Jahon | 09:11
1994
5 daqiqa o‘qiladi

Kiyevda vaziyat og‘ir: 500 ko‘p qavatli uy isitishsiz qoldi

Rossiya Qurolli kuchlari hujumlari va ob-havoning yomonlashuvi sabab Ukraina energetika tizimidagi vaziyat hali ham og‘irligicha qolmoqda. Kiyevda 500 ta ko‘p qavatli uy issiqliksiz qolmoqda. Poytaxt va mamlakatning bir qator viloyatlarida avariyaviy o‘chirishlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Getty Images

Kiyev shahri seshanba, 13 yanvar holatiga ko‘ra, Rossiya tomonidan amalga oshirilgan bir qator hujumlar natijasida beshinchi kundirki qisman elektr va issiqliksiz qolmoqda. Ukraina Energetika vazirligi Telegram’da xabar berishicha, Rossiya Qurolli kuchlari zarbalari va noqulay ob-havo tufayli energetika tizimidagi vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Shunga ko‘ra, elektr o‘chirish jadvallari vaqtincha bekor qilingan, poytaxt va mamlakatning ayrim viloyatlarida esa favqulodda (avariyaviy) cheklovlar qo‘llanmoqda.

“Sovuqlar va o‘q yog‘dirishlarga qaramay, energetiklar shikastlangan uskunalarni imkoni boricha tezroq ta’mirlash va tizimni barqarorlashtirish uchun 24/7 rejimida ishlayapti, — deyiladi Energetika vazirligi postida. — Zarur avariyaviy-tiklash ishlari yakunlangan zahoti — ular bir daqiqa ham to‘xtamayapti — prognoz qilinadigan soatma-soat o‘chirishlarga (hatto qat’iy jadvallarga) qaytiladi”.

Bir kun oldin, 12 yanvar kuni, Ukraina poytaxtida elektr o‘chishi asosan Dnipro daryosining chap sohilida kuzatilayotgani haqida xabar qilingan edi, hozir esa vaziyat butun Kiyev bo‘ylab yomonlashgan. “Butun shahar favqulodda o‘chirishlar rejimida. O‘ng sohildagi ahvol chap sohil darajasigacha yomonlashdi”, — deb yozdi Facebook’da Yasno kompaniyasi bosh direktori Sergey Kovalenko.

Shu orada Kiyev shahar davlat ma’muriyati (KShDM) Dniproning o‘ng sohilida yerusti elektr transporti harakati to‘xtatilganini ma’lum qildi. “Yerusti elektr transporti o‘rniga dublikat yo‘nalishlarga avtobuslar chiqarilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichko ma’lumotiga ko‘ra, 13 yanvar kuni tush paytiga kelib Kiyevda taxminan 500 ta ko‘p qavatli uy isitishsiz qolgan.

“Bugungi o‘q yog‘dirishdan keyin poytaxtda elektr energiyasi tanqisligi yanada ortdi. Hatto muhim infratuzilmani ta’minlash uchun ham. Energetiklar ishlayapti. Ammo vaziyat nihoyatda murakkab. Issiqlikka kelsak — hozir taxminan 500 ta ko‘p qavatli uy isitishsiz. Ta’mirlash brigadalari ham kecha-yu kunduz ishlayapti”, — deb yozdi u Telegram’da.

Eng og‘ir vaziyat — markaziy Pechersk tumanida. U yerda hanuzgacha 197 ta ko‘p qavatli uy isitishsiz, deb xabar qildi Ukraina hududlar va jamoatlarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Konstantin Kovalchuk.

9 yanvar kuni ommaviy hujumdan keyin poytaxtda ko‘p qavatli uylarning yarmi — olti mingta uy isitishsiz qolgan edi, ammo tarmoq ta’mirlangach, issiqlik ta’minoti bosqichma-bosqich iste’molchilarga qaytarilmoqda.

“Aslida, bu qishda ta’mirlash brigadalarimiz, energetika jamoalarimiz, kommunal xizmatlarimiz Ukrainadagi ko‘plab shaharlarda kecha-yu kunduz ishlayapti. Ob-havo esa qo‘shimcha chaqiriqlar — favqulodda chaqiriqlarni qo‘shyapti. Muhimi, shuncha odamimiz professional ishlayapti, ta’minotni tiklayapti, hayotni ta’minlashga harakat qilyapti”, — dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 13 yanvar kuni kechqurun vatandoshlariga murojaatida.

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lum qilishicha, 13 yanvar kechasi Rossiya Ukrainaga 18 ta “Iskander-M” ballistik raketasi, S-300 zenit boshqaruvli raketalari bilan hujum qilgan. Ular Rossiyaning Kursk, Bryansk va Voronej viloyatlaridan, shuningdek, qo‘shib olingan Qrim hududidan uchirilgan.

Bundan tashqari, Rossiya Ukrainaga qarshi hujumlarda Kursk va Belgorod viloyatlaridan uchirilgan 7 ta “Iskander-K” raketasini, shuningdek 293 ta uchuvchisiz uchish apparatini qo‘llagan. Ularning ichida taxminan 200 ta Shahed turidagi dronlar, shuningdek “Gerbera” turidagi va boshqa dronlar ham bor. Ular quyidagi yo‘nalishlardan uchirilgan: Rossiyadagi Kursk, Oryol, Shatalovo, Millerovo, Primorsko-Axtarsk hamda qo‘shib olingan Qrimdagi Kacha harbiy aerodromi.

Ukraina havo mudofaasi kuchlari mamlakatning shimoli, janubi, sharqi va markazida 2 ta “Iskander-M” ballistik raketasini, 5 ta “Iskander-K” qanotli raketasini hamda 240 ta Rossiya dronlarini urib tushirish yoki faoliyatini susaytirishga muvaffaq bo‘lgan. “24 ta lokatsiyada ballistik/zenit raketalari va 48 ta hujumkor dronning zarba bergani qayd etildi”, — deyiladi hisobotda.

Mavzuga oid