Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
RF AQShdan Venesuela sohillari yaqinida tankerni ta’qib qilmaslikni so‘radi
Rossiya hukumati Venesuelaga yo‘l olgan, bortida RF bayrog‘i tasviri paydo bo‘lgan neft tankerini ta’qib qilishni to‘xtatish iltimosi bilan AQShga rasmiy so‘rov yo‘lladi. Vashington esa bu kema avvalroq sanksiyalarni chetlab o‘tib, Eron neftini tashigan, deb hisoblaydi.
Rossiya hukumati yangi yil arafasida kechqurun AQSh Davlat departamenti manziliga rasmiy diplomatik so‘rov yuborib, Venesuelaga yo‘l olgan neft tankerini ta’qib qilishni to‘xtatishni so‘ragan. Bu haqda The New York Times (NYT) juma kuni, 2 yanvarda, “ikki nafar xabardor manba”ga tayangan holda xabar berdi. Manbalardan biriga ko‘ra, shu mazmundagi so‘rov Oq uy huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashiga ham yuborilgan.
NYT 30 dekabr kuni AQSh Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati 21 dekabrda Karib dengizida Venesueladan neft olish uchun ketayotgan Bella 1 tankerini ushlashga uringani, ammo kema amerikalik harbiylar buyrug‘iga bo‘ysunmaganini yozgan edi. Kema Vashington tomonidan sanksiyalarni buzgan holda Eron neftini tashigani uchun sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan — shu sabab AQShda uni qo‘lga olish bo‘yicha order ham bo‘lgan.
Tanker bayroqsiz harakatlangan va ushlashga urinishdan keyin yo‘lini davom ettirgan. Shundan so‘ng ta’qib boshlangan, uning vaqtida ekipaj kema bortga Rossiya bayrog‘ini osib qo‘ygan. Gazeta yozishicha, “yaqinda” Bella 1 yangi nom — Marinera bilan Rossiya kemalar reyestrida paydo bo‘lgan. Shunga qaramay, AQSh rasmiylaridan biri jurnalistlarga (ismi oshkor etilmaslik sharti bilan) Donald Tramp ma’muriyati tankerni hali ham “hech bir davlatga tegishli emas” deb hisoblashini aytgan, chunki Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati unga yaqinlashgan paytda kema “yolg‘on bayroq” ostida yurgan, degan da’vo bor.
Reuters agentligi 25 dekabr kuni amerikalik amaldorga tayangan holda, AQSh ma’muriyati amerikalik harbiylarga kamida yaqin ikki oy davomida deyarli to‘liq ravishda Venesuela neftini “karantin” qilishga e’tibor qaratishni buyurganini yozdi. Manbaga ko‘ra, “harbiy variantlar hali ham mavjud bo‘lsa-da, asosiy e’tibor Oq uy istagan natijaga erishish uchun sanksiyalar joriy etish orqali iqtisodiy bosim o‘tkazishga qaratilgan”. U Vashingtonda Nikolas Maduro rejimi “agar AQShga jiddiy yon berishlarga rozi bo‘lmasa, yanvar oxiriga borib iqtisodiy falokatga duch keladi”, deb hisoblashlarini aytgan.
Reuters qayd etishicha, “karantin” so‘zi avval 1962 yildagi Karib inqirozi davrida ishlatilgan. 2002 yilda esa o‘sha inqiroz paytida AQSh mudofaa vaziri bo‘lgan Robert Maknamara bu atamani qo‘llash eskalatsiyadan qochish uchun tanlanganini tushuntirgan: “Biz buni ‘karantin’ dedik, chunki ‘blokada’ — urushni anglatuvchi so‘z”.
Venesuela 2000-yillar boshida barcha neft konlarini milliylashtirgan, bu esa AQSh kompaniyalari ham kirgan bir qator kompaniyalar manfaatlariga ta’sir qilgan. Shundan keyin kompensatsiya talablari bilan bog‘liq nizo avj olgan. Mojaro Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davrida yana keskinlashgan. Dekabr o‘rtasida u Venesuela sohillari yaqinida sanksiya ostidagi tankerlarni bloklashini e’lon qilgan va mamlakatni AQShdan “ilgari o‘g‘irlangan neft, yer va boshqa aktivlarni” “darhol” qaytarishga chaqirgan. Tramp, shuningdek, Maduro uchun iste’foga chiqish “oqilona qadam” bo‘lishini aytgan. Shundan so‘ng AQSh Karib dengizida Vashington ma’lumotlariga ko‘ra Karakas sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun ishlatayotgan ikki kemani ushlagan.
Mavzuga oid
21:33 / 09.06.2026
Xitoyning o‘nlab kompaniyalari Pentagonning qora ro‘yxatiga kiritildi
18:31 / 09.06.2026
AQSh sayyohlik va biznes vizalari uchun tezkor suhbat bo‘yicha pullik xizmatni yo‘lga qo‘yadi
15:12 / 09.06.2026
Amerika biznesi O‘zbekiston loyihalariga qiziqishni kuchaytirmoqda - Saida Mirziyoyeva
13:13 / 09.06.2026