Jahon | 10:23
1726
3 daqiqa o‘qiladi

Grenlandiya masalasi: YeXHT “darhol javob berishga tayyor”

YeXHT Grenlandiya atrofidagi vaziyat keskinlashsa, darhol munosabat bildiradi, deya bayonot berdi Shveytsariya tashqi ishlar vaziri, YeXHTning amaldagi raisi Inyatsio Kassis.

Foto: Ulrik Pedersen/NurPhoto/picture alliance

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Grenlandiya atrofidagi mojaro keskinlashgan taqdirda zudlik bilan chora ko‘radi. AQSh so‘nggi kunlarda bu hududga nisbatan da’volarini ochiq bildirmoqda. Bu haqda payshanba kuni, 15 yanvarda YeXHTning amaldagi raisi, Shveytsariya tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis ma’lum qildi.

“Agar nimadir sodir bo‘lsa, biz ushbu tashkilotga a’zo davlatlar darhol muzokaralar o‘tkazishni talab qilishini — masalani chuqurroq ko‘rib chiqish va qandaydir chora ko‘rishini kutib qolamiz”, — dedi Kassis Venadagi matbuot anjumanida.

YeXHT tarkibiga 57 davlat kiradi: AQSh, YeI mamlakatlari, Ukraina, Rossiya va Belarus ham shular jumlasidan. Tashkilotning asosiy tamoyillariga davlatlarning suvereniteti va chegaralarini o‘zaro hurmat qilish, shuningdek, kuch ishlatishdan voz kechish kiradi. “AQSh xalqaro huquqni nimalar buzishini, nimalar buzmasligini aniq biladi. Hozir biz vaziyatni diqqat bilan kuzatyapmiz”, — dedi Kassis.

AQSh prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiya AQShning milliy xavfsizligi, shuningdek, Arktika mintaqasi xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Uning ta’kidlashicha, u yerda Rossiya va Xitoyning faolligi kuchaygan. Tramp AQSh armiyasini ishga solib Grenlandiyani “qo‘shib olish” — “variantlardan biri” ekanini aytgan.

Shveytsariya tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi YeXHTni “o‘z tarixidagi eng jiddiy inqiroz”ga olib kirgan. Inyatsio Kassis YeXHTning “dolzarbligini saqlab qolish”ga qaratilgan islohotlar haqida e’lon qildi. Xususan, Kassis Rossiya va Belarus “ushbu tashkilot noqulay savollarni — masalan, mojarolarning ildiz sabablari kabi masalalarni hal qila olishini kutayotgani”ni ta’kidladi.

AFP agentligi qayd etishicha, 2025 yil dekabrida AQSh (Rossiyani nazarda tutib) YeXHTni “tinchlik uchun muhim bo‘lganlarning ishtirokini chekkaga surishni to‘xtatish”ga chaqirgan.

Shveytsariya tashqi ishlar vaziri YeXHTning asosiy ustuvor yo‘nalishi — Ukrainada tinchlik ekanini ham aytdi. “Sharoit imkon berishi bilan, Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka hissa qo‘shishni xohlaymiz”, — dedi u.

Mavzuga oid