O‘zbekiston | 13:03 / 05.01.2026
1785
3 daqiqa o‘qiladi

Iroqda O‘zbekiston korxonalarining filiallari ochiladi

O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi diplomatlaridan iborat delegatsiya Bag‘dodga tashrif doirasida Iroq Bojxona qo‘mitasi rahbari Samir Qasim Davud hamda Anbar provinsiyasi Savdo palatasi raisi Omir Alaviy bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda eksport yuklari bo‘yicha tartiblar, QQS va bojxona masalalari, shuningdek, “yashil koridor” hamda savdo infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Foto: Dunyo

O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi diplomatlaridan iborat delegatsiyaning Bag‘dodga tashrifi davomida Iroq Bojxona qo‘mitasi rahbari Samir Qasim Davud bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekistondan eksport yuklari Iroqqa kelganda amalga oshiriladigan tartib-taomillar, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) hamda bojxona to‘lovidan tashqari mavjud ehtimoliy to‘lovlar masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar Iroqqa mahsulotlar eksport qilinishida ayrim davlatlar uchun alohida bojxona tariflari mavjudligi haqidagi masalani ham muhokama qildi.

O‘z navbatida, Iroq tomoni Iroqda faqat bojxona va QQS to‘lovlari mavjud ekani, ular ham Iroq Bojxona qo‘mitasi tomonidan nazorat qilinishi, bojxona tariflari aksar davlatlar uchun bir xil belgilangani va faqat Iordaniya bilan o‘ziga xos tariflar mavjudligini ma’lum qildi.

Muzokaralarda ikki davlat bojxona qo‘mitalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bu borada tegishli hujjatni ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi. Suhbatdosh avvalgi bosqichda O‘zbekiston va Iroq bojxona qo‘mitalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekistondan Iroqqa oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini, Iroqdan O‘zbekistonga xurmo va boshqa turdagi mahsulotlarni eksport qilishda “yashil koridor” tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek Baghdad International Fair xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston paviloni uchun olib kelinadigan mahsulotlarni Bag‘dodga kiritishda bojxona tekshiruvlarini yengillashtirish masalalari muhokama qilindi. “Yashil koridor” bo‘yicha masala Iroq Savdo vazirligi mas’ul ekani qayd etildi.

Tashrif doirasida delegatsiya Anbar provinsiyasi Savdo palatasi raisi Omir Alaviy bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Muzokaralarda uchta asosiy yo‘nalishga e’tibor qaratildi: Iroqda O‘zbekiston korxonalarining filiallarini ochish, o‘zbek eksportyor kompaniyalarining savdo uylarini tashkil etish hamda o‘zbek mahsulotlari uchun Bag‘dodda omborxonalarni ijaraga olish tartiblari yuzasidan fikrlar almashildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid