Jahon | 14:21 / 13.01.2026
2057
3 daqiqa o‘qiladi

Roskomnadzor Rossiyada Roblox’ni blokdan chiqarishdan bosh tortdi

Roskomnadzor Rossiya hududida Roblox o‘yin platformasini qayta ochish (blokdan chiqarish) uchun asos ko‘rmayotganini bildirdi. Bu haqda TASS agentligi xabar berdi.

Foto: SOPA Images/LightRocket/Getty

Roskomnadzor Rossiyada Roblox o‘yin platformasini blokdan chiqarish uchun asos ko‘rmayapti. Bu haqda dushanba kuni, 12 yanvarda TASS agentligi idora bayonotiga tayanib yozdi. “Hozirgi paytda Roblox platformasini blokdan chiqarish uchun asoslar yo‘q”, — deb iqtibos keltiradi jurnalistlar Roskomnadzor vakillaridan.

Amerika internet-xizmati Roblox’ga Rossiyada 2025 yil dekabrida kirish cheklangan. Rossiya hokimiyati fikricha, ushbu platforma orqali “ekstremistik va terroristik faoliyatni targ‘ib qilish va oqlash”ni o‘z ichiga olgan materiallar tarqatilgan.

2025 yil dekabrida Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida bo‘lgan “Xavfsiz internet ligasi” rahbari Yekaterina Mizulina bolalardan kelgan xatlar haqida gapirgan edi — ular Roblox va boshqa internet resurslari bloklanganidan keyin Rossiyadan ketish istagi paydo bo‘lganini yozgan. U Telegram’dagi postiga bolalar va o‘smirlardan kelgan Roblox’ni ochib berish (blokdan chiqarish) haqidagi iltimoslarni ham ilova qilgan.

Roblox’ni bloklash ehtimoli haqida Roskomnadzor 2025 yil noyabr oyidayoq bayonot bera boshlagan. Shu bilan birga, idora “bolalarning ma’naviy-axloqiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan nomunosib kontent” borligini qayd etgan. RKN vakillari shuningdek, 2019 yildan beri platforma ma’muriyatiga “taqiqlangan materiallarga kirishni cheklash talabi qo‘yilgan ogohlantirishlar” muntazam yuborib kelinganini bildirgan.

“Roblox monitoringi platformada paydo bo‘layotgan materiallar xavfsizligini yuz foiz ta’minlay oladigan ichki moderatsiya tizimi imkoniyatsizligini bir necha bor tasdiqladi”, — deb ta’kidlagan o‘shanda Rossiya regulyatori.

RKN ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda ishlab chiqilgan onlayn platforma regulyator talabiga binoan 2025 yil yanvar va iyul oylarida Rossiya qonunchiligini buzgan loyihalarni o‘chirgan. Xususan, “nomlarida ingliz tilida qisqartma bor” serverlar, shuningdek ayrim “ramzlar mavjud bo‘lgan uchta material” o‘chirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid