Jahon | 17:20 / 11.01.2026
6415
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Yevropa davlatlari Grenlandiyaga NATO qo‘shinini joylashtirmoqchi

Bu orqali Trampni orolni anneksiya qilish fikridan qaytarishga umid qilinmoqda.

Guglielmo Mangiapane / Reuters / Scanpix / LETA

Buyuk Britaniya hukumati Yevropadagi ittifoqchilar bilan Grenlandiyada NATO harbiy kontingentini joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, bunday qadam AQSh prezidenti Donald Trampni orolni anneksiya qilish g‘oyasidan voz kechishga ko‘ndirishiga umid qilinmoqda, deb yozadi The Telegraph.

Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, bu masala NATOga a’zo bo‘lgan davlatlarning 8 yanvar kuni Bryusselda o‘tkazilgan uchrashuvida ko‘rib chiqilgan. Uchrashuv ishtirokchilari NATOning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari bosh qo‘mondonligiga Arktika xavfsizligini ta’minlash uchun qanday choralar ko‘rish mumkinligini belgilab olishni topshirgan.

The Telegraph manbalariga ko‘ra, ehtimoliy amaliyot rejalashtirishning dastlabki bosqichida turibdi. U Grenlandiyani Rossiya va Xitoy tahdidlaridan himoya qilish uchun qo‘shinlarni to‘liq miqyosda joylashtirishni, shuningdek, kichik harbiy mashg‘ulotlar, razvedka ma’lumotlari almashish, harbiy imkoniyatlarni rivojlantirish va mudofaa xarajatlarini qayta taqsimlashni o‘z ichiga olishi mumkin.

Har qanday operatsiya, katta ehtimol bilan, NATO shafeligida amalga oshiriladi va Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Polshadagi mavjud missiyalardan alohida bo‘ladi.

The Telegraph suhbatdoshlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Arktikada Rossiya va Xitoy tahdidiga «o‘ta jiddiy» munosabatda va choralar ko‘rish zarurligiga qo‘shiladi. Shuningdek, manbalarning aytishicha, Britaniya qurolli kuchlari allaqachon mintaqa xavfsizligini ta’minlashda faolroq rol o‘ynashga tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, The Telegraph’ga ma’lum bo‘lishicha, Tramp NATO kuchlarini joylashtirish taklifini rad etgan taqdirda Yevropa Ittifoqi Amerika kompaniyalariga qarshi sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha rejalar ishlab chiqmoqda. Bu holda Meta, Google, Microsoft va X, shuningdek, Amerika banklari va moliya kompaniyalari Yevropada ishlashda cheklovlarga duch kelishi mumkin.

Mavzuga oid