Jahon | 09:43
1750
4 daqiqa o‘qiladi

Kiyev AQSh bilan Putin qarorgohiga hujum haqidagi xabarlarni muhokama qildi

Ukraina muzokarachilari Putin rezidensiyasiga hujum bo‘lgani haqidagi xabarlardan so‘ng AQSh jamoasi bilan bog‘landi. Kiyevning hamkorlari Moskva da’volarining qanchalik rost-yolg‘on ekanini har doim tekshirib ko‘rishi mumkin, dedi Volodimir Zelenskiy.

Foto: AFP/Getty Images

Kiyev ittifoqchilari Moskva tomonidan Novgorod viloyatida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning davlat rezidensiyasiga go‘yo hujum bo‘lgani haqida aytilgan da’volar yolg‘on ekanini tasdiqlay olish imkoniyatiga ega. Bu borada Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy seshanba kuni, 30 dekabrda ishonch bildirdi.

“Valdayga hujum masalasiga kelsak, bizning muzokara guruhimiz Amerika jamoasi bilan bog‘landi, ular tafsilotlarni o‘rganishdi va biz bu — soxtalik ekanini tushunyapmiz. Albatta, hamkorlarimiz har doim o‘zlarining texnik imkoniyatlari tufayli bu (hujum haqidagi ma’lumot — tah.) soxta bo‘lganini tekshirib ko‘rishi mumkin”, — dedi Zelenskiy matbuot vakillari bilan muloqotda.

Ukraina rahbarining tushuntirishicha, Moskva Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha tinchlik kelishuvi imzolanishiga, shuningdek mamlakatda referendum o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilish uchun shunday “tashlamalar” qiladi va “boshqa bahonalarni o‘ylab topadi”. “Rossiyaliklar hech qanday referendumni xohlamaydi. Ular bizga xavfsizlik berishni istamaydi. Ular o‘t ochishni to‘xtatish ro‘y bermasligi uchun doim yangi-yangi sabablar topadi. Referendumni esa xavfsiz infratuzilmasiz o‘tkazib bo‘lmaydi”, — deya urg‘u berdi u.

Ukraina rahbari so‘zlariga ko‘ra, Kiyev xavfsizlik kafolatlari doirasida Ukrainada Amerika qo‘shinlari bo‘lishi ehtimolini AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muhokama qilmoqda, deb xabar berdi Reuters agentligi.

Zelenskiy Ukraina urushni qanday yakunlash haqidagi muzokaralarni davom ettirishga sodiq ekanini ta’kidlab, Putin bilan istalgan formatda uchrashishga tayyorligini ham qo‘shimcha qildi.

Bundan avval, 30 dekabr kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa Kiyev Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston va Hindistonning izohlariga “ko‘ngil qolishi va xavotir” bilan javob berganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, ular “hujum bo‘lmagan” holat bo‘yicha “o‘z xavotirini bildirgan”.

“Bu yanada hayratlanarli, chunki mazkur uch davlatning hech biri 2025 yil 7 sentabr kuni haqiqiy Rossiya raketaci Ukraina hukumatining haqiqiy binosiga kelib urilganida rasmiy bayonot bilan chiqmagan”, — deb yozdi Sibixa X ijtimoiy tarmog‘ida. “Rossiyada yolg‘on da’volarning uzoq tarixi bor — bu ularning o‘ziga xos taktikasi. Masalan, 2022 yil boshida Rossiya Ukrainaga hujum qilmasligini aytgan edi. Ular ko‘pincha o‘zi rejalashtirayotgan ishda boshqalarni ayblaydi. Ularning gaplarini hech qachon so‘zsiz haqiqat deb qabul qilmaslik kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Ukraina TIV rahbari.

Zelenskiy Rossiya bayonotlariga ayrim davlatlarning munosabatidan noroziligini ham bildirdi. Ukraina rahbari Moskva avval ham Kiyevdagi hukumat kvartaliga zarba berganini esladi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 29 dekabr kuni Ukraina Putinning davlat rezidensiyasiga 91 ta uchuvchisiz apparat (dron) yordamida hujum qilishga uringanini aytgan edi. Novgorod viloyatida Valday ko‘lida “Dolgiye Borody” rezidensiyasi joylashgan.

Hujum haqidagi ma’lumot boshqa manbalardan tasdiqlanmagan. Ukraina prezidenti Lavrovning bayonotini Rossiya Kiyevdagi hukumat kvartaliga zarba berishni rejalashtirayotgani bilan bog‘ladi.

“Rossiyaliklar bu urushni tugatishni istamaydi. Qandaydir rezidensiya hujumga uchradi degan bayonot bilan ular poytaxt va davlat binolariga zarba berish uchun shunchaki zamin tayyorlayapti”, — dedi Zelenskiy jurnalistlarga WhatsApp orqali.

Mavzuga oid