Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eron masalasida nima qilishi mumkin?
The Telegraph gazetasi to‘rt ehtimoliy ssenariyni keltirdi. Ular orasida Ali Xominaiyni o‘ldirish yoki mamlakatni uzoq vaqt davomida bombalash variantlari ham bor.
US Air Force / AFP / Scanpix / LETA
AQSh prezidenti Donald Tramp uchinchi haftadirki hukumatga qarshi namoyishlar davom etayotgan Eronga nisbatan bir necha «juda qat’iy» variantlarni ko‘rib chiqayotganini aytdi. The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarini Eron bo‘ylab yo‘llanadigan zarbalarga tayyor turish haqida ogohlantirgan. AQShning harbiy aralashuvi qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligi (va umuman, aralashuvning o‘zi bo‘lish-bo‘lmasligi) haqida hozircha rasman xabar berilmadi. Britaniyadagi The Telegraph gazetasi to‘rtta ehtimoliy ssenariyni ko‘rib chiqdi.
«Ramziy zarbalar»
Birinchi variant – Tehronga namoyishchilarga qarshi kuch ishlatib bo‘lmasligi to‘g‘risida signal berish, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampning namoyishchilarni qatl etish boshlangan taqdirda Eronga zarba berilishi haqidagi tahdidini tasdiqlashgagina qaratilgan «ramziy» havo hujumi yoki zarbalar seriyasini amalga oshirish.
Bunday zarbaning ehtimoliy nishonlari Eron yadroviy dasturi yoki kuchishlatar idoralari bilan bog‘liq har qanday obektlar bo‘lishi mumkin – masalan, Islom inqilobi muhofizlari korpusi bazalari. Effektni oshirish uchun amerikaliklar Tehronning o‘zida joylashgan qandaydir rasmiy idoraga ham hujum uyushtirishi mumkin. Bu turdagi operatsiya uchun AQShning Fors ko‘rfazi mintaqasida joylashgan harbiy kuchlari yetarli bo‘ladi.
The Telegraph yozishicha, bu signal «rejimni namoyishchilarga qarshi qonli repressiyalarni yumshatishga ko‘ndirish» uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, agar hujum faqat ramziy ma’noda bo‘lishi bildirib qo‘yilsa, u teskari effekt keltirib chiqarishi – Eron rasmiylarida amerikaliklar aslida mojaroga jiddiy aralashish niyatida emasligi haqida xulosa hosil qilishi mumkin.
Uzoq davom etuvchi yopirilma zarbalar
Ikkinchi variant – Erondagi rejimni ag‘darish maqsadidagi keng ko‘lamli harbiy kampaniya. Bu holatda amerikalik harbiylar nafaqat harbiy idoralarning shtab-kvartiralarini, balki Islom inqilobi muhofizlari korpusining butun mamlakat bo‘ylab joylashgan ko‘plab bazalarini ham bombalashi kerak bo‘ladi.
The Telegraph 2025 yil iyunida Isroil aviatsiyasi qariyb ikki hafta mobaynida Erondagi obektlar bo‘ylab zarbalar bergani, ammo bu rejimni almashtirish uchun yetarli bo‘lmaganini eslatadi – shu tufayli bu variant tanlanadigan bo‘lsa, amerikaliklar yanada keng ko‘lamliroq va davomliroq bombalashni amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi. Tahlilchilar fikricha, nafaqat rejimning muhim funksionerlari, balki davlat nashrlari, sud va prokuratura idoralaridagi amaldorlar ham nishonga aylanishi kerak.
Bunday bombardirovka uchun amerikaliklar mintaqaga qo‘shimcha kuchlarni olib kelishiga to‘g‘ri keladi – hozirda eng yaqin joylashgan aviatashuvchi zarbdor guruhi esa Fors ko‘rfazidan bir necha ming kilometr masofada, Janubiy Xitoy dengizi hududida turibdi.
Nazariy jihatdan, AQSh ittifoqchi mamlakatlar hududlaridagi harbiy bazalarga joylashtirilgan jangovar samolyotlarni ham harakatga keltirishi mumkin, ammo bu davlatlar Eron tomonidan javob zarbalari bo‘lishidan qo‘rqib, o‘z hududidan harbiy harakatlar uchun foydalanishga ruxsat berishi dargumon.
Bundan tashqari, keng ko‘lamli harbiy tajovuz qarshisida eronliklar amaldagi rejim atrofida birlashishi mumkinligi bo‘yicha xavotir ham bor.
Ali Xominaiyning o‘ldirilishi
Eronda ommaviy norozilik namoyishlariga turtki bo‘lgan iqtisodiy inqirozni xalqaro sanksiyalarni yechmasdan ortda qoldirib bo‘lmaydi. Buni Erondagi ko‘plab yuqori martabali mulozimlar ham tushunib turibdi – faqat mamlakat oliy rahbari Ali Xominaiy bundan mustasno. Voqealar rivojining uchinchi varianti bo‘yicha AQSh rejimni osonlik bilan o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun uni o‘ldirishga urinishi ham mumkin.
Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasidan keyin eyforiyaga berilgan Donald Tramp ma’muriyati uchun bunday variant jozibali bo‘lishi mumkin. Vashingtondagilar Tehronda Xominaiy yo‘q qilinganidan keyin o‘z hokimiyatini saqlab qolish evaziga Vashington talablariga yon berishga – yadroviy ambitsiyalardan voz kechishga hamda qatag‘onlarni yumshatishga tayyor bo‘lgan odamlar topilishiga stavka qilishi mumkin.
Biroq bu yerda ham xavf-xatarlar mavjud. Birinchidan, rejim qulashidan umidvor bo‘lib, o‘limni bo‘yniga olgan holda ko‘chalarga chiqayotgan eronliklar Vashingtonning hukumat vakillari bilan kelishuvini sotqinlik deb baholashi mumkin.
Ikkinchidan, Xominaiy shia musulmonlari uchun nafaqat siyosiy, balki diniy yetakchi bo‘lib, uning o‘ldirilishi butun Yaqin Sharqdagi dinlararo munosabatlarni beqarorlashtirishi hamda mintaqada keng ko‘lamli urush xavfini tug‘dirishi mumkin.
Kiberurush
To‘rtinchi variant – to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy harakatlardan voz kechib, namoyishchilarni faolroq qo‘llab-quvvatlagan holda rejimni ularning o‘zi ag‘darishiga umid qilish.
Bunday holda, AQSh faollarga tashqi dunyo bilan aloqada bo‘lish va o‘z harakatlarini yaxshiroq muvofiqlashtirish imkonini berish uchun axborot blokadasini yengib o‘tishda kiberhujumlardan foydalanishi, shuningdek, masalan, Erondagi ko‘plab odamlarga internetga ulanish imkonini taqdim etish maqsadida Starlink terminallarining ommaviy kontrabandasini yo‘lga qo‘yish mumkin. Shu bilan birga, AQSh Eron hukumat tarmoqlariga hujum qilib, harbiylar va amaldorlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni izdan chiqarishga harakat qiladi.
Ammo ayrim tahlilchilar fikricha, vaziyat qo‘ldan boy berildi. Bunday harakatlar bir necha kun oldin amalga oshirilgan bo‘lganida namoyishchilarga ustunlik bergan bo‘lardi. Endi esa, agar tashqaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuv bo‘lmasa, Eron hukumati namoyishlarni bostira oladi, deb yozadi The Telegraph.