Jahon | 11:53
7317
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh qamalni yorib o‘tishga uringan kemaga zarba berdi

Eron sulh buzilganini ma’lum qilib, Amerika kemasiga dronlar bilan hujum qildi.

Foto: US Central Command/X

Amerikalik harbiylar qamalga qaramay, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kesib o‘tishga uringan «Tuska» (Touska) nomli kemaga zarba berdi – bu kema Eron bayrog‘i ostida harakatlangan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Truth ijtimoiy tarmog‘ida «aviatashuvchi hajmidagi yuk kemasi blokadani yorib o‘tishga uringani, ammo bu uning uchun yomon yakunlangani» haqida yozgan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, kema ekipaji ogohlantirishni e’tiborsiz qoldirgan, shu tufayli Amerika kemasi «mashina bo‘lmasida yoriq qoldirib, ularni to‘xtatgan».

Hozirda kema AQSh harbiylari nazoratida bo‘lib turibdi.

O‘z navbatida, Eron Amerikaning bu zarbasini sulhning buzilishi va «dengiz qaroqchiligi akti» deb baholadi. Eron harbiy qo‘mondonligining Tasnim axborot agentligi orqali tarqatilgan bayonotida aytilishicha, Eron Xitoydan kelgan «Tuska» nomli konteynerovozga qilingan hujumga javoban dronlar bilan amerikaliklarning bir necha harbiy kemasiga hujum uyushtirgan.

AQSh va Eron o‘rtasida tuzilgan vaqtincha sulh muddati 21 aprel kuni tugaydi.

Tehron 17 aprel kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini tijoriy kemalar o‘tishi uchun ochishini e’lon qilgandi. Ammo 18 aprel kuni suv yo‘li yana bloklandi. Eron hukumati AQSh Eron portlari qamalini to‘xtatmaguncha Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnoviga to‘sqinlik qilishda davom etishini bildirgan.

Pokistonda shu kunlarda tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tishi kutilayotgandi (birinchi bosqich 11-12 aprel kunlari o‘tkazilgandi va natijasiz tugagandi). Tramp 19 aprel kuni AQSh Islomobodga delegatsiya yuborishini ma’lum qildi, ammo Eron 20 aprel kuni Amerika blokadasi bekor qilinmaguncha, muzokaralarda ishtirok etmasligini bildirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid