O‘zbekiston | 15:22 / 07.01.2026
2194
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi: mudofaa tizimida yangi maqsadlar belgilanadi

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida jahonda kechayotgan murakkab global jarayonlarni inobatga olgan holda Qurolli Kuchlar qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan qator maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.

Foto: Kun.uz

Loyihaga ko‘ra, Qurolli kuchlar rezervi uchun safarbarlik resurslarini ko‘paytirish maqsadida har yili rezervdagi harbiy xizmatga majburlarning 2,6 foizini harbiy yig‘inlarga jalb etish orqali 2030 yilga qadar mazkur ko‘rsatkichni 13 foizga yetkazish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya qo‘shinlari faoliyatiga himoyalangan avtomatlashtirilgan boshqaruv va axborot tizimlarini joriy etish, zamonaviy aloqa va kriptografik himoya vositalari bilan ta’minlash, katta hajmdagi ma’lumotlar bazasini yaratish hamda axborot texnologiyalari va sun’iy intellektdan foydalanish orqali qo‘shinlarni raqamlashtirish darajasini 85 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratini oshirish va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini kuchaytirish doirasida qo‘shinlarni 282 ta zamonaviy trenajyorlar bilan ta’minlash, olis garnizonlarga infomobillar ajratish, “Armiya va yoshlar – bir tan-u bir jon” tamoyili asosida to‘garaklar va boshqa harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini tashkil etish hamda ularga qamrovni 675 ming nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya tizimlarida kadrlar sohasini to‘liq raqamlashtirish, kadrlar hisobi bo‘yicha yagona platforma yaratish va uni “Elektron hukumat” tizimi bilan integratsiya qilish vazifasi belgilangan.

Yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan 7500 nafar ChQBT rahbarlarining malakasini zamonaviy ta’lim standartlari asosida muntazam oshirib borish, o‘quv jarayonini uslubiy jihatdan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan.

Ijtimoiy himoya yo‘nalishida esa Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida 8500 nafar harbiy xizmatchi (pensionerlar)ni turar joy bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, davlat dasturi doirasida uy-joyning 1 kv. metri uchun belgilangan davlat mablag‘lari miqdorini bosqichma-bosqich oshirish (Toshkent shahrida kamida 35 foizga, viloyatlarda 75 foizga) orqali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirish maqsad qilingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid