Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NYT: AQShning Venesuelaga hujumi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘lgan
Foto: Leonardo Fernandez Viloria / AP / Scanpix / LETA
3 yanvarga o‘tar kechasi AQSh tomonidan Venesuelada o‘tkazilgan harbiy amaliyot oqibatida tinch aholi va harbiy xizmatchilar orasida kamida 40 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda The New York Times nashri mahalliy yuqori martabali mulozimlardan biriga asoslanib xabar tarqatdi.
Gazeta o‘z materialida amerikaliklarning Karakas bo‘ylab zarbasi va Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi bo‘yicha ayrim tafsilotlarni keltirgan.
Pentagon rasmiylariga ko‘ra, missiyaga 150 dan ortiq harbiy samolyot, jumladan, qiruvchi va bombardimonchi samolyotlar jalb etilgan. Hujum boshlanganida ular AQSh harbiy dengiz kuchlarining kemalaridan va boshqa turli harbiy bazalardan havoga ko‘tarilgan.
Ushbu amaliyot kiberhujum bilan boshlangan, buning natijasida Karakasning katta qismida elektr ta’minoti o‘chirilgan. Bu esa samolyotlarga shaharga sezdirmay yaqinlashish imkonini bergan.
Aviatsiya poytaxt bo‘ylab davomli zarbalar yo‘llagan. AQSh prezidenti ma’muriyati vakilining ma’lum qilishicha,, asosan radiolokatsiya qurilmalari va radiouzatish minoralari ishdan chiqarilgan.
Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores «Delta Fors» guruhi jangchilari tomonidan qo‘lga olingan – bu AQSh qurolli kuchlarning maxsus vazifalarni bajaruvchi elita bo‘linmasi hisoblanadi. Qo‘lga olish amaliyotini ular Maduro qarorgohining Kentukkida qurilgan nusxasida repetitsiya qilishgan. Venesuela prezidentining so‘nggi bir necha oydagi harakatlari bo‘yicha ma’lumotlar Markaziy razvedka boshqarmasining Karakasda ishlagan agentlari tomonidan to‘plangan.
Karakasdagi harbiy amaliyot oldidan AQSh bir necha oy mobaynida Karib dengizi havzasida dengiz kampaniyasi olib borib, o‘nlab kemalarga hujum uyushtirdi. Tramp ma’muriyatidagilar bu kemalarda venesuelaliklar AQShga giyohvand moddalar tashiganini ma’lum qilgan. OAV hisoblashicha, bu hujumlar oqibatida kamida 115 kishi o‘ldirilgan.