Jahon | 10:24 / 07.01.2026
911
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Bosh prokuraturasi Berlindagi IEMga qilingan hujumni tergov qilmoqda

Berlinda Lixterfelde issiqlik-elektr markazi (IEM) yaqinida Teltov kanali ustidagi kabelda sodir etilgan yong‘in (o‘t qo‘yish) terroristik asosga ega ekaniga ko‘p narsa ishora qilmoqda, deb bildirdi Germaniya adliya vaziri.

Foto: Michael Ukas/dpa

Germaniya federal adliya vaziri Shtefani Xubig Berlinda elektr uzatish liniyalariga o‘t qo‘yilgani bo‘yicha tergov boshlanganini e’lon qildi. Xubigning aytishicha, Teltov kanali ustidagi kabelda, Berlindagi Lixterfelde issiqlik-elektr markazi (IEM) yaqinida sodir etilgan o‘t qo‘yish hodisasi terroristik zaminga ega bo‘lishi ehtimoli yuqori. Bu haqda u 7 yanvar, chorshanba kuni e’lon qilingan Rheinische Post gazetasiga bergan intervyusida bildirgan.

“Ushbu hujum bir necha o‘n ming odam uchun jiddiy oqibatlarga olib keldi, — dedi vazir. — Shuning uchun huquqiy davlat jinoyatchilarni topish, ularni javobgarlikka tortish uchun mavjud barcha vositalarni munosib qat’iyat bilan ishga solishi kerak, va u (huquqiy davlat — tahr.) buni qiladi”. Shu sababdan tergovni Bosh prokuratura yurituviga o‘tkazish to‘liq mantiqiy, dedi Xubig. Bungacha tergovni Berlin prokuraturasi olib borgan.

3 yanvar kuni noma’lum shaxslar Teltov kanali ustidagi kabelda — gaz bilan ishlaydigan Lixterfelde IEM yaqinida o‘t qo‘yish harakatini amalga oshirgan. Natijada Berlinda minglab xonadonlar va yuzlab korxonalar elektr ta’minotisiz qolgan. Shaharning bosh burgomistri (mer) Kay Vegner baholashicha, elektr uzilishlari Germaniya poytaxtining taxminan 100 000 aholisini qamrab olgan.

Muhim infratuzilmaga qilingan hujum uchun javobgarlikni Vulkan nomli so‘l radikal ekstremist guruhi vakillari o‘z zimmasiga olgan. Ular IEMga qilingan hujumning maqsadi “qazilma yonilg‘i energetikasining o‘zi” ekanini bildirgan.

Mavzuga oid