Ta’lim | 13:12 / 03.01.2026
2070
2 daqiqa o‘qiladi

«Besh million sun’iy intellekt yetakchilari»: eng yaxshi maktablar elektromobil oladi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «Bir million dasturchi» loyihasining mantiqiy davomi sifatida «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasini amalga oshirish hamda yil yakunida eng yuqori natija qayd etgan ishtirokchilarni rag‘batlantirish belgilandi.

2025 yil 31 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining «Yoshlarni AT sohasiga jalb qilish, ularning raqamli bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 849-sonli qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan «Bir million dasturchi» loyihasining mantiqiy davomi sifatida «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasini amalga oshirish va mazkur loyiha doirasida yil yakuni bo‘yicha eng yuqori natijalarga erishgan yoshlar, ularning o‘qituvchilari hamda ta’lim tashkilotlarini rag‘batlantirish taklifi ma’qullangan.

Hujjatda har yili «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasi doirasida eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni taqdirlash bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazib borilishi belgilangan.

Tanlov g‘oliblariga pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar topshirilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan:

  • 100 nafar o‘qituvchi — 1 000 AQSh dollari ekvivalentida pul mukofoti;
  • 10 nafar o‘qituvchi — xorijiy sayohatga yo‘llanma;
  • 500 nafar yoshlar — noutbuk;
  • 500 nafar yoshlar — qimmatbaho sovg‘alar;
  • 3 ta oliy ta’lim tashkiloti — pul mukofoti;
  • 2 ta umumta’lim maktabi («Prezident sovg‘asi») — elektromobil bilan taqdirlanadi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid