Jahon | 10:20 / 14.01.2026
2170
4 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada Rossiya harbiysi asirlar o‘limi uchun umrbod qamoqqa hukm qilindi

Xarkiv shahridagi sud Volchanskda ukrain harbiy asirlarini o‘ldirganlikda ayblangan Rossiya harbiy xizmatchisi Sergey Tujilovni umrbod ozodlikdan mahrum etishga hukm qildi. Bu shunga o‘xshash ish bo‘yicha chiqarilgan ikkinchi hukm hisoblanadi.

Foto: Hanna Sokolova-Stekh/DW

Xarkiv shahridagi sud Rossiya harbiy xizmatchisi Sergey Tujilovga nisbatan chiqarilgan hukmni e’lon qildi. U 2024 yil yozida Volchansk shahridagi agregat zavodi hududida ukrain harbiy asirini o‘ldirganlikda ayblangan. 13 yanvar, seshanba kuni sud hay’ati uni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi, deb xabar berdi DW muxbiri sud zalidan.

“Ayblov adolatli, — dedi u. — Men bu ishni haqiqatan ham qildim. Buning uchun pushaymonman. Bunga chin dildan iqror bo‘ldim. Shuning uchun mendan to‘liq jazo, ya’ni umrbod qamoq talab qilinmasligini so‘rayman. Qurbonlar qarindoshlaridan qilgan ishim uchun uzr so‘rayman”.

Ayblanuvchi hukm ustidan bir oy ichida shikoyat berish huquqiga ega.

37 yoshli Sergey Tujilov, maxsus chaqiruv nomi — “Altay”, Rossiya Qurolli kuchlarining 69-motoo‘qchilar diviziyasi tarkibidagi 82-motoo‘qchi polkning granatomyot bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan. U 2024 yil sentabrda Xarkiv viloyatidagi Volchansk shahrida ukrain harbiylari tomonidan asir olingan. Bir yil o‘tib, tergov unga harbiy asirlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish va qasddan odam o‘ldirish bo‘yicha ayblov e’lon qildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil yozida Rossiya harbiylarining Xarkiv viloyatiga hujumi vaqtida Tujilov va boshqa rossiyalik harbiylar Volchansk agregat zavodi hududini egallab olgan. Ayblovga ko‘ra, ular shu yerda uch nafar ukrain asirini o‘ldirgan.

Ukraina Bosh prokuraturasi idorasi saytida keltirilishicha, asirlardan birini Tujilov boshqa harbiyga otib tashlashni taklif qilgan, otib tashlash joyi — zavod hududidagi nazorat-o‘tkazish punktini tanlagan va qotillik vaqtida vaziyatni nazorat qilgan. Keyinroq qo‘lga tushgan yana ikki nafar Ukraina harbiy asiri zavod hududiga olib kelingan va so‘roqdan so‘ng RF Qurolli kuchlari qo‘mondonligi ularni o‘ldirish buyrug‘ini bergan.

“Shundan keyin Tujilov boshqa harbiy bilan otish rejasini oldindan kelishib olgan holda, jinoyatda shaxsan ishtirok etgan. Ularning har biri asirlarning boshiga bittadan o‘q uzgan”, — deyiladi xabarda.

Qurbonlarning jasadlari haligacha topilmagan — ular zavod hududida bo‘lishi mumkin, ammo bu hududga ukrain tomoni kirish imkoniyatiga ega emas, deb DW’ga ma’lum qildi prokuror Nikita Daleka.

Sud jarayoni 2025 yil yozida boshlangan va avval yopiq tarzda o‘tkazilgan. O‘sha yil oxirida davlat ayblovchisi Tujilov uchun umrbod qamoq jazosini so‘ragan, himoya tomoni esa 15 yillik jazo berishni talab qilgan.

Bu ish bo‘yicha jabrlanuvchi deb olti nafar shaxs — halok bo‘lgan harbiylarning xotinlari, farzandlari va ota-onasi tan olingan. Sud fuqaroviy da’vo doirasida ayblanuvchidan har bir jabrlanuvchi foydasiga 2 million grivnadan undirish haqida qaror chiqargan.

Sergey Tujilov ukrain harbiy asirini o‘ldirganlikda ayblanib, sudlangan ikkinchi rossiyalik harbiy bo‘ldi. Bunday birinchi hukm 2025 yil noyabrda Zaporijjya shahridagi sud tomonidan chiqarilgan.

O‘shanda Rossiya harbiysi Dmitriy Kurashov ham umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi. U 2024 yil yanvar oyida Zaporijjya viloyatida Ukraina Qurolli kuchlari pozitsiyalariga hujum vaqtida asirni o‘ldirganlikda ayblangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid