Jahon | 11:57
1342
2 daqiqa o‘qiladi

Aksionist Pavel Krisevich ozodlikka chiqdi va Rossiyani tark etdi

Aksionist Pavel Krisevich Moskva viloyatidagi Istra shahrida joylashgan maxsus qabulxonadan chiqib, Rossiya hududini tark etgani xabar qilindi. Bundan oldin u Qizil maydondagi aksiyasi uchun 3,5 yil qamoqda bo‘lgan. May oyida u DW'ga Rossiyada qolishni rejalashtirayotganini aytgan edi.

Foto: TASS

25 yoshli peterburglik rassom-aksionist Pavel Krisevich qamoqdan chiqqanini va Rossiyani tark etganini ma’lum qildi. Bu haqda u seshanba, 30 dekabr kuni Telegram’da bayonot berdi. “Diktatura va erksizlik hududini tark etayotganda his qiladigan o‘ziga xos eyforiya tuyg‘usi”, — deb yozdi Krisevich.

Noyabr oxirida u Moskva viloyatining Istra shahrida navbatdagi aksiyasini o‘tkazayotgan vaqtda ushlangan. Rassomni “mayda bezorilik” bo‘yicha ma’muriy ish bilan 15 sutkaga qamashgan. 14 dekabr kuni maxsus qabulxonadan chiqqanidan keyin uni yana ushlab, yana 12 sutkaga ma’muriy qamoq jazosini berishgan.

Krisevich so‘zlariga ko‘ra, ozodlikka chiqishidan ikki kun oldin maxsus qabulxonaga FSB xodimlari kelib, unga tahdid qilgan: “Buyumlaringni yig‘ishtirib ket, aks holda qamaymiz”.

Rassom qaysi mamlakatga borganini aniqlamagan. Faqat “xavfsiz joydaman”, deb yozgan.

2021 yilda aksionist Qizil maydonga qurol bilan chiqib, o‘ziga bo‘sh patron bilan boshiga o‘q uzgan. Shu performans uchun u “bezorilik” moddasi bilan 5 yil qamoq jazosini olgan. 3,5 yildan so‘ng, 2025 yil yanvar oyida u ozodlikka chiqqan.

Krisevich may oyida DW bilan suhbatda Rossiyada qolmoqchi ekanini aytgan edi: “Balkim, mening bu yerda qolishimning o‘zi — performansning bir shaklidir”. May oyida u “shubhali bahona” bilan yana 10 sutkaga ham qamalgan.

Mavzuga oid