O‘zbekiston | 12:10 / 05.01.2026
32714
2 daqiqa o‘qiladi

Boysunda neft sizib chiqdi. Vazirlik vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi

Energetika vazirligi Boysun tumanidagi «M-25» koni hududida neft sizib chiqqanini tasdiqladi. Hozirda neft uzluksiz ravishda maxsus hovuzlarga yetkazilmoqda. Neft suyuqligi namunasi bo‘yicha tahlil ishlari boshlangan, sizib chiqish jilovlangan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konidan neft sizib chiqayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligi kondan neft chiqayotganini tasdiqlab, rasmiy bayonot berdi.

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida Boysun tumani hududida joylashgan «M-25» konida tarkibida neft saqlovchi suyuqlikning yer yuzasiga chiqishi holati kuzatilgan. Holat tegishli idoralar tomonidan zudlik bilan nazoratga olingan.

«Neft suyuqligi atrof-muhitga tarqalishining oldini olish maqsadida kon hududi atrofida hamda yaqindagi soy o‘zani bo‘ylab qo‘shimcha himoya hovuzlari barpo etildi. Bu choralar suyuqlikning keng maydonga yoyilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.

Yig‘ib olingan neft suyuqligi doimiy ravishda maxsus maydonga olib chiqilmoqda. U yerda har biri 5 ming metr kub hajmga ega bo‘lgan, maxsus izolyatsiyalangan ikkita shlam hovuzi mavjud. Mazkur infratuzilma neft suyuqligini xavfsiz saqlash va kelgusida undan samarali foydalanish imkonini beradi.

Ma’lum qilinishicha, barcha ishlar amaldagi sanoat va ekologik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilgan holda olib borilmoqda»,  deyiladi xabarda.

Foto: Energetika vazirligi

Neft suyuqligi namunasi bo‘yicha tahlil ishlari olib borilmoqda. Uning natijalariga asosan qayta ishlash imkoniyatlari o‘rganiladi, geologik tadqiqotlar esa davom etmoqda.

Hozirgi kunda holat doimiy monitoringda bo‘lib, neft suyuqligi jilovlangan. Dastlabki kunlarda chiqib kanalga oqqan neft suyuqliklarini tozalash ishlari olib borilmoqda.

Holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi qo‘shimcha qilingan.

Mavzuga oid