Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Varshava aeroportida Ukraina fuqarosi radiosignal to‘suvchi qurilma bilan ushlandi
Ukraina fuqarosi Varshava aeroportida taxminan olti soat o‘tirganidan so‘ng ushlandi va bir oy muddatga hibsga olindi. U aeroportda nima qilgani va nima uchun radiosignallarni bosib qo‘yuvchi qurilma kerak bo‘lganini tushuntira olmagan.
Varshavadagi Shopen nomidagi aeroportda 23 yoshli Ukraina fuqarosi Ilya S. qo‘lga olindi. Uning qo‘lida aviaqatnov aloqasi, radiolokatsiya va navigatsiya uchun davlat tomonidan ajratilgan chastota diapazonlarida ishlaydigan radiosignallarni bosib qo‘yuvchi qurilma bo‘lgan. Polshadagi Rzeczpospolita gazetasi 1 yanvar, payshanba kuni xabar berishicha, ushlash 26 dekabr kuni sodir bo‘lgan.
Aeroport xavfsizlik xizmatlari xodimlari Ilya S.ga e’tibor qaratgan, chunki u boshqa yo‘lovchilardan farqli ravishda juda uzoq — taxminan olti soat kutish zalidagi kafeda stol yonida o‘tirgan. Shu vaqt davomida u qahva va yengil taomlar buyurtma qilib, noutbukdan foydalangan. U aeroportga avval ham kelgan-kelmagani hozircha ma’lum emas, ammo bu videokuzatuv kameralari yozuvlari o‘rganilgandan keyin aniqlanadi.
Ushlash vaqtida Ilya S. aeroportda nima bilan shug‘ullanganini va nima uchun radiopomexa qurilmasi unga kerak bo‘lganini ishonarli tarzda tushuntira olmagan. Rzeczpospolita manbalariga ko‘ra, u o‘z kasbi, mol-mulki yoki sudlangan-sudlanmagani haqidagi savollarga javob berishdan bosh tortgan. Gazeta suhbatdoshlari shunday deydi: “Avvaliga u o‘zini harbiy xizmatchi deb aytdi, oradan bir lahza o‘tib esa biznesmen ekanini bildirdi. Shuningdek, u Polshada nima qilib yurganini, qachon va qanday maqsadda bu yerga kelganini ham tushuntira olmadi”. Shu bilan birga, ukrainalik o‘zining doimiy yashash joyi Kanada ekanini ta’kidlagan. Prokuror Pyotr Skibaning aytishicha, gumonlanuvchi “tergovning dastlabki bosqichida tasdiqlanmagan tushuntirishlar bergan”.
Varshava shahar tuman sudi 27 dekabr kuni prokurorning iltimosnomasini qisman qanoatlantirib, Ilya S.ni bir oy muddatga qamoqqa oldi. Prokuratura fikricha, shunday muddatga hibsda saqlash tergovchilarga hibsga olingan shaxsning noutbugi va telefonini o‘rganish, shuningdek radioglushitelning imkoniyatlari, quvvati va qo‘llanish maqsadini aniqlashga ulgurish uchun zarur.
Ilya S.ga aviaqatnov xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlarni sodir etishga urinish ayblovi qo‘yilgan. U aybini tan olmadi. Tergovchilar hozircha hibsga olingan shaxsning motivlarini bilmayapti. Ko‘rilayotgan versiyalar orasida diversiya yoki josuslikka urinish, shuningdek xavfsizlik xizmatlarining javob qaytarish vaqti (reaksiyasi)ni tekshirib ko‘rish ham bor. Ta’kidlanishicha, Varshavadagi Shopen aeroporti Polsha uchun muhim infratuzilma obektlaridan biri hisoblanadi, shuning uchun ish alohida jiddiylik bilan tergov qilinmoqda.
“Unga radioglushilka nima uchun kerak bo‘lgani va u haqiqatan ham Kanadada yashaydi-yo‘qmi — bularni prokuratura tekshiradi. Ishning xususiyatini inobatga olganda, tergovga Polsha Ichki xavfsizlik agentligi ham qo‘shilishi ehtimoldan xoli emas”, — deb izoh berdi Rzeczpospolita gazetasi.