Jahon | 09:57
894
4 daqiqa o‘qiladi

Venesuela hukumati: qamoqxonalardan 400 dan ortiq mahbus ozod etildi

Venesuela rasmiysi bayonotiga ko‘ra, hukumatlar tomonidan “ko‘p sonli” venesuelalik va xorijiy mahbuslarni ozod qilish e’lon qilinganidan so‘ng, 400 dan ortiq inson erkinlikka chiqqan. Ammo nodavlat tashkilotlar bu raqam ancha kam ekanini aytmoqda.

Foto: EPA/Shutterstock

Venesuela qamoqxonalaridan mahbuslarni ozod qilish bo‘yicha avvalroq e’lon qilingan jarayon doirasida, 13 yanvar, seshanba kuni mamlakat Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodriges 400 dan ortiq inson ozodlikka chiqqani haqida ma’lum qildi. U na aniq ismlarni, na muddatlarni aytmadi, deb xabar berdi Reuters agentligi.

“Ayrim mahbuslarni ozod qilish haqida qaror qabul qilindi. Bu siyosiy mahbuslar emas, balki qonun va Konstitutsiyani buzgan, (AQShning Venesuelaga) bosqin uyushtirishga chaqirgan ayrim siyosatchilar haqida gap ketmoqda”, — dedi u parlament sessiyasida. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu qaror “tinch hamjihatlikka ko‘maklashish” maqsadida qabul qilingan. Reuters eslatishicha, bir kun oldin Venesuela hukumati 116 kishi ozod etilganini bildirgan edi.

Shu bilan birga, bir qator inson huquqlarini himoya qiluvchi mahalliy nodavlat tashkilotlar 8 yanvardan buyon Venesuelada atigi 60–70 nafar mahbus ozod etilganini ma’lum qilmoqda. Ular hukumat harakatlarining sekinligi va ozod qilish jarayoni bo‘yicha aniq axborot yo‘qligini tanqid qildi. Venesuela hukumati esa doimo odamlarni siyosiy sabablarga ko‘ra qamoqda ushlab turishini inkor qilib keladi va 2024 yildagi bahsli saylovlarga qarshi namoyishlardan so‘ng hibsga olingan 2000 kishining aksariyati allaqachon ozod qilinganini aytgan.

Bloomberg agentligi ma’lum qilishicha, 13 yanvar kuni qabul qilingan dastur doirasida Venesuela kamida bir nafar AQSh fuqarosini ham ozod qilgan, u allaqachon mamlakatni tark etgan. Xavfsizlik sabablariga ko‘ra uning ismi oshkor etilmagan. Ilgari Ispaniya TIV esa ozod etilganlar orasida besh nafar Ispaniya fuqarosi borligini bildirgan edi.

Venesuela hukumati 8 yanvar kuni “ko‘p sonli” venesuelalik va xorijlik mahbuslar, jumladan, taniqli muxolifat vakillari ozod etilishini e’lon qilgan. Ammo ozod etilganlarning aniq soni va ismlari hozircha ma’lum emas.

El Nacional gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, venesuelalik muxolif siyosatchi Xuan Pablo Guanipa va inson huquqlari himoyachisi Rosio San-Migel ozod etilishi kutilmoqda. OAV shuningdek, Venesuela prezidentligiga sobiq nomzod Enrike Markes, Rafael Tudares (muxolif siyosatchi Edmundo Gonsales Urrutiyaning kuyovi) ham ozod qilinishi mumkinligi haqida yozmoqda. Muxolifat va xalqaro kuzatuvchilar fikriga ko‘ra, Edmundo Gonsales Urrutiya so‘nggi prezidentlik saylovlarida amalda Nikolas Maduroni mag‘lub etgan.

Foro Penal inson huquqlari himoya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Venesuelada taxminan 800 nafar siyosiy mahbus hanuz qamoqda saqlanmoqda. Ularning ko‘pchiligi 2024 yilda Maduroning qayta saylanishiga qarshi namoyishlar paytida hibsga olingan.

Venesuelalik huquq himoyachisi Marta Tineo aytishicha, mahbuslar “Gelikoid” (El Helicoide) nomli qamoqxonadan ham ozod qilinmoqda. Bu muassasa Maduro rejimi muxoliflariga nisbatan qattiq sharoitlar va qiynoqlar bilan mashhur.

Mavzuga oid