Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
JSTga kirish – tarkibiy transformatsiya
Hukumatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish borasida qo‘yayotgan dadil qadamlari tushunarli – kechikyapmiz. Biroq jamoatchilik orasida bu jarayonning oqibatlari borasida turlicha qarashlar yangrashi davom etmoqda: kimdir buni narxlar tushishi va farovonlik manbayi sifatida ko‘rsa, boshqalar mahalliy ishlab chiqarishning inqirozi sifatida baholamoqda.
Sun’iy intellekt chizgan surat
Ayniqsa, bugungi global savdo muhiti, geosiyosiy qarama-qarshiliklar, proteksionizmning kuchayishi va savdo zanjirlaridagi uzilishlar fonida ushbu qarorning iqtisodiy oqibatlari jamoatchilikda qo‘shimcha va haqli xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Sehrli tayoqcha emas, “sportzal”
JSTga a’zolik muammolarni birdaniga hal qiluvchi "sehrli tayoqcha"mi yoki og‘ir, ammo sog‘lomlashtirish uchun zarur bo‘lgan "sport zali"mi? Ushbu maqolada iqtisodiy mantiqqa tayangan holda kutilayotgan o‘zgarishlarni tahlil qilamiz.
Nima o‘zgaradi? Kimga yaxshi, kimga yomon?
Institutsional o‘zgarishlar, "o‘yin qoidalari"ning yangilanishi
JSTga a’zolikning eng birlamchi va fundamental foydasi – tariflarning pasayishi emas, balki institutsional barqarorlik.
Iqtisodiyotda, Duglas Nort (Nobel mukofoti laureati) ta’biri bilan aytganda, "o‘yin qoidalari"ning aniq va o‘zgarmas bo‘lishi – eksportchilar va xorijiy investorlarni jalb qilish uchun va teng muhitda astoydil mehnat qilish uchun eng muhim omildir.
Natijada O‘zbekiston:
- O‘rta va uzoq muddatga bozor muhiti bashorat qilinadigan savdo maydoniga aylanadi. Ma’lumki, JST doirasida savdo siyosati xalqaro huquqiy normalar bilan tartibga solinadi. Bu bir kechada hukumatning importni taqiqlash yoki eksportga sun’iy to‘siq qo‘yish (masalan, proteksionistik maqsadlarda) imkoniyati cheklanishini anglatadi. Eksportchilar va xorijiy investorlar uchun bu risk premiyasining pasayishini kafolatlaydi va ijobiy biznes oqimini kuchaytiradi.
- Teng huquqli ishtirokchiga aylanadi. Hozirda O‘zbekiston jahon savdosida "qoida qabul qiluvchi" (rule-taker) rolida. A’zolikdan so‘ng esa, mamlakat global savdo muzokaralarida o‘z o‘rindig‘iga va ovoziga ega bo‘lib, "qoida yaratuvchi" (rule-maker) sifatida ham ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu jihatdan JSTga a’zolik O‘zbekistonning xalqaro savdo maydonidagi mavqeyini kuchaytiradi.
- Respublika hududida sanoat uchun muhim bo‘lgan uskunalar, ehtiyot qismlar, xomashyo va qadoqlash materiallari narxining pasayishiga erishiladi. Xalqaro valuta jamg‘armasi tadqiqotlariga ko‘ra, oraliq mahsulotlar importidagi to‘siqlarning kamayishi ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu jarayon bevosita va darhol sezilmasligi mumkin, biroq o‘rta muddatda raqobat kuchayishi orqali iste’molchilar uchun ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ammo JSTga kirish hamma uchun "bayram" emas. Iqtisodiyotda Jozef Shumpeter aytgan "yaratuvchi buzg‘unchilik" (creative destruction) jarayoni qisqa muddatlarda ro‘y berishi mumkin.
Kimga yomon?
Qiyinchiliklarga to‘xtalamiz:
- Yillar davomida davlat himoyasi, imtiyozli kreditlar va bojxona to‘siqlari ortida jon saqlagan, raqobatga bardoshsiz korxonalar bozor qonunlari bilan yuzlashadi. Ular yo texnologik qayta jihozlanishi yoki bozorni tark etishi kerak bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, qisqa muddatda ayrim korxonalar va ish o‘rinlari uchun muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun sanoatni moslashtirish va texnologik modernizatsiya siyosatini hozirdan boshlash alohida ahamiyat kasb etadi.
- JST qoidalari davlatlarning importni keskin cheklash yoki ayrim sohalarga tanlab imtiyoz berish imkoniyatlarini ham cheklaydi. Natijada savdo siyosati, yuqorida ta’kidlanganidek, yanada tizimli va barqaror bo‘ladi; qisqa muddatli operativ "qo‘lda boshqarish" usullaridan foydalanish qiyinlashadi.
- Ochiq iqtisodiyot global inqirozlarga ta’sirchanlikni oshiradi. Global ta’minot zanjiridagi uzilishlar yoki jahon bozoridagi narx tebranishlari O‘zbekiston ichki bozoriga tezroq ta’sir o‘tkazadi. Oddiy til bilan aytganda, agar dunyo iqtisodiyoti "aksirsa", a’zo mahalliy iqtisodiyotlar "shamollashni tez yuqtirib" oladi. JST o‘z a’zolarini inflatsiya, ta’minot zanjiri uzilishidan yoki yuk tashish tartibsizligidan himoya qilmaydi.
Shu yo‘sinda davom etgan holda, ko‘pchilikni qiziqtirgan asosiy savol – "Narxlar qachon va qanchaga tushadi?"ga o‘tsak. Iqtisodiy nazariya va JST allaqachon qo‘shilgan qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston (2015 yil), Qirg‘iziston (1998 yil) va Tojikiston (2013 yil) tajribasiga asoslanib, quyidagi prognozlarni ilgari surish mumkin. Eslatib o‘tamiz, JST chegirma beradigan vaucher emas.
Nimalar arzonlashadi?
Maishiy texnika va elektronika arzonlashadi, kutilayotgan pasayish – 3-10 foiz. JSTning "Axborot texnologiyalari to‘g‘risidagi bitimi" (ITA) ko‘plab texnologik mahsulotlarga nol stavkali bojlarni rag‘batlantiradi. Shunday ekan, smartfonlar, noutbuklar va kompyuter qismlari narxidagi pasayish nafaqat bojxona to‘lovlari, balki tranzaksion xarajatlarning qisqarishi hisobiga ham yuz beradi.
Kiyim-kechak va tekstil mahsulotlari ham arzonlashadi, kutilayotgan pasayish – 5-12 foiz. Hozirgi kunda import qilinadigan kiyim-kechaklarga nisbatan yuqori bojlar mavjudligi o‘zbek bozoriga global brendlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib kelishini cheklab, "kulrang import"ga zamin yaratgan. Bojxona tariflarining pasayishi va logistika zanjirining optimallashuvi hisobiga import kiyim-kechak segmentida 12 foizgacha arzonlashish kuzatilishi ehtimolligi yuqori prognozdir.
Avtomobil bozori ham liberallashadi, o‘rta muddatda narxlar 10-25 foizgacha pasayishi mumkin. Avtosanoatdagi proteksionizm darajasi pasayishi muqarrar, ammo bu jarayon "shok terapiyasi" usulida emas, balki bosqichma bosqich amalga oshiriladi. JST qoidalariga ko‘ra, import bojlaridan tashqari, diskriminatsion xarakterdagi boshqa yig‘imlar (masalan, utilizatsiya yig‘imining faqat importchilar uchun yuqoriligi) qayta ko‘rib chiqilishi kerak bo‘ladi. Agar utilizatsiya yig‘imi va bojlar umumiy hisobda pasaytirilsa, 3-5 yillik istiqbolda xorijiy avtomobillar narxi arzonlashishi kutilmoqda. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni o‘z tannarxini optimallashtirishga yoki model qatorini yangilashga majbur qiladi.
Nima qimmatlashishi mumkin?
Energiya resurslari (elektr energiyasi, gaz) narxlari oshishi mumkin. JST nafaqat tariflarni, balki eksportga yo‘naltirilgan sanoat mahsulotlarini va umuman ishlab chiqaruvchilar uchun beriladigan subsidiyalarni ham nazorat qiladi. Bu esa elektr energiyasi va gaz sohalariga beriladigan subsidiyalar qisqarishiga, o‘z navbatida ularning tannarxi bozor darajasiga yaqinlashishiga olib keladi. Bu borada islohotlar allaqachon boshlangan, shuning uchun bu unchalik qo‘rqinchli emas va yaqin kelajakda narx oshishlari boshqa kuzatilmaligi mumkin.
Ba’zi turdagi dori-darmonlar ham biroz qimmatlashishi mumkin. Intellektual mulk huquqlarining (TRIPS) qat’iy himoya qilinishi ba’zi jyenerik dori vositalarining (asl nusxaning arzon analoglari) bozorga kirishini qiyinlashtirishi yoki litsenziya to‘lovlari hisobiga narxini oshirishi mumkin.
Umuman olganda, ayrim mahalliy mahsulotlarning (qisqa muddatli) xalqaro standartlarga o‘tishi vaqt va xarajat talab qiladi. Shuning uchun, vaqtinchalik umumiy narx bosimi kuzatilishi mumkin.
Xulosa
Xulosa shuki, JSTga a’zolik O‘zbekiston uchun na sehrli tayoq, na mutlaq xavfdir. Bu iqtisodiy intizom, raqobat va institutsional islohotlarni talab qiladigan murakkab, lekin O‘zbekiston uchun zaruriy jarayon. O‘rta va uzoq muddatda ijobiy natijalar berishi uchun JSTga a’zolik sanoat siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy himoya va makroiqtisodiy barqarorlik choralarini uyg‘unlashtirgan holda amalga oshirilishi lozim.
JST sport zaliga a’zolikka o‘xshaydi – birinchi kunidayoq mushaklaringiz shishmaydi. Mashg‘ulotlar boshida tanangiz og‘riydi, zo‘riqadi. Ammo rejimga kirsangiz, islohotlar o‘z ijobiy natijalarini bera boshlaydi.
Yana bir muhim jihat, agar O‘zbekiston "sport zali" qoidalariga to‘liq amal qilsa-yu, boshqa bir a’zo davlat O‘zbekiston eksportiga nisbatan nohaq, kamsituvchi to‘siqlar qo‘ysa nima bo‘ladi? Yoki aksincha, O‘zbekiston a’zolikdan keyin ham ortiqcha subsidiyalarni saqlab qolsa yoki tariflarni sun’iy ravishda yuqori ushlab tursa, qisqacha aytganda "uy vazifasini" to‘liq bajarmasa-chi?
Real geosiyosatda, hatto eng yirik iqtisodiyotlar ham ba’zan proteksionistik kayfiyatga berilib, qoidalarni chetlab o‘tishga urinadilar (bunga hozirgi yirik savdo urushlari yaqqol misol). Bunday hollarda afsuski narxlar tushishi, raqobat kuchayishi kabi ijobiy iqtisodiy o‘zgarishlar amalga oshmasligi mumkin.
Qayd etish kerakki, JST o‘z "politsiyasi"ga yoki a’zolarni to‘g‘ridan to‘g‘ri jarimaga tortish, jazolash vakolatiga ega emas. A’zolikdan butunlay chiqarib yuborish holati esa tashkilot tarixida kuzatilmagan. Munozarali hollarda JSTning o‘zida Nizolarni hal qiluvchi Appelyatsiya kengashi mavjud bo‘lib, u jahon savdosining o‘ziga xos "oliy sudi" sifatida xizmat qiladi. Agar biror a’zo davlat o‘z huquqlari buzilganini ushbu organ oldida isbotlay olsa, JST Apellyatsiya kengashi o‘sha qoidabuzar davlatga nisbatan qarshi choralar ko‘rishga, masalan, ulardan kelayotgan importga vaqtincha yuqori bojlar joriy etishga rasman ruxsat beradi.
Bu tizim mukammal bo‘lmasa-da, hozirgi kunda global savdo tizimidagi tartibsizlikni tiyib turuvchi, davlatlarning jahon hamjamiyati oldidagi nufuzini belgilab beruvchi asosiy huquqiy vostilardan biri hisbolanadi.
Shuhrat Yarashov,
Avstraliyaning Adelaida universiteti,
iqtisodiyot yo‘nalishi doktoranti
Mavzuga oid
10:39 / 22.12.2025
O‘zbekiston JSTga a’zolik jarayonida Rossiya bilan muzokaralarni yakunlovchi protokolni imzoladi
13:05 / 25.11.2025
O‘zbekiston JSTga a’zolik bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralarni deyarli yakunladi
12:16 / 06.11.2025
O‘zbekiston JSTga qo‘shilish bo‘yicha Kanada va Panama bilan muzokaralarni yakunladi
08:51 / 23.09.2025