Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya, Fransiya, Italiya va Britaniya Eron elchilarini TIVga chaqirdi
Eron hokimiyatining namoyishchilarga nisbatan zo‘ravon harakatlari va mamlakatda norozilik bildiruvchilar o‘ldirilayotgani fonida Germaniya, Fransiya, Italiya va Buyuk Britaniya 13 yanvar, seshanba kuni Islom Respublikasining o‘z mamlakatlaridagi elchilarini tashqi ishlar vazirliklariga chaqirdi.
Foto: Khoshiran/Middle East Images/IMAGO
Eron hokimiyatlarining namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonligi va mamlakatda norozilik aksiyalari ishtirokchilarining o‘ldirilishi haqidagi xabarlar fonida Germaniya, Fransiya, Italiya va Buyuk Britaniya 13 yanvar, seshanba kuni Islom Respublikasi elchilarini TIVga chaqirdi.
Germaniya TIV rahbari Yoxann Vadeful so‘zlariga ko‘ra, u Eronning Germaniyadagi elchisini idoraga chaqirib, namoyishchilarga nisbatan qo‘llanayotgan zo‘ravonlik borasida xavotirni bildirgan. Germaniya TIVning X mikroblogi orqali berilgan xabarda shunday deyiladi: “Eron rejimi o‘z xalqiga qarshi qo‘llayotgan shafqatsiz harakatlar shokka soladi. Biz Eronni o‘z fuqarolariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llashni to‘xtatishga va ularning huquqlarini hurmat qilishga qat’iy chaqiramiz”.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro 13 yanvar kuni parlamentda chiqish qilib, Eron TIV rahbariga namoyishlarni “chidab bo‘lmas va g‘ayriinsoniy” tarzda bostirishni qoralaganini aytdi. “Bu fikr bugun chaqirganim Parijdagi Eron elchisiga ham yana bir bor yetkaziladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Fransiya diplomatiyasi rahbari: “Tinch namoyishchilarga qarshi qurol ko‘targanlar jazosiz qolmasligi kerak”, — deb ta’kidladi. U Erondagi voqealarni “tinch namoyishchilarga nisbatan davlat zo‘ravonligining shubhasiz qo‘llanishi” deb atagan.
Shunga o‘xshash qadamni Buyuk Britaniya ham tashladi. Qirollik tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper 13 yanvar kuni ma’lum qilishicha, u Eron elchisini idoraga chaqirib, u bilan suhbatda “hozirgi vaziyatning dahshatli ekani”ni ta’kidlamoqchi va “yetib kelayotgan dahshatli xabarlar” bo‘yicha Eronni javob berishga chaqirmoqchi bo‘lgan.
Shu bilan birga, Reuters agentligiga ko‘ra, Kuper Eron hokimiyatini “namoyishchilarning dahshatli va shafqatsiz o‘ldirilishi” uchun qoralagan.
Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani parlamentda chiqish qilar ekan, Rimdagi Eron elchisini ham o‘z idorasiga chaqirganini aytdi. Corriere della Sera gazetasi keltirgan bayonotda shunday deyiladi: “Hukumatimiz faoliyatining asosiy mezoni — erkinlik qadriyati. So‘nggi kunlarda eronlik erkaklar va ayollar aynan shu erkinlik uchun ko‘cha va maydonlarda kurash olib boryapti, buning evaziga esa qon, azob-uqubat, qamoq va ehtimol, qiynoqlar bilan juda katta narx to‘layapti. Buni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”.
Tayani qo‘shimcha qilishicha, Italiya doimo muloqotga intilgan, chunki “muloqot hatto bizdan uzoq bo‘lgan rejimlar bilan ham muhim”. “Biroq muloqot — o‘z fuqarolarini shafqatsiz bostirayotgan rejimni passiv tarzda tomosha qilib turish degani emas”, — deya xulosa qildi Italiya diplomatiyasi rahbari.
O‘z navbatida, AQSh prezidenti Donald Tramp 13 yanvar kuni “namoyishchilar qatli” to‘xtamaguncha, eronlik amaldorlar bilan bo‘ladigan barcha uchrashuvlarni bekor qilganini aytdi. “Eron vatanparvarlari, norozilikni davom ettiring!” — dedi AQSh rahbari.
Oq uy rahbari, shuningdek, “yordam yo‘lda” ekanini aytgan, biroq bu ibora bilan nimani nazarda tutganini tushuntirmagan.
Namoyishlar 2025 yil 28 dekabrda Tehronda mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy ahvoldan norozilik sabab boshlangan. Keyinchalik ular Eronning boshqa shaharlariga ham tarqalgan, namoyishchilar talablari esa siyosiy tus olgan. Xususan, norozilik Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyga qarshi qaratilgan.
12 yanvar kuni Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi Erondagi bir guruh xorijiy elchilar oldida chiqish qilib, namoyishlar davomida yong‘in qo‘yishlar oqibatida 200 ta do‘kon, 180 ta tez yordam mashinasi, 53 ta masjid va ko‘p sonli avtobuslar zarar ko‘rganini aytgan. Davlat OAV esa mitinglar ortida AQSh va Isroil turgani haqida ma’lumotlar tarqatmoqda.
AQShda joylashgan HRANA axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 13 yanvarga kelib huquq himoyachilari Erondagi namoyishlar davomida 2003 kishining halok bo‘lganini tasdiqlay olgan. Jumladan: 1850 nafar namoyishchi, hukumat bilan bog‘liq 135 nafar shaxs, 18 yoshdan kichik 9 nafar inson, shuningdek, namoyishlarda ishtirok etmagan 9 nafar fuqaro.
Mavzuga oid
16:48
Eron AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarini ogohlantirdi
15:42
Eron Rossiyaga qariyb 3 mlrd dollarlik raketalar sotgan
14:45
Le Pen apellyatsiyasi: prezidentlik saylovi masalasi sudda hal bo‘ladi
13:29