar bergan Press TV telekanali.

Xabar qilishlaricha, AQShning Bahrayndagi bazasida «Patriot tizimlarining radiolokatsion vositalari va aloqa antennalari»ga hujum qilingan.

Shuningdek, AQShning yangi hujumlariga javoban Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tishga uringan barcha kemalar, jumladan, neft tankerlari va savdo kemalariga hujum qilinishi haqida ogohlantirdi.

Aviazarbalarning yangi to‘lqini boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Eron davlat ommaviy axborot vositalari harbiylarga tayanib, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tishga urinayotgan ikkita tijorat kemasiga, shuningdek  AQSh harbiy-dengiz kuchlarining bo‘g‘oz yaqinidagi kemalariga zarba berganini xabar qildi.

Fors ko‘rfazidagi Keshm orolida hamda bir qancha shaharlarda portlash ovozlari eshitilgan.

Ammo AQSh Markaziy qo‘mondonligi Ho‘rmuz bo‘g‘ozida Amerika harbiy kemalariga hujum qilingani haqidagi xabarlarni rad etdi.

«Kemalarning birortasiga zarba berilmagan», – deya qayd etgan CENTCOM va Eron nashrlari xabarlarini «yolg‘on» deb atagan.

Amerika harbiy qo‘mondonligi Islom inqilobi muhofizlari korpusining Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilgani haqidagi xabarini ham rad etgan.

«Tijorat kemalari bugun tunda ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kirib-chiqishi davom etmoqda», – deyiladi CENTCOM xabarida.

Bir kun oldingi zarbalar almashinuvidan so‘ng, AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga yana «kuchli zarba» berishga va’da bergandi.

Chorshanbaga o‘tar kechasi ham AQSh Eronga zarbalar bergandi – Tramp buni Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustida Amerika vertolyotini urib tushirganiga javob sifatida izohlagandi. Islom inqilobi muhofizlari korpusi bunga javoban Amerikaning mintaqadagi harbiy bazalaridagi nishonlarga zarba berilganini ma’lum qildi.

Chorshanba kuni Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida shunday deb yozdi: «Ular o‘zlari uchun ajoyib bo‘lishi mumkin bo‘lgan kelishuv bo‘yicha muzokaralarni juda cho‘zishdi va endi buning uchun javob berishlari kerak!!!» Bundan tashqari, Tramp yana bir marta Eron harbiy jihatdan to‘liq mag‘lubiyatga uchraganini aytdi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy AQShni «o‘zining bir-biriga zid bayonotlari, pozitsiyalari va talablarini doimiy ravishda o‘zgartirishi va eng yomoni, sulhni doimiy ravishda buzishi» bilan muzokaralar jarayoniga zarar yetkazishda aybladi.

Baqoiyning so‘zlariga ko‘ra, Eron hozirda yangi vaziyatni baholamoqda va shu bilan birga, muzokaralar uchun hech bo‘lmaganda minimal barqarorlik kerak deb hisoblaydi.

Eronning javobi va AQShning tankerga zarbasi

Islom inqilobi muhofizlari korpusi o‘tgan tunda Amerikaning Bahrayn va Iordaniyadagi bazalarida 21 ta nishonga raketa va dronlar uchirganini ma’lum qildi. Kuvayt armiyasi ham Eron hujumini qaytarishiga to‘g‘ri kelgani haqida xabar bergan.

Keyinroq Reuters agentligi amerikalik anonim rasmiyga tayanib xabar berishicha, Eronning deyarli barcha raketalari tutib qolingan, jabrlanganlar yo‘q.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Amerika harbiylarining Apache rusumli vertolyoti pastlab uchayotganida dronga urilish oqibatida qulagan.

Apache uchuvchilari suvdan chiqarib olingan va boshqa vertolyot orqali evakuatsiya qilingan.

Bu vaqtda Hindiston rasmiylari chorshanba kuni O‘mon qirg‘oqlari yaqinida Palau bayrog‘i ostida suzayotgan Settebello savdo kemasiga berilgan zarba natijasida kema ekipajining ikki nafar hindistonlik a’zosi bedarak yo‘qolgani, qolgan 21 nafari esa qutqarilganini ma’lum qildi.

AQSh harbiylari avvalroq tanker blokadani yorib o‘tib, Erondan neft olib chiqishga urinayotgani uchun unga zarba berganini ma’lum qilgan. Harbiylarga ko‘ra, Settebello ularning buyruqlariga bo‘ysunishdan bosh tortgan va Amerika samolyoti kemaning mashina bo‘limiga «yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar» bilan o‘q uzgan.

Mart oyi boshida AQSh va Isroilning zarbalariga javoban Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ygach, AQSh Eron portlarini blokada qilgandi.

Settebello amerikalik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilgan sakkizinchi kema bo‘ldi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid