Jahon | 09:31 / 03.01.2026
2146
4 daqiqa o‘qiladi

Chexiyada Ukraina masalasi sabab parlament spikerini ishdan olish talab qilindi

Chexiyadagi muxolifat partiyalari mamlakat parlamentining quyi palatasi spikeri Tomio Okamurani lavozimidan ozod etish masalasi bo‘yicha ovoz berish o‘tkazish uchun imzolar to‘plashni boshlaydi. Bunga sabab - uning yangi yil munosabati bilan nutqida Ukrainaga qurol yetkazib berishni tanqid qilgani.

Foto: Stephan Schulz/dpa-Zentralbild/picture alliance

Chexiya parlamenti quyi palatasidagi muxolifat partiyalari mamlakat quyi palatasi spikeri — muhojirlarga qarshi “Erkinlik va to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya” (SPD) partiyasi lideri Tomio Okamuraning iste’fosi masalasi bo‘yicha ovoz berishni birgalikda boshlashga kelishib oldi. Kelasi hafta ular imzolar yig‘ishni boshlaydi, deb xabar qildi juma kuni, 2 yanvarda České noviny chex nashri. Bunga sabab — Okamuraning yangi yil nutqi bo‘lib, u o‘sha nutqida Ukrainaga qurol yetkazib berishni o‘ta keskin tanqid qilgan.

“Biz chex pensionerlariga, nogironligi bor odamlarga va bolali oilalarga tegishli pullarni qurol sotib olishga va uni mutlaqo ma’nosiz urushni davom ettirish uchun jo‘natishga sarflay olmaymiz”, — dedi Okamura. U Kiyevning hamkorlarini qurolni qarzga ishlab chiqarish va sotish orqali go‘yo daromad qilayotganlikda aybladi, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy atrofini esa “xunta” deb atadi, unda “pul har tomonga oqib ketmoqda”, dedi.

Shuningdek, chex parlamenti spikeri Yevropa Ittifoqi rahbariyatini ham tanqid qilib, uning ifoda etishicha, “Bryussel poyezdi”, “AQSh hukumati ogohlantirishlariga qaramay, Uchinchi jahon urushi tomon harakatlanmoqda”, dedi.

Markazchi liberal “Mustaqillar” (STAN) partiyasi rahbari Vit Rakushan X ijtimoiy tarmog‘ida Okamuraning “ayblov” so‘zlari “butun hukumatning javobgarligi” ekani va “afsuski, butun Chexiya uchun sharmandagarchilik” ekanini yozdi. O‘ngchi “Fuqarolik demokratik partiyasi” (ODS) rahbariyati — u STAN bilan birga avvalgi hukmron koalitsiyaga kirgan — spiker nutqini “qabul qilib bo‘lmaydigan manipulyatsiya va qo‘rqitish” namunasi, deb atadi va u “Chexiya Respublikasiga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazadi”, deb bildirdi.

Okamuraning yangi yil nutqini Ukraina elchisi Pragada Vasiliy Zvarich va Oliy Rada spikeri Ruslan Stefanchuk ham tanqid qilib, u Ukraina va ukrainlarni haqorat qilganini ta’kidladi: ular to‘rtinchi yil Rossiya agressiyasidan himoyalanmoqda.

Okamuraning o‘zi tanqidga javoban, chex muxolifatida “afsuski, fuqarolarning turmush darajasini yaxshilashi va iqtisodiyotni ko‘tarishi mumkin bo‘lgan hech qanday ijobiy mavzular yo‘q”, deb aytdi.

6 noyabr kuni, parlament spikeri etib saylanganining ertasiga, Tomio Okamura Chexiya parlamenti binosi fasadidan Ukraina bayrog‘ini olib tashlashni buyurdi va “Chexiya Respublikasi — hammasidan avval”, dedi. Internetda surat ham chiqdi: unda siyosatchi bayroqni tushirayotgan odam turgan zinani ushlab turibdi. Okamuraning bu qadami ham chex muxolifati va Kiyevdagi hokimiyatlar tomonidan tanqid qilindi.

O‘ta o‘ng qarashlarga ega millatchi sifatida tanilgan Tomio Okamura Chexiya parlamenti spikeri etib yangi hukmron koalitsiyadagi hamkorlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan saylandi: milliarder Andrey Babishning populistik ANO harakati va “Avtomobilistlar uchun” partiyasi tomonidan.

Bu partiyalar 2025 yil 3–4 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari yakunlariga ko‘ra hokimiyatga keldi. Babish Chexiyaning yangi bosh vaziri bo‘ldi. U darhol Praga Ukraina moliyalashuvi bo‘yicha hech qanday kafolatlarni o‘z zimmasiga olmasligini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid