O‘zbekiston | 18:46 / 31.12.2025
2399
2 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi

Tizim birinchi navbatda Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi natijalariga ko‘ra «qoniqarsiz» deb baholangan davlat organlari va tashkilotlarida joriy qilinadi.

Foto: Kun.uz 

«O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining faoliyati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan uzviy hamkorlikda tashkil etiladi.

2026 yil 1 iyuldan davlat organlari va tashkilotlarida 2030 yilgacha bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi.

Ushbu tizim birinchi navbatda Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi natijalariga ko‘ra «qoniqarsiz» deb baholangan davlat organlari va tashkilotlarida joriy etiladi.

Davlat organlari va tashkilotlarida Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan reja-grafikka muvofiq bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimining belgilangan muddatlarda joriy etilmagani davlat organi yoki tashkiloti rahbari va o‘rinbosarlariga tizim joriy etilgunga qadar bo‘lgan muddatda barcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘xtatib turilishiga sabab bo‘ladi.

Agentlik, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, ilmiy muassasalar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari va fuqarolik jamiyati institutlarining doimiy hamkorligiga asoslangan Korrupsiyaning oldini olishning yaxlit tizimi joriy etiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid