Texnologiya | 11:25
542
2 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda sotilgan har 5 smartfonning bittasi iPhone bo‘ldi

Counterpoint Research tahliliga ko‘ra, 2025 yilda smartfon bozorida Apple yana yetakchilikni saqlab qoldi. Yil davomida sotilgan har besh smartfondan biri iPhone bo‘lgan. Apple umumiy bozorning 20 foizini egalladi va yetkazib berishni 10 foizga oshirdi. Bunga asosiy sabab sifatida iPhone 17 ko‘rsatilmoqda. Bu model 120 Gs ekranga ega bo‘lgan birinchi oddiy iPhone bo‘lib, juda tez ommalashdi.

Foto: Apple

Ikkinchi o‘rindan Samsung joy oldi. Kompaniya 19 foizlik ulushga ega bo‘ldi va sotuvini 5 foizga oshirdi. Qizig‘i shundaki, bu o‘sishni qimmat flagmanlar emas, balki arzon Galaxy A modellari ta’minladi.

Xiaomi bozorning 13 foizini egalladi, biroq sotuvlar deyarli o‘smadi. vivo va OPPO esa 8 foizdan ulush oldi. vivo biroz o‘sdi, OPPO esa aksincha pasaydi. realme esa 3 foiz bilan kichik ulushda qoldi. Qolgan barcha brendlar jami bozorning 32 foizini egallab turibdi.

Google va Nothing alohida ajralib chiqdi. Ularning sotuvlari tez o‘sdi, ammo ular ko‘p mamlakatlarda sotilmagani sababli katta ulushga erisha olmadi. 2025 yilda eng tez o‘sgan bozorlar Yaponiya, Yaqin Sharq va Afrika bo‘ldi, rivojlangan davlatlarda esa talab sust edi.

Mutaxassislar 2026 yilda smartfonlar kamroq sotilishini kutmoqda. Narxlar oshishi va ehtiyot qismlar tanqisligi bunga sabab bo‘ladi. Xitoy brendlari uchun bu qiyinroq bo‘ladi, Apple va Samsung esa moliyaviy imkoniyatlari sabab bu bosimni yengilroq o‘tkazishi mumkin.

Texnologiyalar tez o‘zgarayotgan bugungi kunda eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish muhim. Raqamli dunyoda adashib qolmaslik va shunday yangiliklarni birinchilardan bilish uchun KUN.UZ Texnologiya Telegram sahifasini kuzatib boring.

Mavzuga oid