Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron rahbari Ali Xominaiy norozilik namoyishlari fonida xalqqa murojaat qildi
U davlat namoyishchilar oldida chekinmasligini ta’kidladi va fuqarolarni AQSh prezidenti Donald Trampga umid bog‘lamaslikka chaqirdi.
Foto: Reuters
Eron oliy rahbari Ali Xominaiyning aytishicha, davlat namoyishchilar qarshisida «chekinmaydi», ular «bezorilar» va «qo‘poruvchilar». Uning nutqi davlat televideniyesi orqali namoyish etildi, deb xabar berdi Al-Arabiya.
Ali Xominaiy dekabr oyi oxiridan beri mamlakatni qamrab olgan norozilik namoyishlari boshlanganidan beri birinchi marta xalqqa murojaat bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar AQSh prezidenti Donald Trampga yoqish uchun ko‘chalarni to‘ldirmoqda. Shu bilan birga, Xominaiy fuqarolarni AQSh prezidentiga umid bog‘lamaslikka chaqirib, Trampning qo‘llari «mingdan ortiq eronliklarning qoni bilan bulg‘anganini» ta’kidladi. Shuningdek, u «mutakabbir» Amerika yetakchisi 1979 yilgi inqilobdan oldin Eronda hukmronlik qilgan imperiya sulolasi kabi «ag‘darilishini» bashorat qildi va Trampni AQSh ichki ishlari bilan shug‘ullanishga chaqirdi.
Erondagi ommaviy namoyishlar dekabr oyida milliy valutaning qadrsizlanishi va narxlarning oshishi tufayli boshlandi. Bir qator shaharlarda aksiyalar politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi, shiorlar esa siyosiy tus oldi - namoyishchilar hozirgi tuzumga qarshi chiqdi. Huquqni himoya qilish tashkilotlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va jangovar patronlardan foydalangan xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlarda o‘nlab qurbonlar va minglab hibsga olinganlar haqida xabar berdi. Raqamlarni mustaqil ravishda tekshirish imkonsiz. O‘z navbatida, Donald Tramp AQSh Erondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini aytdi.
«Ularning (Eron hukumati) ishlari juda yomon. Men ularga shuni tushuntirdimki, agar ular odamlarni o‘ldirishni boshlasa, odatda tartibsizliklar paytida shunday qilishadi, agar ular buni qilsa, biz ularga juda kuchli zarba beramiz», dedi AQSh prezidenti.
8 yanvar kuni kechqurun Eronda norozilik namoyishlari avj olishi fonida internet o‘chirilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mavzuga oid
22:50 / 10.01.2026
Eron so‘nggi shohining o‘g‘li xalqni shaharlarni egallab olishga chaqirdi
21:16 / 10.01.2026
Erondagi namoyishlar: xaritalar ustida sharh
18:06 / 10.01.2026
Venesuela va AQSh diplomatik munosabatlarni tiklamoqchi
16:59 / 10.01.2026