Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron TIV namoyishlar haqidagi bayonotlar sabab yevropalik elchilarni chaqirtirdi
Eron Tashqi ishlar vazirligi Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya elchilaridan ushbu davlatlar Erondagi hukumatga qarshi namoyishlarni ochiq qo‘llab-quvvatlagani uchun tushuntirish talab qildi. Yevropa parlamenti esa eronlik diplomatlarni persona non grata deb tan oldi.
Foto: Reuters
Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mamlakatdagi hukumatga qarshi namoyishlar ommaviy ravishda qo‘llab-quvvatlangani sabab Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya elchilarini chaqirtirdi. Bu haqda dushanba kuni, 12 yanvarda Eronning davlat axborot agentligi Tasnim xabar qildi.
Bundan bir kun oldin AQSh prezidenti Donald Tramp Erondagi namoyishlarning shafqatsiz bostirilishi fonida Oq uy Eronga nisbatan bir necha “juda qattiq” harakat variantlarini ko‘rib chiqayotganini aytgan edi. “Qizil chiziq” deb belgilangan chegara — namoyishchilarning o‘ldirilishi Eron tomonidan kesib o‘tildimi, degan savolga Tramp: “Aftidan, ular buni boshlayapti”, deb javob berdi.
Yevropa parlamenti Erondagi hukumatga qarshi namoyishlarni bostirishga javoban eronlik diplomatlarni o‘z hududida bo‘lishini taqiqladi. Bu haqda dushanba kuni, 12 yanvarda Politico Yevropa parlamenti raisi Roberta Metsola nomidan yuborilgan maktubga tayanib xabar qildi.
Taqiq Yevropa parlamentining Bryussel va Strasburgdagi barcha binolariga, shuningdek, Lyuksemburgdagi kotibiyatiga ham taalluqli. Yevropa parlamentiga kirishda Eronning barcha fuqarolari maxsus tekshiruvdan o‘tadi — agar ularning ismlari Tehrondagi rejim uchun ishlaydiganlar bazasida qayd etilgan bo‘lsa, ularga kirish rad etiladi.
“Eron xalqi bu parlament tomonidan qo‘llab-quvvatlash va hamjihatlikka yanada tayana oladi”, — deb yozgan Metsola Yevropa parlamenti deputatlariga yo‘llagan maktubida.
Eronda hukumatga qarshi namoyishlar 2025 yil 28 dekabrdan beri davom etmoqda. Dastlab mamlakat aholisi milliy valutaning qadrsizlanishi fonidagi moliyaviy inqirozga qarshi chiqqan, ammo ko‘p o‘tmay namoyish ishtirokchilarining iqtisodiy talablari siyosiy talablarga aylangan.
Namoyishlar mamlakatning 25 viloyatidagi 60 dan ortiq shaharni qamrab olgan. Eng yirik aksiyalar Tehronda, shuningdek, Malekshohiy, Kermanshoh, Lordegan shaharlarida — mamlakatning g‘arbi va janubi-g‘arbida bo‘lib o‘tmoqda. Hokimiyat namoyishlarni bostirishni boshlagan, biroq sodir bo‘layotgan voqealar haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q — bir necha kundan beri Eronda internet to‘liq o‘chirilgan.
Huquqni himoya qiluvchilar ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar davomida 600 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan.
Mavzuga oid
12:04
Erondagi hozirgi namoyishlar oldingilaridan qanday farq qiladi?
09:00
Iran Human Righs: Erondagi namoyishlarda kamida 648 kishi halok bo‘lgan
08:20
Tramp Eron bilan savdo qiluvchi davlatlar uchun 25 foizlik bojlar joriy qildi
20:24 / 12.01.2026